Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:05

Eronning muvaqqat prezidenti Muhammad Moxber kim va uning Kreml bilan aloqasi qanday?


Muhammad Moxber. 25-noyabr, 2021
Muhammad Moxber. 25-noyabr, 2021

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy 19-may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lishi ortidan birinchi vitse-prezident Muhammad Moxber 20-may kuni prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Falokat haqidagi dastlabki xabarlar yakshanba kuni kechqurun kela boshladi, biroq qutqaruvchilar prezident vertolyoti qoldig‘ini faqat ertalab topishdi: u qulagan tog‘larda kuchli yomg‘ir va tuman bo‘lgan ekan. Aftidan, vertolyotning Eron-Ozarbayjon chegarasi yaqinida halokatga uchrashiga aynan ob-havo sharoiti sabab bo‘lgan. Raisiy Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan Araks daryosidagi to‘g‘on ochilish marosimida ishtirok etib, Eronning Ozarbayjon bilan chegaradosh Sharqiy Ozarbayjon viloyatidan qaytayotgan edi. Prezident kortejida uchta vertolyot bo‘lgan, biroq faqat bittasi halokatga uchragan.

Eronda Raisiy vafoti munosabati bilan besh kunlik motam e’lon qilindi.

Раисийдан сўнг Эронни нима кутмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:57 0:00

Muhammad Moxber haqida nima ma’lum?

Eron Konstitutsiyasining 131-moddasiga ko‘ra, prezident vafot etgan taqdirda uning vakolatlari birinchi o‘rinbosariga o‘tadi. 2021-yildan buyon bu lavozimni Muhammad Moxber egalladi. Undan oldin, 2007-yildan beri u Eronning sobiq ruhoniy rahbari oyatulloh Ruhulloh Humayniyning topshiriqlarini bajarish shtabiga rahbarlik qilgan.

Moxber qay darajada Eron hokimiyat piramidasida doimiy shaxs ekanligini aytish qiyin: Eronda 50 kun ichida navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak. Konstitutsiyaning xuddi shu moddasiga ko‘ra, saylovlar "parlament spikeri, sud hokimiyati rahbari va birinchi vitse-prezidentdan iborat kengash" tomonidan tashkil etilishi kerak.

Moxberning o‘zi saylovlarda ishtirok etadimi yoki yo‘q, hali noma’lum: qatnasha oladi, ammo u hokimiyatda "kulrang kardinal" sifatida qolishi ham mumkin. «Ozodlik» radiosining Eron xizmati yozishicha, falokatda halok bo‘lgan Eron prezidenti Raisiy lavozimga kirishgunga qadar deyarli boshqaruv tajribasiga ega bo‘lmagan va aynan Moxber Raisiy lavozimga kelgan paytdan boshlab uning ijroiya hokimiyatini amalda boshqargan. Xususan, u Raisiy hukumatini o‘z qo‘liga olgan va hatto iqtisodiy vazirlarni tayinlashda ham bevosita rol o‘ynagan. U Erondagi muhim aktivlarni ham nazorat qiladi: aynan Raisiy prezidentligi davrida Moxber xususiylashtirish doirasida davlat aktivlarini sotishi kerak bo‘lgan kengash rahbari etib tayinlangan edi.

Muhammad Moxber Dezfuli 1955-yilda Eron janubi-g‘arbidagi Dezful shahrida tug‘ilgan. Xalqaro huquq va menejment fanlari nomzodi va magistr darajasiga ega. U Eron-Iroq urushi davrida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining tibbiy korpusida zobit bo‘lgan.

«Ozodlik» radiosining Eron xizmati (Radio Farda) yozishicha, Moxber o‘z faoliyatini 1980-yillarda Erondagi turli davlat idoralarida, xususan, Islom Respublikasi Rahbari devoni va Islom inqilobi uchun «Mustazafan» jamg‘armasida boshlagan. Bu Eronning ruhoniy rahbari jamg‘armasidir: u qishloq xo‘jaligi yerlari, turar-joy majmualari, korxonalar, binolar, mehmonxonalar, kutubxonalar, maktablar, masjidlar, ibodatxonalar va diniy ta’lim muassasalarini nazorat qiladi. VVS jurnalistlari fond aktivlari yuzlab milliard dollarga teng ekanini aniqlashgan. Tashkilot rahbari bevosita Eronning ruhoniy rahbari tomonidan tayinlanadi. Shu bilan birga, jamg‘arma soliq to‘lamaydi va hukumatga hisob bermaydi, faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri Oyatullohga hisobot berishi kerak.

1990-yillarda Moxber o‘z ona shahridagi Dezful Telecommunications kompaniyasining bosh direktori, so‘ng Iroq chegarasidagi Xuziston viloyati gubernatori o‘rinbosari bo‘lgan. Bu Eronning eng boy viloyatlaridan biri va mamlakatning asosiy neft qazib oluvchi viloyatidir. Siyosatchining o‘g‘li Sajjad Moxber Eron neftini sotish bilan bog‘liq korrupsiya mojarosiga ham aralashib qolgan.

