Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:37

Energetika inqirozi: "Farg‘onaazot"da ish to‘xtadi, tadbirkorlik subyektlari gazdan uzilmoqda


"Farg‘onaazot" AJ
"Farg‘onaazot" AJ

O‘zbekistondagi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan yirik zavodlardan biri “Farg‘onaazot” AJ ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Bunga korxona iste’mol qiladigan tabiiy gaz yetishmovchiligi sabab bo‘ldi.

Zavod ishchilarining Ozodlikka aytishicha, 10-noyabrdan boshlab gaz bosimi yetarli bo‘lmagani uchun ammiak ishlab chiqarish sexlarida faoliyat to‘xtagan.

Noyabr oyidan boshlab ishchilarning maoshi ham keskin qisqargan. Ular qo‘shimcha to‘lov, mukofot va yordam pulini ololmayapti.

Korxona ma’muriyati Ozodlikka gaz berilmayotgani sabab ish vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqladi.

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, gaz va elektr energiyasi taqchilligidan o‘rta va kichik biznes ham katta zarar ko‘rmoqda.

“Farg‘onaazot” AJ ishchilarining Ozodlikka yozishicha, 10-noyabrdan boshlab korxonaga gaz yetkazib berish to‘xtatilgan:

“Zavodda ishlab chiqarish to‘xtaganligi sababli noyabr oyi uchun ishchilarning lavozim okladiga qo‘shimcha 060, 170, 171 to‘lov turlari, mukofot va yordam pullari to‘lash to‘xtatildi. Ishchilar smenali grafikdan kunduzgi grafikka majburlab o‘tkazilmoqda. Qish yaqin, hammaga pul kerak bo‘lgan vaqtda bunday tarzda ishchilarning oyligini qirqish noinsoflikku. Agar zavodimizga tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilsa biz ishdan qochmaymiz, vatanimiz ravnaqi uchun ishlashga tayyormiz. Bu holatlarning sababchisi bo‘lgan mas’ullarga qattiq chora ko‘rilsin”.

Ozodlik suhbatlashgan zavod ishchilarining aytishicha, ish asosan ishlab chiqarish sexlarida to‘xtagan:

“Bizda selitra, karbamid singari qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan o‘n xildan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlar esa ammiakdan olinadi. Gaz yo‘qligi sabab ammiak ishlab chiqaradigan sexlar ishlamayapti, bu esa o‘z navbatida boshqa sexlarning ham ishlamasligiga sabab bo‘lyapti”, deydi ismini ochiqlashni istamagan ishchilardan biri.

Boshqa ishchining aytishicha, har yili gaz taqchilligi sabab zavod dekabr oyining oxirida ishlab chiqarishdan to‘xtatilib, ta’mirlash ishlari olib borilardi. Bu yil esa deyarli ikki oy oldin ish to‘xtagan:

“Ishimiz og‘ir va salomatlikka zarari bor. Oylikning o‘zi o‘rtacha 2-2,5 million so‘m atrofida. Qo‘shimcha to‘lovlar bilan 3-4 million so‘mgacha olardik. Noyabr oyligimiz esa o‘sha to‘lovlarsiz chiqdi. Korxonada olti mingdan ortiq odam ishlaydi. Hozir shularning qariyb besh ming nafari ishsiz qoldi. Majburiy otpuskaga chiqarilyapti, qolganlar ishga boryapmiz, lekin mayda-chuyda ishlarni qilib yuribmiz. Bu ahvolda qishda yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladigan bo‘lishi aniq”.

“Farg‘onaazot” AJ boshqaruvi raisining yordamchisi Zuhriddin Komilov zavod faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqladi:

“To‘g‘ri, gaz yo‘qligi sababli zavod to‘xtadi. Gaz tepadan berilmayapti. Lekin ishimiz to‘xtagani yo‘q, kerakli joylarda remont ketyapti. Ishchilarning maoshi haqida hali konkret rasmiy buyruq chiqmagan. Shunday gap-so‘zlar yuribdi, ishchilar shunga xavotirlanayotgan bo‘lishi mumkin”.

Tabiiy gaz va elektr enegiyasi taqchilligi kichik va o‘rta biznesga ham katta zarar keltirmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 17-noyabrdagi farmonidan keyin Rishtonda kulolchilik markazi qurilgan va turizmni rivojlantirish maqsadida kulollarga uzluksiz gaz yetkazib berishga va’dalar berilgan edi.

Ammo, 10-noyabrdan boshlab bu markazga ham gaz berish to‘xtatildi. Tuman hokimi S.Soliyev Investitsiya va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari B.Rahimovga yozgan maktubida agar gaz yetkazib berish to‘xtatilsa, sanoat zonasi korxonalarida ishlab kelayotgan fuqarolar ishsiz qolishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Rishton tumani hokimi S.Soliyevning maktubi
Rishton tumani hokimi S.Soliyevning maktubi

O‘zbekistonda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar ham minglab kichik korxonalarning ish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rstamoqda.

Andijon viloyat, Baliqchi tumanidagi mebel ishlab chiqaruvchi korxona rahbarining aytishicha, kuniga bir necha marta svet o‘chadi va kuniga ular avval o‘nta mebel ishlab chiqargan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich beshtaga tushib qolgan.

Samarqand viloyat Urgut tumanidagi mebel ishlab chiqarish kichik korxonasining ismi sir qolishini so‘ragan direktori ham ishchilari bekor qolganini aytadi:

“Bizda ham shu ahvol. 24 soat ichida 4 yoki 5 soat svet beradi. U ham bo‘lsa uzib-uzib. Bunaqada ish bo‘ladimi. O‘tgan yili sal tuzukroq edi, bu yil esa hali qish kirmasdan turib ishsiz qolyapmiz”.

Ozodlik suhbatlashgan qashqadaryolik, surxondaryolik tadbirkorlar ham gaz va svet taqchilligidan shikoyat qildi.

O‘tgan hafta o‘zbekistonlik mutaxassislar gaz taqchilligi mamlakatda blekautga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirishgan. 16-noyabr kuni Toshkentdagi matbuot brifingida Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev energetika tizimidagi uzilishlardan tadbirkorlar ko‘radigan zararni hisoblash metodikasi yo‘qligini e’tirof etgan:

“Bizda blekautning biznesga yetkazgan zararini hisoblash metodikasi yo‘q, shuning uchun yangi qoidalarni kuchga kiritishimiz kerak. Unda elektr energiyasidagi uzilishlar natijasida biznes ko‘rgan zararni hisoblash va qoplab berish tartibi ham aks etadi. Tadbirkorlardan takliflar kelib tushsa, shu qoidalarni o‘zgartiramiz”, – dedi vazir o‘rinbosari.

Rasmiylarning bildirishlaricha, O‘zbekistonda elektr energiyasining 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqiladi. Buning uchun gaz va ko‘mir ishlatiladi. Energetika vazirligi va uning tuzilmalari IESlar uchun qish mavsumida gaz bilan yetarli darajada ta’minlanmagani uchun inqiroz yuz berayotganini tan olgan.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan kunlik ehtiyoji 245 mln kVt/soatga tengligini, ammo bugungi kunda sutkasiga faqat 230 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish zaxirasi mavjud. O‘zbekistonga kuniga 15 mln kVt/soat elektr quvvati yetishmaydi.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil dekabridagi prezident saylovlari arafasida aholining elektr va gaz muammosini hal qilishga va’da bergan edi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholining elektr va gaz muammosi dolzarbligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG