Afg‘onistonda Tolibon tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanalida yirik avariya yuz bergan. “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiya ekspertlari sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar asosida Amudaryodan suv olayotgan kanal o‘pirilib, katta hajmdagi suv atrofga yoyilganini aniqlaganlar. Ekspertlar ushbu bahsli inshoot qurilishi suv zahiralari yetishmayotgan mintaqa uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirib kelishadi.
Rivers.Help! sayti xabariga ko‘ra, “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi ekspertlari 10-dekabrdagi so‘nggi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganish otidan shunday xulosaga kelganlar. Ekspertlarning ishonishicha, mazkur avariya oqibatida katta hajmdagi suv Qo‘shtepa kanali qirg‘og‘ini o‘pirib, uning yonida sun’iy ko‘l hosil qilgan.
Amudaryodan sezilarli hajmda suv olayotgan kanalning birinchi bosqichi shu yil oktabrida ishga tushirilgan edi. Ekspertlar fikricha, o‘pirilish kanal suvga to‘la boshlagan ilk oydayoq sodir bo‘lgan va avariya oqibatlari haligacha bartaraf qilinmagan.
Tasvirlar Yevropaning Sentinel-2 sun’iy yo‘ldoshi vositasida olingan bo‘lib, ularni o‘rganish jarayonida kanalning qirg‘oq to‘g‘oni suv bosimini ko‘tara olmagan va kanaldan sizib chiqqan suv ulkan hududga yoyilib ketgan.
“Kanal qirg‘og‘ini o‘pirib chiqqan suv kuchi va hajmi uzunligi to‘qqiz kilometrga uzangan xalqob hosil qilgan. Ramziy tomoni shuki, agar bu ulkan ko‘lmakka orbitadagi sun’iy yo‘ldosh optikasi orqali qarasangiz, u boshqa bir gigant – tirannozavr shakliga ega. Ustiga ustak, yangi tavsirlar ko‘lob maydoni to‘xtovsiz kattalashib borayotganini ko‘rsatmoqda, bu esa toliblarda vaziyatni tuzatish imkoniyati yoki istagi yo‘qligidan dalolat berishi mumkin”, deya qayd etgan “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Aleksandr Kolotov.
Ayni paytda Tolibon vakillari Qo‘shtepa kanalidagi avariyaga oid xabarlarga nisbatan rasmiy munosabat bildirgani yo‘q. Bu borada Tolibon rasmiylaridan izoh olishga uringan Kobuldagi jurnalistlardan birining Ozodlikka aytishicha, toliblar Qo‘shtepada favqulodda hodisa yuz berganini rad etishmoqda. Tolibon vakili “kanal ustidan ko‘prik qurish maqsadida ma’lum hajmdagi suv atrofdagi dashtlikka chiqazilgani”ni, ko‘prik qurish ishlari esa boshlanganini aytgan.
Ekologlar Qo‘shtepa kanali qurilishi boshidan buyon uning butun mintaqa uchun, ayniqsa Amudaryo quyida joylashgan O‘zbekiston va Turkmaniston uchun halokatli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligi xususida bong urib kelishadi.
Gidrogeologiya bo‘yicha turkmanistonlik ekspertlardan biri Ozodlik bilan suhbatda zimmasida hech qanaqa xalqaro majburiyat va mas’uliyat bo‘lmagan Tolibon harakati tomonidan kanal qurilishi “haqiqiy ofat”ga aylanishi mumkinligini aytgan.
Ozodlikning turkman xizmatidan ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan mutaxassisga ko‘ra, bu o‘rinda O‘zbekiston va Turkmaniston qishloq xo‘jaligi suvning ancha qismidan mahrum bo‘lishi haqida ilmiy jihatdan asoslangan ma’lumotlar bor.
Joriy yilning mart oyida Ozodlikning o‘zbek xizmati “Tolibonning "halokatli kanali". O‘zbekiston nega jim?” sarlavhali maqola va videomaterialni e’lon qilgan edi. Unda mutaxassislar mazkur kanal uchun Amudaryodan suv olinishi oqibatida O‘zbekiston suv zaxirasi yanada ozayishi va bu qurg‘oqchilikka sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirishgan.
Ekologlar hatto avariyalarni hisobga olmagan taqdirda ham Qo‘shtepa kanali Amudaryo suvlarining 15-20 foizini olib qo‘yishini urg‘ulashmoqda. Amudaryoning yuqori qismida Vaxsh daryosida qurilgan Rog‘un GESining foydalanishga topshirilishi mintaqadagi suv bilan bog‘liq vaziyatni yanada murakkablashtirib yuborishi mumkin.
“Kelajakdagi muhtamal ssenariylar haqida aniq tushunchaga ega bo‘lish va suv inqirozining oldini olish uchun Afg‘oniston va Tojikiston hududlarida hozirda qurilayotgan megaloyihalarning barchasini hisobga olgan holda Amudaryo havzasidagi barcha suv xo‘jaligi kompleksi rivojlanishi bo‘yicha strategik ekologik baholash o‘tkazilishi talab etiladi”, deb hisoblaydi “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi xalqaro koordinatori, Yangi Janubiy Uelьs universiteti (Avstraliya) doktoranti Yevgeniy Simonov.
Loyihaga ko‘ra uzunligi 285 kilometr, eni 100 metr, chuqurligi 8 metr bo‘lgan Qo‘shtepa kanali qurilishi 2022-yilning mart oyida boshlangan. Oktabr oyida toliblar kanalning 103-kilometrga uzangan qismini ochib, uni Amudaryo suvi bilan to‘ldira boshlashgan.
Markaziy Osiyoda suv zaxiralaridan foydalanish mintaqadagi beshta mamlakat tomonidan 1992-yili Qozog‘istonda imzolangan edi.
Bundan tashqari, Amudaryo havzasidagi suvni taqsimlash bo‘yicha BMTning Transchegaraviy ochiq suv oqilari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish hamda foydalanishga oid konventsiyasiga amal qilinadi. 1992-yilning mart oyidan buyon amalda bo‘lgan bu xalqaro konventsiyaga O‘zbekiston 2007-yilning 3- dekabrida qo‘shilgan.
Afg‘oniston suv zaxiralaridan foydalanishga oid mintaqaviy shartnomani ham, BMT konvensiyasini ham imzolagan emas.