Eron rasmiylari mamlakatda WhatsApp messenjeri va Google Play ilovalar do‘konidan foydalanishga taqiqni bekor qilishdi. Bu haqda davlatga qarashli IRNA axborot agentligi xabar qildi.
Avvalroq Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon internetda taqiqni yumshatishni va’da qilgan edi. Mazkur qaror qachondan kuchga kirishi hozircha ma’lum emas. Eron Islom Respublikasining axborot xavfsizligi bo‘yicha oliy kengashi o‘z majlislarini yopiq eshiklar ortida o‘tkazadi va uning a’zolari ovozlari ochiqlanmaydi. Ayni paytda Eron aloqa vaziri Sattor Hoshimiy Internetdagi cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha ilk odim “bir ovozdan va o‘zaro kelishilgan holda” otilganini ma’lum qilgan.
“Sharq” islohotchi gazetasining yozishicha, Eron parlamentidagi 290 deputatdan 136 nafari kengashga xat yo‘llab, Google Play ilovalar do‘koni va WhatsApp messenjeridan foydalanishga taqiqning bekor qilinishi Eron dushmanlari uchun “sovg‘a” bo‘lishini bildirishgan.
Bu orada 2009-yildan buyon amalda bo‘lgan Facebook, X, Telegram va YouTube blokirovkasi hali ham o‘z kuchida qolmoqda.
Google Play ilovalari va WhatsApp Eronda 2022-yili 22 yoshli toliba Mahsa Aminiyning o‘limi ortidan boshlangan norozilik chiqishlaridan keyin blokirovka qilingan. Axloq politsiyasi uni hijobini noto‘g‘ri o‘ragani uchun qo‘lga olgan va keyinroq qiz “yurak xurujiga uchragan”ini bildirgan. Aminiyning yaqinlari toliba politsiyachilar tomonidan o‘lgunicha kaltaklanganini ta’kidlashmoqda.
Norozilik namoyishlari bir necha oy davom etgan va bu Eronning muhofazakor rahbariyatiga qarshi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng jiddiy chaqiriqlardan biri bo‘lgan. To‘qnashuvlarda yuzlab odam nobud bo‘lib, minglab odam hibsga olingan, namoyishchilar ichidan bir necha kishi qatl etilgan.