Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:56

Eurasianet: Mirziyoyev “sahnalashtirilgan” saylovda oldingidan kamroq ovoz oldi


Kutilganidek, Shavkat Mirziyoyev 24 - oktabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida g‘alaba qozondi.

Liberal demokratik partiya nomzodi Mirziyoyevga saylovchilarning 80.1 foizi ovoz bergan. 2016 - yil dekabridagi saylovlarda Mirziyoyev 88.61 foiz ovoz olgani e’lon qilingan edi.

Yakshanba kungi saylovda qolgan 20 foizga yaqin saylovchining 6.6 foizi Xalq demokratik partiyasi nomzodi Maqsuda Vorisovaga, 5.5 foizi “Milliy tiklanish” partiyasi nomzodi Alisher Qodirovga, 4.1 foizi Ekologik partiyasi nomzodi Narzulla Oblomuradovga, 3.4 foizi “Adolat” partiyasi nomzodi Bahrom Abduhalimovga ovoz bergan.

“Eurasianet” nashri Mirziyoyev bu safar ozroq ovoz to‘plaganini rasmiylarning O‘zbekistonda plyuralizm gullab-yashnayotganini ko‘z-ko‘z qilishga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida saylovni “ehtiyotkorlik bilan sahnalashtirgani” bilan izohladi.

Mirziyoyev bilan bellashgan nomzodlarning barchasi joriy hukumat siyosatini ma’qullovchilardir.

“Ular shunchaki [nomzodlar] sonini oshirish hamda demokratik bo‘lmagan saylovga demokratik tus berish uchungina qatnashdilar. Saylovdan haqiqiy muxolifat nomzodlari chetlatildi”, deyiladi “Eurasianet” maqolasida.

Olster universitetining kriminologiya professori Kristian Lasslet prezident bu safar ozroq ovoz to‘plagani O‘zbekiston hukumatining mamlakatda plyuralizmga yo‘l berilayotganini ko‘rsatishga qaratilgan urinishlari natijasi, deb hisoblaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu “oldindan rejalashtirilgan” qadam O‘zbekistonning xorijiy hamkorlari mamlakatda ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lgani haqida jar solishiga hamda tuzum bilan hamkorlik qilishni oqlashiga zamin yaratadi.

Xalqaro kuzatuvchilar Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri amalga oshirilgan ayrim islohotlarni ijobiy baholadilar, biroq muxolifat saylovdan chetlatilganini qoraladilar hamda saylov kuni ko‘plab qonunbuzarliklarga sodir bo‘lganini ta’kidladilar.

“Yaqinda [amalga oshirilgan] va davom etayotgan islohotlar dalda beruvchi belgidir”, dedi Evroparlament monitoring delegatsiyasi rahbari Xeydi Xautala.

“Ammo muxolifat partiyalari chetlatilgani va haqiqiy raqobat yo‘qligi, shuningdek, saylov kuni biz ko‘rgan ko‘p sonli qonunbuzarliklar demokratlashtirish jarayoni yo‘lidagi jiddiy to‘siqlar bo‘lib qolmoqda”, dedi u.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHT Parlament Assambleyasi va Yevropa Parlamentining qo‘shma kuzatuv missiyasi xulosalariga ko‘ra, ko‘p sonli saylovchini tegishli nazoratsiz ro‘yxatga olish, shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmay turib ovoz berish, boshqalar nomidan ovoz berish hamda “bir nechta saylov uchastkasida saylov qutilarini [oldindan to‘ldirilgan saylov qog‘ozlari] bilan to‘ldirish belgilari” kabi qonunbuzarliklar kuzatilgan.

Saylov arafasida muxolifat vakillari bir ovozdan ta’qib va qo‘rqitishlar kuchayganini aytishdi.

O‘tgan hafta muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini ilgari surgan va keyinchalik o‘zi va yaqinlariga bosimlar ortidan faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishini aytgan Jahongir Otajonov “qarzdorligi” vajidan Urganch aeroportidan chiqarilmadi.

Hukumat, shuningdek, “Xaqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi rahbari, professor Xidirnazar Allaqulovni “imzo to‘plashdagi kamchiliklar” vajidan ro‘yxatga olishni rad etdi.

Saylov kampaniyasi davomida jurnalist va blogerlar hujum va tahdidlarga uchradi. 16 - oktabr kuni Ozodlikning “Telegram” kanalida muvofiqlashtirilgan hujum qayd etildi. Yarim soat mobaynida yopiq akkauntlardan Ozodlik jurnalistlariga o‘lim va jinsiy tajovuz bilan tahdid qiluvchi o‘nlab maktublar yo‘llandi.

Xalqaro saylov kuzatuvchilari Mirziyoyev ikkinchi muddatga kirishar ekan, hukumatni mamlakatni demokratlashtirish sa’y-harakatlarini davom ettirishga chaqirdi. O‘zbekiston konstitutsiyasiga ko‘ra, Mirziyoyev ko‘pi bilan ikki muddatga saylanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG