Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:28

Eronda axloq politsiyasi zo‘ravonligiga qarshi boshlangan namoyishlar to‘xtamayapti


Eronda davom etayotgan namoyishlarda to‘rt nafar politsiyachi yaralangan, bir nafar politsiya yordamchisi olgan jarohatlaridan vafot etdi. Payshanba kuni qator shaharlarda kechgan namoyishlarda politsiya idoralari va avtoulovlariga o‘t qo‘yildi. Norozilik chiqishlari 22 yoshli ayol axloq politsiyasi qo‘lida o‘lganidan keyin boshlanib ketgandi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklardan boshlangan namoyishlar yoyilishini to‘xtatish uchun hukumat poytaxt Tehron va Eronning Kurdiston mintaqasida internet aloqasini cheklagan.

Eron viloyatlaridan birining hokimi uch nafar namoyishchi halok bo‘lganini tasdiqladi. Inson huquqlari tashkiloti esa boshqa joyda yaralangan yana bir namoyishchi halok bo‘lganini bildirdi.

Eron axloq politsiyasi tomonidan hijobi yaxshi o‘ralmagani uchun hibsga olingan Mahsa Aminiy o‘limi butun Eron bo‘ylab norozilik chiqishlariga sabab bo‘ldi.

Ko‘pgina eronliklar, ayniqsa, yoshlar uchun Aminiyning o‘limi Eronda axloq politsiyasi yosh ayollarga nisbatan tobora zo‘ravonlik bilan munosabatda bo‘layotganining yana bir isbotidir.

Rasmiy IRNA axborot agentligi 21-sentabr kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, 20-sentabr kuni janubiy Sheroz shahrida to‘rt nafar politsiyachi jarohat olgan, bir politsiya yordamchisi halok bo‘lgan.

«Seshanba kuni kechqurun ba’zilar politsiyachilar bilan to‘qnashdi va natijada politsiya yordamchilaridan biri halok bo‘ldi. Ushbu hodisada Sherozda yana to‘rt politsiyachi jarohat oldi», deyiladi IRNA xabarida.

Agentlik 20-sentabr kuni Sherozda 15 namoyishchi hibsga olinganini xabar qildi.

IRNA agentligiga ko‘ra, tunda Sherozdan tashqari poytaxt Tehron va boshqa yirik shaharlarda, jumladan, Mashhad, Tabriz, Rasht va Isfahon shaharlarida ham mitinglar bo‘lib o‘tgan.

Kurdiston viloyati hokimi Ismoil Zareykosha viloyatda norozilik namoyishlarida uch kishi noma’lum sabablarga ko‘ra halok bo‘lganini tasdiqladi.

Zareykosha xavfsizlik kuchlari o‘limlar uchun javobgar emasligini ta’kidladi. Rasmiy o‘limlarda «Eron dushmanlarini» aybladi.

Eron g‘arbidagi kurdlar yashovchi hududlarni kuzatuvchi Hengaw inson huquqlari tashkiloti 20-sentabr kuni ikki kun oldin Mahobodda xavfsizlik kuchlari yaralagan ayol Hajar Abbosiy nobud bo‘lganini ma’lum qildi.

Eron axloq politsiyasi Aminiyni 13-sentabr kuni Tehronda hibsga olgan. Aminiy poytaxtga mamlakatning g‘arbiy kurd mintaqasidan kelgan bo‘lgan. U politsiya bo‘limida hushidan ketgan va uch kundan keyin vafot etgan.

Politsiya uni hijobini juda ochiq o‘rgani uchun hibsga olgan. Eronda ayollardan jamoat joylarida sochlarini to‘liq qoplaydigan tarzda ro‘mol o‘rash talab qilinadi.

Politsiya Aminiyga yomon munosabat qilinganini rad etib, u yurak xurujidan vafot etganini aytmoqda. Prezident Ibrohim Raisiy Aminiy o‘limi bo‘yicha tergov o‘tkazilishiga va’da qildi.

Aminiyning otasi qizi hech qanday kasallikdan aziyat chekmaganini aytib, uning o‘limida politsiyani aybladi. Otaning so‘zlariga ko‘ra, hibsda Aminiyning oyoqlari ko‘kargan.

Bu orada yuqori martabali tibbiyot xodimi Aminiyning tanasi tasvirlari asosida rasmiylarning izohlarini shubha ostiga oldi.

20-sentabr kuni Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kananiy «xorijiy aralashuvchi kuchlarni» qoraladi.

«Ba’zi davlatlar tergov qilinayotgan hodisadan Eron hukumati va xalqiga qarshi siyosiy maqsad va istaklarini amalga oshirish uchun imkoniyat sifatida foydalanishga urinayotgani achinarli holatdir», - dedi u.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif «Mahsa Aminiyning hibsdagi o‘limi hamda xavfsizlik kuchlarining norozilik namoyishlariga zo‘ravonlik bilan javob qaytarayotganidan» xavotir izhor qildi.

XS
SM
MD
LG