Moxber o‘n yil davomida Mustazafan jamg‘armasi ishtirokida tuzilgan va Eron hukumatiga yaqin bo‘lgan xususiy «Sino» banki direktorlar kengashi raisi sifatida ham ishlagan. Bu bank Eron bank tizimiga qarshi G‘arb sanksiyalari sharoitida ham juda samarali ishladi.

Президент Раисийнинг ҳалокати: Эронда 5 кунлик мотам эълон қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:04 0:00

2007-yildan beri Moxber Eron oliy rahbari bilan bog‘liq bo‘lgan, Eron iqtisodiyotining eng kuchli budjetdan tashqari bo‘linmasi «Setad» investitsiya jamg‘armasini boshqarib keladi. Jamg‘arma 1979-yilgi Islom inqilobi g‘alabasidan keyin musodara qilingan mol-mulk asosida 1989-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yuqorida tilga olingan «Mustazafan» jamg‘armasi bu keng ko‘lamli tuzilmaning bir qismidir.

«Setad»da lavozimga kirishishdan oldin Moxber o‘zi amal qilishi kerak bo‘lgan uchta tamoyilni aytgan edi: "Islomchi bo‘l, inqilobchi bo‘l va intizomli bo‘l".

Reuters xabar qilganidek, “Setad»ning uchta hammuassislaridan biri Mehdi Karubiy tashkilot dastlab "ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga faoliyat ko‘rsatishi" mo‘ljallanganini yozgan va uni tuzishga buyruq bergan Oyatulloh Ruhulloh Humayniy buyruq imzolaganidan taxminan bir oy o‘tib vafot etgan. Ammo bu tashkilot parchalanib ketmadi, balki rivojlandi va yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida ulkan yarim davlat tashkilotga aylandi.

Reuters agentligiga ko‘ra, u xorijda yashovchi oddiy eronliklar, diniy ozchiliklar, biznesmenlar va eronliklarga tegishli ko‘chmas mulk va biznesni musodara qilish yo‘li bilan ham mulkka ega bo‘ladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu tuzilma, shuningdek, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga qarashli boshqa tuzilmalar Eron iqtisodiyotining yarmidan ko‘pini nazorat qiladi.

Moxber nafaqat Eron hukumati nazorati ostida bo‘lmagan ulkan resurslar boshqaruvchisi, balki Kremlning ittifoqchisi hamdir. 2022-yil oktyabr oyida u yuqori martabali amaldorlar va Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi a’zolari bilan birga Moskvaga tashrif buyurdi: G‘arb matbuotiga ko‘ra, aynan o‘shanda Tehron va Kreml Rossiyaga “Shahed» dronlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, “Shahed» dronlari Moskva uchun Ukrainadagi energiya obyektlari va shaharlariga zarba berishning nisbatan arzon (raketalarga nisbatan) vositasiga aylandi.

Ushbu tashrifdan ko‘p o‘tmay, Rossiya ham to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hududida, Tataristonda Eron dronlarini yig‘ishni boshladi:

Yuqorida aytib o‘tilgan, Moxber bilan aloqador bo‘lgan «Sino», Ukrainada urush boshlanganidan keyin ham Rossiya bozoriga kirmoqchi edi: 2022-yil yozida Eron Islom inqilobi «Mustazafan» jamg‘armasi Astraxanda bank vakolatxonasini ochishni taklif qildi. Bu mintaqada Kaspiy orqali kelgan harbiy yuklar olib o‘tiladi.

"Ilgari faqat bizda bank muammolari bor edi, bizga qarshi sanksiyalar bor edi, hozir sizda ham bor. Bu muammoni birgalikda hal qilishimiz kerak", dedi.

2010-yilda Muhammad Moxber Eronning yadroviy va raketa dasturlariga aloqadorligi uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan. Ikki yil o‘tgach, uning nomi Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlandi, ammo 2013-yilda AQSH Moliya vazirligi «Setad» va u nazorat qilgan 37 kompaniyani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. 2019-yil yanvar oyida Moxber ham AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Эрон тарихда илк бор Исроилни тўғридан-тўғри ракета ва дронлар билан ўққа тутди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:19 0:00

Shundan so‘ng Eron vitse-prezidenti G‘arb sanksiyalarini, jumladan, bank sanksiyalarini chetlab o‘tish va Eronga zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni sotib olish uchun Eron elchixonalaridan foydalanganini ochiq tan oldi.

Mutaxassislar Eron prezidenti lavozimiga boshqa ehtimoliy nomzodlar qatorida parlament spikeri G‘olibafni ham tilga olishadi. Eron-Iroq urushi paytida u Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni bo‘lgan va hozirgacha uning rahbariyati bilan yaqin aloqada. Siyosatchi bir necha bor – 2005, 2013 va 2017-yillarda ham prezidentlik saylovlarida qatnashgan, biroq Ahmadinajod va Hasan Ruhoniyga yutqazgan.

Politico nashri, shuningdek, Oyatulloh Xomanaiyning vorisi hisoblangan Raisiy o‘limi Xomaneiyning o‘g‘li Mujtaboning ko‘tarilish imkoniyatini kengaytiradi, deb yozdi.

XS
SM
MD
LG