Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 01:07

Fransiya konsorsiumi O‘zbekistonda yangi issiqlik elektr stansiyasi quradi


O‘zbekiston Energetika vazirligi “Électricité de France” (EDF), “Nebras Power” va “Sojitz” korporatsiyalari Sirdaryo viloyatida gaz turbinali elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqanini ma’lum qildi.

Power-eng.com nashrining yozishicha, Fransiyaning EDF energetika kompaniyasi, Qatardagi “Nebras” kompaniyasi va Yaponiyaning “Sojitz” kompaniyalari “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari AJ” bilan elektr energiyasini xarid qilish, yangi stansiyani moliyalashtirish va qurish bo‘yicha 25 yillik shartnoma tuzgan.

1200–1600 MVt quvvatga ega kombinatsiyalangan gaz turbinali elektr stansiyasi eski avloddagilarga qaraganda samaradorligi ikki baravar yuqori bo‘ladi. Bu esa tabiiy gaz sarfini tejashga va uglerod chiqindisini kamaytirishga imkon beradi.

Power-eng.com nashri O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonovning “biz energiya ta’minoti barqarorligini oshirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashladik", degan so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda. Vazirning ta’kidlashicha, "bu O‘zbekiston sarmoya kiritish uchun xavfsiz, katta o‘sish istiqbollariga ega bo‘lgan mamlakat ekanining yana bir tasdig‘idir”.

Sirdaryoda quriladigan issiqlik elektr stansiyasi mamlakatning eskirgan energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha umumiy strategiyasining bir qismi bo‘lib, O‘zbekistonda gazdan foydalanishda uglerod chiqarish hajmini kamaytiradi.

O‘zbekiston hukumatiga Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) tomonidan davlat-xususiy sheriklik tuzilmasi amalga oshirilishi va loyiha tanlovi bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

“O‘zbekistonning energiyaga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojini qondirish uchun energiya ishlab chiqarish va taqsimlash infratuzilmasi tashkil qilish kerak. Ushbu loyiha mamlakat energiya xavfsizligini rivojlantirish uchun keng miqyosda xususiy kapital safarbar etilishi mumkinligini ko‘rsatadi”, degan IFCning Yevropa, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlomer.

Ангрен Иссиқлик Электро Станциясида фавқулодда вазият
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:13 0:00

IFC, “Nebras” va “Sojitz” konsorsiumi tenderda bir megavatt/soat uchun 33.7 AQSh dollari taklif qilgan va g‘olib chiqqan. Bu raqobatdosh kompaniyalar takliflari bilan solishtirganda elektr energiyasining eng past darajadagi narxidir.

O‘zbekiston Energetika vazirligi shu yil aprelida Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Stone City Energy kompaniyasi bilan gaz turbinali elektr stansiyasini qurish uchun 1,2 milliard dollarlik shartnoma imzolaganini e’lon qilgan edi.

Reuters agentligiga ko‘ra, shirkat 25 yil davomida 1 560 MVt quvvatga ega elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish, ishga tushirish va boshqarish uchun mas’ul bo‘ladi.

O‘zbekiston hukumat stantsiya uchun Surxondaryo viloyatining Angor tumanida 150 ga yer maydonini ajratgan.

Stansiya 2024 - yil oxiriga qadar ishga tushishi kutilmoqda.

Energetika vaziri Alisher Sultonov matbuotga: "Stone City Energy bilan imzolangan shartnomalar O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar bilan mamlakat manfaati yo‘lida ishlayotganining yana bir misolidir", deb aytgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi mamlakatda har yili kuz-qish mavsumida kuzatiladigan energetika inqirozi bois tanqidlar ostida qolib keladi. Bu yil ham hali mavsum boshlanmasidan elektr ta’minotidagi uzilishlar kuchaygani kuzatilmoqda, mahalliy matbuot kamida 10 kishining is gazidan o‘lgani haqida yozdi.

Vazirlik 10 - noyabr kungi bayonotida bu yil O‘zbekistonda suv resurslarining o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlarga nisbatan pastligini elektr ta’minotidagi quvvat tanqisligi sabablaridan biri sifatida keltirdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil suv hajmi kamaygani sababli GESlarda yil yakuniga qadar 5 mlrd kVt/soat yoki rejaga nisbatan 1 mlrd 500 mln kVt/soatga kam elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda, bu esa qariyb 23 foizga kamni tashkil etadi.

Rasmiy xabarda elektr ta’minotidagi tanqislikka mazkur resurslardan tejamkorlik bilan foydalanilmayotgani hamda elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari ham sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani urg‘ulangan.

Energetika vazirligining izohi O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyevaning “svet o‘chishi tarixda qolgani”ga oid iddaosiga muvofiq kelmaydi. Avvalroq T. Norboyeva bu iddaosi uchun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tanqidiga nishon bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG