Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:54

Gap otmang! Xotin-qizlarga tegajoqlik qilganlarni jazoga tortish taklif qilinmoqda


Toshkent shahar transporti chiptasidagi yozuv
Toshkent shahar transporti chiptasidagi yozuv

O‘zbekiston Adliya vazirligi qizlar va ayollarni ta’qib va zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishni taklif qildi.

Ayni paytda, poytaxtdagi jamoat transportida va davlat ta’lim muassasalarida ham tegajog‘lik va jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kampaniyalar boshlandi.

Huquq faollari O‘zbekistonda ayollar himoyasiga qabul qilinayotgan qonunlarning xalqaro standartlarga moslashtirilayotganini aytmoqda.

"Qonunchilikka "ta’qib etish" tushunchasi kiritilishi lozim"

Adliya vazirligining qayd etishicha, O‘zbekistonda ayollar ko‘chada, ish joyida yoki maktabda, uyda esa turmush o‘rtog‘i yoki yaqinlari tazyiqlariga uchramoqda.

“Eng achinarlisi, zo‘ravonlik holatlari maktabgacha va maktab yoshidagi qizlarga nisbatan ham sodir etilmoqda. Ta’qib va zo‘ravonlik natijasida ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish, farzandlarining hayotiga suiqasd qilish holatlari kuzatilmoqda. Qonunchilikka "ta’qib etish" tushunchasini kiritish va ta’qibga uchragan ayollarga himoya orderi berish tizimini joriy etish zarur... Ayollarga nisbatan haqoratomuz so‘zlarni taqiqlash va bu harakatlar uchun ma’muriy jazo belgilash, shuningdek, ayollarga zarar yetkazganlik uchun jazoni kuchaytirish zarur”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Adliya vazirligining qo‘shimcha qilishicha, qonunchilikda “ta’qib etish” (stalking) tushunchasining yo‘qligi qizlar va ayollarni bunday vaziyatdan himoya qilish mexanizmlarining ham mavjud emasligini bildiradi. Ta’qiblar natijasida ayollar qo‘rquv, zaiflik his etishi, tushkunlikka tushishi holatlari kuzatilgan.

O‘zbekiston qonunchiligida ish yoki o‘qish vaqtida ayollarga nisbatan tazyiq yoki zo‘ravonlik uchun ish beruvchi yoki ta’lim muassasasi rahbarining javobgarligi belgilanmagan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayollarning fotosuratlari va videolarini tarqatish yo‘li bilan ayollarning shaxsiy daxlsizligi, ayniqsa, intim hayotini buzish holatlari ko‘paymoqda. Bu esa “oilaviy rishtalarni buzishga, jamiyatdan ajralishga va noto‘g‘ri yo‘llarni tanlashga” olib keladi.

Aytilishicha, amaldagi qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari ayollarni xarassment harakatlaridan mutlaq himoya qilish imkoniyatini bermayapti, deyiladi xabarda.

Ayollar shaxsiy hayotiga turli tajovuzlarning oldini olish uchun ayollarning intim hayoti daxlsizligini buzganlik uchun alohida javobgarlikni belgilash zarur”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlik tomonidan taklif etilayotgan qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar qatorida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash institutlarini tashkil etishda mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari ham kiritilgan.

Toshkentlik Aqida Xanum ayollar huquqlari uchun kurashib kelayotgan taniqli blogerlardan biri.

Uning fikricha, O‘zbekistonda mavjud qonunchilik ayollarni himoya qila olmaydi.

- Mavjud qonunlar xarassment, frottering, stalking, abyuzing va bulling tushunchalarini o‘z ichiga olmagan. Lekin bu “unday muammolar yo‘q va bo‘lmagan,” degani emas. Agar jabrlanuvchi “menga u gap otdi, ta’qib qildi”, deb shikoyat qilsa birov ish ko‘rmaydi. “Haqorat qilmabdiku, qo‘l ko‘tarmabdiku!”, degan vaj bilan ish ochilmaydiyam. Lekin jabrlanuvchi psixologik pressing bilan qolaveradi.

