Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:02

Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev olamdan o‘tdi


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Behzod Yo‘ldoshev (O‘zFA fotosi)
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Behzod Yo‘ldoshev (O‘zFA fotosi)

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori Behzod Yo‘ldoshev 28-avgust kuni 79 yoshida vafot etgan. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zFA ta’ziyanomasida akademik Behzod Yo‘ldoshev “yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda taniqli va e’tirof etilgan olim” ekani urg‘ulangan.

Fanlar akademiyasi sayti ma’lumotiga ko‘ra, Behzod Yo‘ldoshev 1945-yil 9-mayida Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1968-yil Toshkent davlat universitetining yadro fizikasi fakultetini imtiyozli tugatganidan so‘ng 1971-yilda Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna)da nomzodlik, 1981-yili esa fizika-matematika fanlari doktori dissertatsiyasini himoya qilgan.

Mehnat faoliyatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodimlikdan boshlagan Behzod Yo‘ldoshev turli yillarda Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, Yadro fizikasi institutida direktor lavozimlarida ishlagan. U 2000-yildan 2005-yilga qadar, keyin esa 2017-yildan shu kungacha O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga rahbarlik qilgan.

Akademik Yo‘ldoshev Xalqaro atom energiyasi agentligining (Vena, Avstriya) fan bo‘yicha maslahatchisi hamda Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna, Rossiya) bosh ilmiy xodimi lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.

Olim Fermilab (AQSH) va TRIUMF (Vankuver, Kanada) milliy tezlatgichlar laboratoriyasida xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan bajarilgan ikkita ilmiy tajribaga rahbarlik qilgan. Shuningdek, so‘nggi yillarda Behzod Yo‘ldoshev Yevropa yadro tadqiqotlari markazining (CERN, Jeneva, Shveysariya) Katta Adron kollayderida va Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida olib borilayotgan tadqiqotlarda ishtirok etgan.

Olimning asosiy ilmiy-tashkiliy faoliyati elementar zarralar fizikasi, yadro fizikasi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va tibbiyot sohalarida yadro texnologiyalaridan foydalanish kabi masalalar yuzasidan bo‘lgan.

Behzod Yo‘ldoshev 400 dan ortiq ilmiy ish, jumladan 3 ta monografiya va 20 dan ortiq ixtirolar muallifi bo‘lib, uning ilmiy rahbarligida 9 nafar fan doktori va 30 ga yaqin fan nomzodi yetishgan. Olim Oliy Majlis Senati a’zosi edi.

XS
SM
MD
LG