Eronning Janubiy Xuroson viloyatidagi ko‘mir konida 21-sentyabr kuni ro‘y bergan portlashda kamida 30 kishi halok bo‘ldi, 17 kishi jarohatlandi, deya ma’lum qildi viloyat hokimi Muhammad Javod Kenat.
Eron davlat televideniyesi portlash metan gazi sizishib chiqishi oqibatida ro‘y bergani haqida xabar berdi.
Favqulodda hodisa poytaxt Tehrondan 540 kilometr janubi-sharqda joylashgan Tabas shahrida sodir bo‘lgan.
Portlash arafasida konda 70 ga yaqin ishchi bo‘lgani, ularning 24 nafari shaxta ichida qolayotgani aytilmoqda.
Rasmiy xabarlarga qaraganda, Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon “qopqonga tushib qolganlar”ni qutqarish uchun barcha choralarni ko‘rish va holat yuzasidan tergov o‘tkazishga buyurgan.
Eron Qizil yarim oy jamiyati hududda qidiruv-qutqaruv amaliyoti davom etayotgani, ammo konda gaz yig‘ilgani maxsus xodimlar ishini qiyinlashtirayotgani haqida xabar berdi.
Eron konlarida insoniy talafotlarga olib keluvchi portlashlar tez-tez ro‘y berib turadi. Bunga esa xavfsizlik standartlari pastligi sabab o‘laroq ko‘rsatiladi.
2023-yili Damg‘on konida ro‘y bergan portlashda 6 kishi, 2017-yili Ozodshahr shahrida ro‘y bergan portlashda esa 43 kishi halok bo‘lgan edi.