Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:25

DXX hanuz qudratli, hurfikrlilik yo‘q - HRW O‘zbekistonda avtoritar tuzum saqlanib qolayotganini tanqid qildi


Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaat qilmoqda - 29 - dekabr, 2020
Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaat qilmoqda - 29 - dekabr, 2020

Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda o‘tkazilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga qaramasdan, siyosiy tuzum "asosan, avtoritarligicha qolmoqda".

Bu haqda tashkilotning 2020 - yilda dunyodagi inson huquqlarining ahvoliga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.

Unda, O‘zbekistondagi inson huquqlari himoyasiga oid yangi qonunchilik tashabbuslari olqishlangan bo‘lsa-da, prezident aytgan islohotlaru qonuniy o‘zgarishlar va’daligicha qolayotgani ta’kidlangan.

Pandemiya yilida O‘zbekistonda matbuot erkinligi cheklangani, jurnalist va jamoatchilik faollari bosim ostida qolgani, Ozodlik radiosi sayti hanuz bloklangani ham alohida xavotir uyg‘otgan jihatlardan.

Xalqaro maydonda esa, saylovda yutqazgan prezident Donald Tramp siyosati AQSh hamda dunyo davlatlaridagi inson huquqlari himoyasi uchun "falokat bo‘ldi", deya baholangan.

Avtoritar rejim

Human Rights Watch (HRW) tashkilot hisobotining ilk satrlaridayoq O‘zbekistondagi bugungi siyosiy rejimga "asosan avtoritarligicha qolmoqda" deya baho beriladi.

"O‘zbekistondagi bugungi siyosiy rejim asosan avtoritarligicha qolmoqda"

“Ko‘plab islohot va’dalari hanuz bajarilmadi. Minglab odam, asosan mo‘’tadil dindorlar, qamoqxonalarda soxta ayblovlar bilan saqlanmoqda. MXX (hozirda DXX-tahr.) keskin tanqidchilarni qo‘lga olishda hanuz katta qudratga ega va mamlakatda tom ma’nodagi hurfikrlilik yo‘q”, deyiladi hisobotda.

Shuningdek, 2019 - 2020 - yil davomida ham, qamoqlarda mahkumlarga nisbatan qiynoq va zo‘ravonlik qo‘llangani, jurnalist va faollar ta’qibga olingani, mustaqil huquq himoyachilari rasman ro‘yxatga olinmagani, majburiy mehnatga ham barham berilmaganiga oid holatlar qayd etilgan.

Parlament saylovi

HRW hisoboti boshida 2019 - yilning 22 - dekabrida o‘tgan parlament saylovlariga alohida to‘xtalgan.

Saylovning “nisbatan yaxshilangan qonunchilik va mustaqil ovozlarga nisbatan toqatlilik bilan” o‘tgani, ammo hanuz asl raqobat muhitining yetishmasligi hamda saylov talablariga to‘liq rioya qilinmagani aytiladi.

“Ro‘yxatga olingan 5 partiyaning barchasi hozirgi hukumat ma’muriyatiga moyil ko‘riladi va saylovga aynan o‘shalar qo‘yilgan. Biroq birorta muxolif partiya yoki mustaqil nomzod saylovga qo‘yilmadi”, deyiladi hisobotda.

Ozodlik bu saylovlarga bag‘ishlangan maxsus dastur hozirlagan va dasturda ishtirok etgan siyosiy tahlilchi hamda faollar, HRW yillik hisobotida qayd etilgan muammolarni alohida sanagan edi.


Siyosiy mahbuslar va reabilitatsiya


HRW hisobotida 2016 - yilning sentabri – Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon – 50 dan ortiq siyosiy motivdagi ayblovlar bilan qamalgan mahbus, xususan, inson huquqlari himoyachilari, jurnalist va muxolifat vakillarining ozod etilgani olqishlangan.

Shuningdek, yuzlab dindor mahkumlar ozod etilgani keltirilgan, ammo ko‘plab sobiq mahkumlar hanuz reabilitatsiya qilinishini kutayotgani aytilgan.

Jumladan, o‘tgan yil avgustida navoiyshunos olim Akrom Malikov va Rustam Abdumannopovlar, mustaqil dindor, deya ta’riflangan Ruhiddin Faxrutdinov, mustaqil huquq faoli sifatida ta’riflangan Iskandar Xudoyberganov, nohaq ayblov bilan 10 yil qamoqda o‘tirgani sud qarori bilan tan olingan huquq himoyachisi Cho‘yan Mamatqulovlarning nomi sanalgan.

AQSh Kongressining Inson huquqlari bo‘yicha eksperti, muqaddam HRWning O‘zbekistondagi vakili bo‘lgan Stiv Sverdlouning fikricha, O‘zbekistonda marhum prezident Islom Karimov davridan beri saqlanib kelgan cheklovlarning tub mohiyati hanuz o‘zgargani yo‘q:

- O‘zbekiston qonunchiligidagi cheklovlar hanuz juda jiddiy. Shuningdek, O‘zbekiston qamoq va hibsxonalarida hanuz diniy e’tiqodi uchun qamalgan, qiynoqqa tutilgan mahbuslar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu insonlar taqdiri bilan bog‘liq ko‘plab hal qilinmagan masalalar bor. Ehtimol, bunday mahbuslar soni hanuz minglabni tashkil qilar.

Stiv Sverdlouning qayd etishicha, O‘zbekistonda hanuz bir guruh odamni diniy motivdagi ayblovlar bilan qo‘lga olish yoki sudlash jarayonlari yopiq holda davom etmoqda, ammo bunday amaliyot ko‘lami ancha toraygan.

Josuslik ishlari


Shuningdek, bu hisobotda 2016 - yildan buyon O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomondan josuslikda ayblanib, qamoqqa tashlangan yana bir toifa mahkumlar alohida xavotir bilan qayd etiladi.

"O‘zbekiston maxsus xizmatlari, 2018 - yilda bu tuzilma vakolatini qisqartirish qaroriga qaramasdan, juda katta qudratni saqlab qoldi, bu qudratni hukumatning tanqidchisi ko‘rilgan shaxslarni ta’qib qilish va qo‘lga olishda qo‘llashda davom etdi. Ular hukumat dushmani ko‘rilgan shaxslarni qo‘lga olish va ularni davlatga xiyonat qilish kabi ayblovlar bilan ayblashda davom etdi", deyiladi hisobotda jumladan.

Bular sobiq diplomat Qodir Yusupov, Mudofaa vazirligi nashrida ishlagan jurnalist Vladimir Kaloshin, harbiy zobitlar Ravshan Qosimov hamda Alisher Ochildiyevlardir.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 157-moddasi bilan boshqa davlat foydasiga josuslikda ayblanganlar soni esa mamlakatda 11 nafarga yetdi. Ularning asosiy qismi prezident Sh. Mirziyoyev davrida ozodlikdan mahrum etildi.

Hisobotda bu shaxslar ustdan sud majlislarining yopiq o‘tgani, qamoqqa tashlangach, ularning yaqinlariga ko‘rsatilmagani va tegishli tartibda tibbiy yordam olmayotgani haqida oilasi hamda advokatlarining shikoyatlari tilga olingan.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov fikricha, prezident Mirziyoyev davrida kuzatilgan "shpionlik ishlari" ikki holat bilan bog‘liq:

- Birinchisi, Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirilishi bilan uning xodimlarida, bu xizmat hamda o‘zlarining mamlakatga kerakligini tasdiqlashga undovchi motiv paydo bo‘ldi. Ishning uydirilganini yashirish esa qiyinmas, chunki bunaqa ishlar bo‘yicha sud va tergov jamoatchilik uchun yopiq bo‘ladi. Maxfiylik, degan bahona bilan istalgan mantiqsizlik, istalgan noprofessional ishni yashirish mumkin. Bundan tashqari, bunaqa kichkina figuralarni orqasida qo‘llaydigan kuch ham yo‘q. Tergovchilar yuqori lavozimdagi shaxslarga teginib ketishdan o‘zini juda ehtiyot qilishadi. Ikkinchi sabab esa, bu xizmatning korrupsiyalashganidir.

Qiynoqlar masalasi


HRW hisobotida 2019 - yilning noyabr oyida O‘zbekiston Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etgani ijobiy qadam sifatida keltirilgan.

Bundan tashqari, 2020 - yilning mayida O‘zbekiston hukumati, qiynoq da’volariga oid tergovlar hamda qiynoq qurbonlarini reabilitatsiya qilish kabi masalalarni ko‘rib chiqadigan Qiynoqlarning oldini olish qo‘mitasi tuzish rejasini e’lon qilgani ham eslatilgan.

Ozodlik o‘tgan yil davomida qiynoq qo‘llangani va bu holatlar O‘zbekiston IIV tomonidan tan olinganiga oid holatlarni yoritib bordi.

O‘tgan yilda hibsxona yoki qamoqda qiynoq qo‘llanganiga oid holatlarni mahalliy internet nashlari ham yoritgani va ularning murojaatlariga huquq-tartibot idoralari rasmiylari javob berishga uringani qayd etildi.

Ammo HRW hisobotida, O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga oid Fakultativ protokolni hanuz ratifikatsiya qilmagani aytilgan.

Ushbu protokolni imzolagan davlatlar, mustaqil xalqaro institutlarga qamoqxona va hibsxonalarga kirish hamda vaziyatni mustaqil o‘rganishi uchun ruxsat berishi kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda esa qamoqxonalar hanuz mustaqil huquq himoyachilari uchun yopiqligicha qolmoqda.

O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995 - yilda ratifikatsiya qilgan.

Covid-19 cheklovlari

O‘zbekistonda 2020 - yilning 15 - martida koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlangach, mamlakat rahbariyati virus yoyilishi oldini olishga qaratilgan keng chora-tadbirlar dasturini qo‘lladi.

HRW hisobotida bu tadbirlar orasida, Covid-19 tarqalishiga oid yolg‘on axborot uchun jazo joriy etilishi va bu jazoning mamlakat qonunchiligiga kiritilgani tanqid qilingan.

O‘zbekistonda pandemiya boshidayoq 1994 - yil 22 - sentabrda qabul qilingan Ma’muriy javobgarlik kodeksiga “Yolg‘on ma’lumotlar tarqatish” to‘g‘risidagi 189-2-modda qo‘shildi.

Unda ommaviy axborot vositalari yoki internet orqali "haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni bila turib tarqatish" taqiqlandi va buning uchun "fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa qirq baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima” belgilandi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, ya’ni 257-1-moddasida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlik uchun BHM (bazaviy hisoblash miqdori - tahr.) ning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash nazarda tutilgan.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, ya’ni 54-moddasida qayd etilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik holati bo‘yicha — fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari hisobotda, pandemiya paytida onlayn ta’limga o‘tkazilgan 8 milliondan ortiq maktab o‘quvchisini sifatli ta’lim bilan ta’minlashda muammolar bo‘lgani, BMT agentliklari hukumatni maktablarda toza suv va sanitariya vositalari ta’minoti muammolarini hal qilishga chaqirgani qayd etilgan.

Shuningdek, karantin markazlarida va kovid shifoxonalarida mobil telefon va boshqa aloqa vositalarining olib qo‘yilishi noto‘g‘ri bo‘lgani aytiladi.

Ozodlikka bu borada ko‘plab shikoyatlar kelgan va pandemiya cheklovlari amal qilgan davrda Ozodlik, bugungi hisobotda qayd etilgan muammolarni muttasil yoritib bordi.

Matbuot erkinligi


HRW hisobotida, 2020 - yilda media faollik oshgani, ammo shunga qaramasdan axborot vositalari hukumat yo‘rig‘idan chetga chiqolmagani ta’kidlangan.

O‘zbekistondagi axborot vositalarining asosiy qismi hanuz davlat nazoratida ekani, ichki senzura kuchliligi, erkin yozgan jurnalistlar esa hanuz ta’qibga uchrab, ba’zan hibsga olinishi qayd etilgan.

“2019 - yilning dekabrida O‘zbekistonda avval taqiqlangan vebresurslar, jumladan Buzzfeed, SoundCloud musqiy platformasi, Wayback Machine internet arxiviga qo‘yilgan blok olib tashlandi. Ammo ayni vaqtda inson huquqlarini himoya qiluvchi resurslar, shu jumladan, Markaziy Osiyoda inson huquqlari, Inson huquqlari xalqaro hamkorligi, Norvegiyadagi Xelsinki qo‘mitasi, O‘zbekiston inson huquqlari forumi hamda Ozodlik radiosi sayti yopiq turdi”, deyiladi hisobotda.

Hisobotda o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullayevga nisbatan ilgari surilgan ayblov, uning Qirg‘izistondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani ham alohida eslatilgan.

23 - oktabr kuni O‘zbekiston DXX jurnalistga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yopilgani va uning harakatlanishiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanganini ma’lum qilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Jinsiy ozchilik va gender tenglik

HRW hisobotida 2020 - yil davomida ham geylar, lesbiyanlar, biseksual va transgenderlar ta’qibda bo‘lgani, ularning jamiyatdagi “chuqur gomofobiya” hamda diskriminatsiya qurboni bo‘lib qolgani tilga olingan.

Ayollar huquqlari borasida esa, majburiy va erta nikoh, oilada zo‘ravonlik va bunday zo‘ravonlikka uchragan ayollar himoyasining zaifligi jiddiy muammolar sirasida sanab o‘tiladi.

“Oilada zo‘ravonlikka oid xabarlarning Covid-19 pandemiyasi bois e’lon qilingan karantin paytida oshgani kuzatildi”, deyiladi hisobotda.

Majburiy mehnat

2020 - yil davomida O‘zbekistonda majburiy mehnat amaliyoti kuzatilgani, hatto bolalar mehnati avvalgi yildan ko‘proq qayd etilgani keltirilgan.

Jumladan, O‘zbekiston inson huquqlari "O‘zbek forumi"ning, 15 - sentabrdan boshlangan paxta terimida yosh bolalarning o‘tgan yilgidan ko‘proq jalb etilishi kuzatilgani, aftidan, “maktablar karantinga yopilgach, bolalar oila daromadini oshirishda yordam berishi uchun dalaga olib chiqilgan”, degan xulosasi keltirilgan.

“O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar mehnatini tugatish uchun juda jiddiy harakat qildi, biroq bu sohada fuqarolar majburiy mehnatdan foydalanish hanuz keng ko‘lamda davom etmoqda”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro Mehnat tashkilotining qayd etishicha, 2019 - yilda bu tashkilot O‘zbekistonda paxta terimiga majburlashga oid 102 mingta holatni aniqlagan.

Ozodlik 2020 - yil paxta kampaniyasi davrida majburiy mehnatga oid, O‘zbekistonda kuzatilgan o‘nlab holatni yoritdi.

XS
SM
MD
LG