Asli eronlik bo‘lgan Germaniya fuqarosi Jamshid Sharmahd Eronda qatl etilgan. Bu haqda 28-oktyabr kuni Eron adliyasining rasmiy portali bo‘lgan Misan ma’lumot tarqatdi.
Qatl dushanba kuni ertalab amalga oshirilgan. Eronda qatl hukmi odatda dorga osish yo‘li bilan ijro etilgan. DPA agentligining aniqlik kiritishicha, huquqbonlar va Sharmahdning AQSHda yashovchi qizi sudlanganni qutqarish uchun oxirigacha kurashishgan. Hukmga muvofiq, Sharmahd “Yer yuzida korrupsiyaning tarqalishi”da aybdor – bu jumla islom fundamentalistlariga ko‘ra o‘lim bilan jazolanadigan og‘ir jinoyatni anglatadi.
Muxolifatdagi Xristian-demokratlar ittifoqi/Xristian-sotsialistlar ittifoqi (XDI/XSI) blokidan GFR kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers Eron rasmiylari “mudhish jinoyat”ga qo‘l urganini bildirdi.
“Eron rejimi yana bir marta o‘zining g‘ayriinsoniy xarakterini namoyish etdi”, deya qayd etdi siyosatchi. U Germaniya hukumatini sodir bo‘lgan hodisaga “qat’iyat” bilan javob berishga undadi.
“Eron bilan “sokin diplomatiya” yondashuvi muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi”, deya iqtibos keltirgan Mers so‘zlaridan “Nemis to‘lqini”.
GFR tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok qatlni qoralab chiqdi. Unga ko‘ra, bu masalani hal qilish uchun Eronga bir necha bor yuqori lavozimli mulozimlar yo‘llangan. Berbok Germaniya fuqarosining qatl etilishi jiddiy oqibatlarga olib kelishini urg‘ulagan.
Sharmahdning yaqinlariga ko‘ra, u so‘nggi bir necha yilda AQSHda istiqomat qilgan. Eron xavfsizlik xizmatlari xodimlari uni 2020-yili Dubayda bir uchoqdan ikkinchi uchoqqa chiqish chog‘ida o‘g‘irlab ketishgan. Eron rasmiylari o‘shanda uni muxolifatdagi “Tondar” guruhi lideri deb hisoblashar edi. Bu guruh Eronda terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan.