Линклар

Шошилинч хабар
25 май 2022, Тошкент вақти: 09:32

G‘o‘zaning soyasida qolib ketgan soya. Fermerlar soya topshirishga majburlanmoqda


Paxta ichiga ekilgan soya. Mingbuloq tumani.

O‘zbekistonning Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida fermerlardan soya hosili topshirish talab qilinmoqda.

G‘o‘za qator oralariga soya ekishga majburlangan fermerlarning aytishlaricha, bu usul samara bermagan, g‘o‘za kultivatsiyasi paytida soyaning asosiy qismi yulinib, yo‘q bo‘lgan.

Namanganda har bir fermer 3 tonnadan soya topib topshirishga majburlanayotgan bo‘lsa, Andijonda soya sotib olish uchun fermerlar nomiga kreditlar ochilmoqda.

O‘zbekistonlik mutaxassis olim, paxta bilan soyani birga o‘stirishni dunyoning biror mamlakatida ko‘rmaganini aytar ekan, bunday tajribalar kampaniya sifatida emas, balki tajriba sifatida alohida tajriba maydonlarida o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlaydi.

Namangan viloyati, Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyev o‘zining Telegram-kanalida fermerlarga shunday videoxabar qoldirgan:

“Hurmatli MTP raislari, seminarga fermerlar to‘liq ishtirok etsin i seminardan keyin soyaning razborini qilamiz. Bugun grafikni bajarish kerak, soya bo‘yicha. Hammang, agar hududlar 3 tonnadan qilsang, bajariladi. Uch tonna! Endi indamay-indamay, bayram kunlari norozichilik kayfiyat qilmay desam, hammang o‘zingdan ketyapsan, noinsof MTPning raislari”.

Мингбулоқ тумани ҳокими Нуршод Худойбердиев
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:39 0:00

Bu videoni Ozodlikka yuborgan mingbuloqlik fermerning aytishicha, majburlab ektirilgan soyadan hosil olish imkoni bo‘lmagan:

“Yil boshida paxta orasiga soya ekish topshirig‘i berildi. Dehqonlar qarshi chiqdi. Chunki soya va paxta agrotexnikasi bir-birini inkor etadi. Paxta hosili mo‘l-ko‘l. Lekin soya bo‘lmadi. Endi hokim qaysidir tadbirkor 15 ming so‘mdan olib kelgan soyani sotib olishga va don korxonasiga teng yarim narxida topshirishga majbur qilmoqda. Bizni bir narsa hayron qoldiradi. Shu paxta orasiga soya ekishni o‘ylab topgan rahbarning yo kallasi ishlamaydi, yoki o‘ta laganbardor. Xalqning qarg‘ishidan qo‘rqmaydi. Prezidentga yo‘q narsani bor qilib ko‘rsatib, olqish olsa bo‘ldi”.

Ozodlik suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan boshqa mingbuloqlik fermer soya bilan paxtani birga ekib bo‘lmaslik sabablarini shunday izohlaydi:

“Birinchidan, soya kasallikka moyil o‘simlik. Bizda paxtaga o‘rgimchakkana bilan ko‘sak qurti ko‘p tushadi. Soya bevosita shu kasalliklarni chaqiruvchi hisoblanadi. Ikkinchidan, bizdagi paxta egatlari 60-70 santimetrlik. Uning orasiga soya sig‘maydi. G‘o‘zaga kultivatsiya solinganda, majbur u o‘rilib ketadi. Uchinchidan, soya pishganda paxta ham ochilib qolgan bo‘ladi. Egatning uzunligi 500 metrmi, bir kilometrmi, soyani yulib, etakda xirmonga tashib chiqish kerak. Bu ishni erkaklar kamdan-kam qiladi. Asosan, ayollar ishlaydi va bu ayol uchun juda og‘ir ish. Ham paxta to‘kiladi, ham ortiqcha mehnat”.

Fermerning aytishicha, ularning ikki gektar alohida yerga ekaylik, degan takliflari inobatga olinmagan:

“Yo‘q, paxtaning orasiga ekamiz, shunday bo‘ladi, deb prezidentga yetkazilgan, u ma’qullagan, deb ko‘nishmadi. Soyani klasterlar ham bo‘yniga olmadi, bu faqat mahalliy hokimlarning tazyiqi bilan bo‘layotgan ishlar. Endi esa, yo‘q soyani topasan, kilosini 15 ming so‘mdan olasan, deb majburlashyapti”.

Mingbuloq tumani hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Muydinov fermerlar soya sotib olishga majburlanayotganini inkor qildi:

“Tumanda 5170 gektar paxtaning ichiga soya ekilgan. Hozir ham soyani yig‘ishtirib, topshirish davom etyapti. Fermerlar biror-bir tadbirkordan soya sotib olib, topshirishga majburlangani yo‘q. Har gektar yerga 10 sentnerdan reja qo‘yilgan, gektaridan 12 sentner olganlari ham bor. Kilosini 9 mingdan sotyapti. Fermerlarning rentabelligi ham oshdi. Soya hech qanday kasallik ham keltirgani yo‘q”.

Ayni paytda andijonlik fermerlar ham ekilmagan soyani boshqa tadbirkorlardan sotib olishga majburlanayotganini aytmoqda.

Andijon tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining so‘zlariga ko‘ra, ularga soya sotib olish uchun kredit rasmiylashtirilyapti:

“O‘tgan yili soya ekib topshirgan edik. Pulini berishmadi. Agar 1 tonna soya topshirgan bo‘lsak, 500 kilosini qaytarib berdi. Quritib, saqlab turganiga 500 kilodan olib qopti. Bu yil esa, hech kim soya ekmadi. Lekin hujjatlarga ekildi, deb ko‘rsatildi, shartnoma tuzildi. Menda ham o‘sha 500 kilo turgan edi, o‘shani olib borib topshirdim. Masalan, shartnomada 2 tonna topshirish kerak bo‘lsa, qolgan bir yarim tonnasiga paxtaga ajratilgan resursdan kredit oformit qilib, soya sotadigan tashkilotga o‘zlari o‘tkazib yuboryapti. Yozning jaziramasida paxtani chekanka qilgan ayol ishchilarga pul yo‘q, ammo soyaga pul bor ekan”.

Fermerning aytishicha, soya ko‘zbo‘yamachilik uchun go‘yo ekilgan qilib ko‘rsatildi:

“Paxtazorda egatning bosh tarafiga fermerlar 20-30 metrga ekib qo‘yishdi. Soya paxta bilan bir-biriga tushmaydi ekan. Masalan, kasalni chaqirib oladi ekan. G‘o‘zaga dori qilsangiz, unga yoqmaydi ekan, unga dori qilsangiz g‘o‘zaga yoqmaydi ekan. Hamma fermerlar paxta bilan "aytmaydi" bu, desa ham majbur qilishyapti”.

Ozodlik Farg‘ona viloyatida ham fermerlar soya sotib olishga majburlanayotgani haqida xabar bergan edi.

Fermerlar soyani paxta bilan qo‘shib ekish effektsiz ekanligi haqida ikki yildan buyon bong urayotgan bo‘lsa-da, ammo vodiy viloyatlarida uni fermerlarga majburlab ektirish davom etmoqda.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Oybek Kimsanboyev paxta bilan soyani birga o‘stirishni dunyoning biror mamlakatida ko‘rmaganini aytar ekan, bunday tajribalar kampaniya sifatida emas, balki tajriba sifatida alohida tajriba maydonlarida o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlaydi.

“Bugun gap yerdan unumli foydalanish, yuqori hosil olish haqida borar ekan, bu masalaga har-xil qarash mumkin. To‘g‘ri, paxta bizda an’anaviy o‘simligimiz hisoblanadi. Paxta bug‘doy va boshqa ekinlar bilan birga ekib ko‘rish tajriba qilingan. Soya ekkan dehqonlar bilan men ham gaplashdim. Ikki xil ekin bo‘lgandan keyin agrotexnikasi ham, zararkunandalardan himoya qilish dasturi ham har-xil bo‘ladi. Bizning dehqonlarda esa bunday tajriba yo‘q. Shuning uchun odatda, yangi texnologiya joriy qilinayotganda avval u alohida tajriba maydonlarida sinab ko‘rilishi, ilmiy nuqtai nazardan asoslab, agar foyda beradigan bo‘lsa, keyin boshqa joylarda ommaviy tashkil qilish mumkin. Hozircha paxta orasiga soya ekib zo‘r natija oldim, degan dehqonni men ko‘rganim yo‘q. Shuning uchun ham bu ishlarga ura-urachilik bilan emas, balki ilmiy nuqtai nazardan yondoshilganda yaxshi bo‘lardi”, - deydi Oybek Kimsanboyev.

2018 - yilning fevral oyida hukumatning “Respublikada soya etishtirish hajmlarini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi.

Qarorda soya ekinini ilmiy asoslangan holda joylashtirishga e’tibor berilmaganligi uchun bir qancha mansabdor shaxslarga hayfsan berilgan, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos ravishda suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan, unumdor yer maydonlariga soya ekinini joylashtirish tavsiya qilingan.

Qarorning biror bandida soyani g‘o‘za qator oralariga ekish haqida yozilmagan.

XS
SM
MD
LG