Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:43

FNQIZ: Oltiariqda yuzlab ishchi yo‘l to‘smoqda - ular qisqartirishlardan norozi (VIDEO)


Ishchilar turli xil shiorlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib chiqishgan.
Ishchilar turli xil shiorlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib chiqishgan.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi - FNQIZ Oltiariq bo‘limining yuzlab ishchisi 10 - yanvardan buyon muddatsiz norozilik aksiyasi o‘tkazmoqda.

Zavodda qisqartirish boshlanganidan norozi ishchilar har kuni ishdan so‘ng zavod oldidagi yo‘lni to‘sib qo‘yyapti.

FNQIZ ma’sulining Ozodlikka aytishicha, Oltiariqdagi zavodda qisqartirish bo‘lmaydi, biroq zavodda ish hajmi kamaygani sabab ishchilar oyligini qisqartirish rejalangan.

So‘nggi qariyb bir yil davomida FNQIZ ishchilari bir necha bor norozilik chiqishlari o‘tkazdi.

Ishchilar FNQIZning Jizzakh Petroleum MChJ boshqaruviga berilganidan so‘ng boshlangan o‘zgarishlarga norozilik bildirib kelmoqda.

10 - yanvarda boshlangan norozilik

FNQIZning Oltiariq tumani Tinchlik shaharchasida joylashgan yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodining bir guruh ishchilari 10 - yanvardan boshlab har kuni norozilik chiqishlari o‘tkazmoqda.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan zavod ishchilaridan birining aytishicha, ular zavodda qisqartirish boshlanganiga norozilik bildirmoqda.

“Zavodda 900 odam ishlaydi. Shundan faqat 120 odam qolarkan ikki oydan keyin. Shunga norozi bo‘lyapmiz. 10 - yanvardan beri har kuni ishdan keyin soat 5larda ko‘chaga chiqyapmiz. Zavod oldidagi ko‘chani to‘sib, noroziligimizni bildiryapmiz. Lekin darrov militsiya xodimlari kelib, bizni haydab, ko‘chani ochishadi”, - dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan zavod ishchisi.

Ozodlikka voqea joyidan yo‘llangan videolarda o‘nlab ishchilarning zavod oldidagi ko‘chada to‘planib, norozilik bildirayotgani aks etgan.

ФНҚИЗда ишчилар норозилиги
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:17 0:00

“Zavod Jizzakh Petroleum boshqaruviga berilganidan beri ishsizmiz. Obodonlashtirish ishlariga olib chiqishyapti. Zavod deyarli ishlamayapti. Neft yo‘qligi uchun ishlab chiqarish ham bo‘lmayapti. 9 oydan beri zavod normal ishlagani yo‘q. Agar zavod to‘xtasa, biz bola-chaqamizni qanday boqamiz. 800ga yaqin odam ishsiz qolyapti. Ularning barchasining krediti bor, bolalari kontraktga o‘qiydi. Qayerdan pul topamiz, ishdan haydashsa?”, - deydi shu zavodda ishlovchi ayol anonim qolish sharti bilan.

Zavod ishchilarining norozilik chiqishlarini yoritib kelayotgan Youtube tarmog‘idagi “XALQ OVOZI 24” kanali ma’lumotiga ko‘ra, har kuni yuzlab ishchi norozilik namoyishida qatnashmoqda. Kanal blogerlari hisob-kitobicha, jumladan, 15 - yanvar kuni 300dan ziyod oltiariqlik ishchi norozilik bildirib, ko‘chaga chiqqan.

Voqea joyidan olingan videolarda, ishchilar “Bizga yordam bering”, "Bizga ish bering", “Bizga neft bering” shiorlarini ko‘tarib olganini ko‘rish mumkin.

Rasmiy izoh

Zavod ishchilarining aytishicha, 17 - yanvar kuni FNQIZ boshlig‘i Habib Latipov norozi ishchilar bilan uchrashib, ularning ish o‘rnini qisqartirmaslikka va’da bergan.

“Hech kim sokrashcheniyega tushmaydi, Oltiariq zavodi yopilmaydi”, - deya va’da beradi norozilar bilan uchrashgan Latipov voqea joyidan olingan videoda.

18 - yanvar kuni Ozodlik muxbiri FNQIZning kadrlar bo‘limi bilan bog‘lanib, Oltiariqdagi zavod ishchilari taqdiri borasida ma’lumot so‘radi.

Telefon go‘shagini ko‘targan xodim Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodida ishchilarni emas, ish haqini qisqartirish rejalanganini aytdi.

“Zavodda xomashyo yetishmasligi sabab ish hajmi keskin kamayib ketdi. Bunday holatda Mehnat kodeksining 100-moddasiga ko‘ra, ishchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqqimiz bor. Lekin biz ishchilarni o‘ylab, 89-moddani qo‘llayapmiz ya’ni ish vaqtlarini qisqartirib, shuning hisobiga ish haqini ham kamaytirishni

rejalaganmiz. Hozir ishchilarga ogohlantirish berib, mart oyidan boshlab yangi tartibda ishlashga o‘tamiz”, - deya FNQIZning kadrlar bo‘limi xodimi mavzuga oid rasmiy hujjatni Ozodlikka yo‘lladi.

Oltiariqlik ishchilar noroziligiga izoh sifatida taqdim qilingan hujjatda:

“Mehnat shartlariga o‘zgartirish jarayonining mohiyatini tushunib yetmaslik, so‘nggi kunlarda zavod tassarufidagi Oltiariq yoqilg‘i ishlab chiqarishning ayrim xodimlarida norozilik kayfiyatining yuzaga kelishiga, ularning asossiz turli davlat idoralariga murojaat etishiga sabab bo‘lmoqda”, deyilgan.

Noroziliklar

FNQZ ishchilarining ushbu noroziligi so‘nggi bir yilda ishchilar va zavod rahbariyati o‘rtasidagi birinchi mojaro emas.

2020 - yilning 3 - avgustida FNQIZ ishchilari prezident Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llab, zavod rahbariyatini yolg‘onchilikda aybladi.

ФНҚИЗ раҳбарияти Президентга арз қилган ишчиларга ҳайитлик берилмаганини пандемия билан изоҳлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:42 0:00

18 - iyunda ham ushbu zavodning 280dan oshiq ishchisi prezident nomiga shikoyat maktubi yozgandi.

Prezident portaliga 20 - aprelda yo‘llangan xatda esa zavodning Jizzakh Petroleum MChJga besh yillik ishonchli boshqaruvga berilgani ortidan boshlangan keskin o‘zgarishlardan norozilik bildirilgan.

FNQIZ
FNQIZ

Yangi O‘zbekiston va yangi egalar

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi¸ uning o‘z rasmiy saytida yozilishicha¸ yonilg‘i-surkov materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik korxonalardan biridir.

Bu zavod uzoq yillar O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning qayinsinglisi Tamara Akbarova va uning o‘g‘li Akbarali Abdullayevlar orqali birinchi oila nazoratida bo‘lib kelgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga qo‘ygan rasmiy ayblovda ayni zavodning 40 milliard so‘mdan ortiq pulini o‘zlashtirganlik bilan bog‘liq epizod ham bor.

FNQIZ va boshqa muhim strategik obyektlardan qariyb 1 milliard dollarga yaqin davlat mablag‘ini o‘zlashtirganlikda ayblangan Akbarali Abdullaev Mirziyoyev hukumati tomonidan qidiruvga berilgan. Uning hozirda chet elda yashirinib yurgani aytiladi.

2020 - yilning 7 - fevral kuni¸O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi FNQIZ va Jizzakh Petroleum MChJ bilan uch tomonla kelishuv tuzdi (rus tilidagi bu hujjat nusxasi Ozodlikda mavjud). Mazkur kelishuvga ko‘ra¸ FNQIZ besh yillik ishonchli boshqaruvga Jizzakh Petroleum MChJga olib berildi.

Jizzak Petroleum MChJning kimga oidligi¸ O‘zbekistondagi eng yirik yonilg‘i zavodining qaysi asos va qanday yo‘l bilan aynan ushbu MChJga berilganiga oid savollar hozircha ochiq qolmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG