Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:43

G‘azo: Amerikalik hakam Oq uyni Isroilga harbiy qo‘llov oqibatlarini tekshirishga chaqirdi


G‘azo bo‘lgasi. Isroil-Falastin mojarosi.
G‘azo bo‘lgasi. Isroil-Falastin mojarosi.

AQSHning Kaliforniya shtati okrug sudyasi Bayden ma’muriyati Isroilni G‘azoda bombardimonni to‘xtatishga majburlashi kerakligi haqida kiritilgan da’vo arizasini rad etdi. Bu haqida "Assoshieyted Press" agentligi xabar bermoqda.

Okrug sudyasi Jeffri Uayt bu masala bo‘yicha yurisdiksiyaga ega emasligini aytar ekan, Amerika hukumatini tanqid qildi hamda Isroilning harakatlari genotsidga tenglashishi mumkinligini ta’kidladi.

Uayt o‘tgan juma kuni Oklend federal sudida Falastin inson huquqlari tashkiloti va halok bo‘lgan falastinliklar oila a’zolari tomonidan noyabr oyida kiritilgan da’vo ishini tingladi.

Da’vo arizasida prezident Jo Bayden, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostindan «G‘azoda Falastin xalqiga qarshi genotsidning avj olishi emas, balki oldini olish bo‘yicha o‘z burchlariga amal qilishlari» talab qilingan.

Uayt ishni ko‘rib chiqishni rad etdi va bunga quyidagicha izoh berdi: «Sud yurisdiksiyasidan tashqari ba’zi ishlar bor, bu da’vo arizasi ham ana shular jumlasidan”.


Sudya Uayt bu faoliyatidagi eng qiyin qaror bo‘lganini yashirmadi.

U da’vogarlarning "Isroilning harakatlari genotsidga teng" ekani borasidagi fikrini yoqlar ekan, Oq uyni "G‘azodagi falastinliklarga qarshi harbiy qamalni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash oqibatlarini tekshirishga" chaqirdi.

Shuningdek, da’vo arizasida xalqaro hamjamiyatning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlariga to‘sqinlik qilish holatlariga chek qo‘yish ham so‘ralgan. AQSH dekabr oyida BMTning zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga veto qo‘ygan edi.

O‘tgan hafta BMT sudi Isroilning urush harakatlarini qoralab, o‘lim, vayronagarchilik va har qanday genotsidning oldini olish choralarini ko‘rishni buyurdi, ammo o‘t ochishni to‘xtatish borasida hech narsa demadi.

Amerikalik kollej talabasi Reychel Korrining oilasi buldozer ishlab chiqaruvchi Caterpillar kompaniyasini Isroilga yordam bergani uchun sudga bermoqchi bo‘ldi, biroq apellyatsiya sudi bu ishni ham rad etdi. Buni AQSH hukumatining siyosiy bo‘linmalari tashqi siyosat bo‘yicha keng vakolatlarga egaligi bilan izohlash mumkin. Reychel Korri 2003- yilda G‘azoda uy buzilishiga qarshilik qilgan vaqtda buldozer ostida qolib halok bo‘lgan.

Уруш анатомияси: Араб-Исроил урушлари, Исроил-Фаластин зиддияти тарихи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:23 0:00


Merilendlik jurnalist, Leyla El-Xaddod Isroil hujumlari oqibatida o‘zining 90 ga yaqin qarindoshlarini yo‘qotganini aytgan.

G‘azo janubidagi Rafah shahar kasalxonasida ishlayotgan doktor Umar Al-Najjar, kuniga 2000 dan ortiq yangi bemorlar og‘ir jarohatlar va kasalliklar bilan kelayotgani, ammo dori-darmonlar yetishmasligidan shikoyat qildi, deb yozadi "Assoshieyted Press" agentligi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, janglar boshlanib ketganidan buyon 20 mingdan ortiq odam o‘lgani, 53 mingdan ziyod falastinlik yaralanganini aytgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, urush tufayli G‘azoda yarim milliondan ortiq odam ochlikka yuz tutgan.

Isroilning G‘azodagi so‘nggi harbiy amaliyoti AQSH va YI tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan HAMASning o‘tgan yil 7- oktabrida Isroil hududida amalga oshirgan hujumi ortidan boshlanib ketgan edi.

XS
SM
MD
LG