Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2021, Тошкент вақти: 05:22

“Feyk”. Facebook Rossiya OAVlarining Voronejda ukrain millatchilari qo‘lga olingani haqidagi xabarlariga to‘siq qo‘ydi


Facebook ijtimoiy tarmog‘i RBK hamda TASS axborot agentliklari (Rossiya) Voronejda ukrain millatchilari qo‘lga olingani to‘g‘risida tarqatgan xabarlariga to‘siq qo‘ydi. Ikkala xabar ham Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) press-relizi asosida tayyorlangan edi.

Press-relizga ko‘ra, maxsus xizmat xodimlari IIV hamda Tergov qo‘mitasi (TQ) bilan hamkorlikda Voronejda “neonatsizm mafkurasi va ommaviy qotilliklarni targ‘ib qilishga aloqador” “MKU” ukrain yoshlari radikal guruhi tarafdorlari faoliyatiga barham bergan.

Hibsga olinganlar yonidan ekstremistik adabiyotlar, millatchilik tashkilotlarining ramzlari va sovuq qurollar topilgani iddao qilingan.

Biroq TQ xabarnomasida Voronejda qo‘lga olinganlar ukrain radikallariga daxldorligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Unda 18, 19 va 33 yoshli kamida uch kishi hibsga olingani va ular adovat va dushmanlik kayfiyatini uyg‘otadigan xatti-harakatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgani xususida so‘z boradi.

StopFake.org/ru sayti vaziyatga shunday izoh berdi:

“Darhaqiqat, Voronejda mahalliy uch kishi ektremizmda ayblanmoqda, ammo bu ish figurantlarining bari Rossiya fuqarolari va rus millatchilik tashkilotlari a’zolari bo‘lib, ularning Ukrainaga hech bir aloqasi yo‘q.

Rossiya ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Kommersant”, TASS, “Rossiyskaya gazeta”, “RIA Novosti” va boshqalar go‘yo Voronejda MKU (Manyaki. Kult ubiyts) ukrain neonatsistlar tashkiloti tarafdorlari fosh etilgani haqida xabar tarqatdi.

Xabarlarga qaraganda, guruhda tub voronejliklardan Roman Grebenshikov, Ilya Shmelyov va Aleksandr Simonov bo‘lgan. Dastlabki ikkisi ochiqda qoldirilgan bo‘lsa, Simonov tergov hibsxonasiga saqlanmoqda. OAV manba sifatida Rossiya Tergov qo‘mitasi xabarnomasi va videolavhasini ko‘rsatgan. Holbuki TQ press-relizida qo‘lga olinganlarning ukrainlar bilan aloqalari to‘g‘risida lom-mim deyilmagan”.

“Russkiy korpus” millatchilik tashkiloti Voronejda hibs qilingan uch kishi ilgari uning a’zosi bo‘lganini tasdiqladi.

“Ukrain natsistlari” ishini yuritayotgan tergovchi Ilya Bichev o‘z intervyusida Grebenshikov, Shmelyov va Simonovning ukrain millatchilariga aloqasi borligi haqida matbuotga xabar qilmaganini iddao qildi, ayni chog‘da, “tergov siri” bahonasida bu ma’lumotni tasdiqlamadi ham, inkor ham etmadi.

TQ mintaqaviy boshqarmasi vakili Olga Bovt esa, “tergov organi qo‘lga olinganlar ukrainlarga aloqadorligi haqida ma’lumotga egami?” degan savolga qat’iy qilib: “Ularning hech biri ukrainparast tashkilot bilan aloqa qilmagan.

Ma’lum vaqt “Russkiy korpus”ning Voronejdagi bo‘limiga ishlagan xolos”, deb javob berdi.

RBK bilan TASS esa e’lon qilingan ma’lumotlarning haqqoniyligini ro‘kach qilib, “Facebook”dan to‘siq qo‘yish sabablari yuzasidan izoh talab qildi.

Rossiya Davlat Dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Anton Gorelkin “Facebook”ning bu ishini “siyosiy senzuraning klassik ko‘rinishi” deb atadi.

“Bu bilan ular qo‘lga olinganlarning kimligini FXX xodimlaridan ham yaxshiroq bilamiz, deb uqtirishmoqchi go‘yo. Holbuki bizning mamlakatimizda senzura uchun va jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik bor”, -degan u TASSga bergan intervyusida.

“Facebook”, shuningdek, “Vzglyad” nashri e’lon qilgan materialga ham to‘siq qo‘yib, buni internetdagi soxta xabarlarni fosh etuvchi “StopFake” loyihasi Voronejda ukrain neonatsistlari qo‘lga tushganini “yolg‘on ma’lumot” deb topgani bilan izohlagan.

Fevralda Davlat Dumasi Rossiya OAVlariga nisbatan senzura qo‘llaganlik uchun internet-resurslar egalarini 3 mln rublgacha jarimaga tortish to‘g‘risida qonun qabul qilgandi.

TASS ma’lumotiga ko‘ra, Roskomnadzorga Rossiya OAVlari va fuqarolarining kamsitilishiga yo‘l qo‘ygan internet-resurslar trafigini cheklash yoki to‘sib qo‘yish vakolati berilgan.

XS
SM
MD
LG