Ko‘p ayollar murojaat qiladi menga. Ular asosan 4 hil zo‘ravonlikka uchraydi. Jismoniy, jinsiy, psixologik va moddiy. Oxirgi ikkitasi jamiyatimizda zo‘ravonlik deb hisoblanmaydi ham! Vaholanki, psixologik zo‘ravonlik odamni o‘zligini, psixikasini butun umrga sindirishi mumkin. Shuning uchun, shaxsan men bunday qonun qabul qilinishi va uni amalda qo‘llanilishi tarafdoriman. Ayollar qonunan himoya qilinishi shart, dedi bloger.

Huquq faoli: Qonunlar jahon standartlariga moslashtirilmoqda

Jamiyatda boshlangan muhokamalar ortidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba-qizlarga murojaat bilan chiqib, yangi ishonch telefoni hamda bot ishga tushirilganini ma’lum qildi. Ushbu ishonch raqami orqali talaba-qizlar o‘qish joyida tegajog‘lik, tazyiq yoki zo‘ravonlik kabi holatlarning guvohi bo‘lganda murojaat qilishi mumkinligi aytildi.

Shuningdek, “Og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–736, 09.12.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

O‘zbekistondagi “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov fikricha, O‘zbekiston Adliya vazirligi shu tariqa qonunchilikni jahon standartlariga moslashtirayotir.

- O‘zbekiston ayollarning gender tengligi, ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilgan. Shu bo‘yicha qonunlar xalqaro standartlarga moslashtirilayapti. Chunki 4 yilda bir hisobot topshiriladi va keyingi 2022 - yil hisobot yili. Boshqa tomondan, qonunlarni qo‘llash doimo muammolarni keltirib chiqargan. Xalqaro tashkilotlar bu harakatlarni olqishlayapti. Bu juda yaxshi qadam, chunki O‘zbekistonda xotin- qizlar deyarli himoyalanmagan edi. Kelinlarni o‘g‘irlash, gap otish, shilqimlik qilish nafaqat O‘zbekistonga, Osiyoning ko‘plab davlatlariga xos narsa. Bu qadam huquqlarning fundamental asoslari va uni olqishlash kerak, dedi huquq faoli.

Jumladan, O‘zbekiston bugungi kunga qadar ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 100 ga yaqin xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

O‘zbekistonda xarassmentga qarshi kampaniya

Ayni paytda, poytaxtdagi jamoat transportlarida ham xarassment, ya’ni jinsiy tegajog‘lik va tajovuzga qarshi kampaniya boshlandi.

Avtobus salonlarida bannerlar va favqulodda to‘xtatish tugmalari joriy qilindi.

Ayollarga tegajog‘lik masalasi Internet tarmoqlarida ham ko‘p muhokamalarni keltirib chiqardi.

Bu muhokamalarning yana avj olishiga tolibaga tegajog‘lik qilganlikda gumonlangan Nizomiy universiteti dekan o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi ochilishi va shu kabi yana bir qancha holatlar sabab bo‘ldi.

O‘tib borayotgan yilning fevralida O‘zbekistonda Tashqi ishlar vazirligi vazirlik xodimini o‘ziga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilish hamda ijobiy maqolalar yozishni so‘rab bosim o‘tkazishda ayblagan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskayadan kechirim so‘ragandi.

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari esa “ikki va undan ko‘p xotin olishga ham jazo tayinlanishi” taklifi bilan chiqmoqda.

Xarassment va ayollar huquqlarini himoya qilish masalasida prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ham munosabat bildirdi.

Zo‘ravonlik qurbonlari ularning nidosini eshitadiganlar va yordam beradiganlar borligiga ishonchi komil bo‘lishi, zo‘ravonlar esa jazo muqarrar ekanligini anglashi zarur”, deb yozdi Saida.

Avvalroq Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ham ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yildan yilga oshib borayotganidan xavotir bildirgan edi. Ombudsmanga ko‘ra, zo‘ravonlik holatlari rasmiy statistikadan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki o‘zbek ayollari andisha qilib ko‘p holda zo‘ravonliklarga ko‘z yumadi.

O‘zbekistonda 25 - noyabrdan “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasini olib borgandi. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, aksiya har yili 25 - noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kunidan 10 - dekabr – Inson huquqlari kunigacha davom etadi.

Exponautz Art Gallery onlayn-hamjamiyatining a’zosi bo‘lgan bir necha o‘zbekistonlik qiz seksizm va zo‘ravonlikka qarshi ayollar huquqini himoya qilib fleshmob uyushtirgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda zo‘ravonlikka uchragan 36 mingga yaqin ayol himoya orderi olgan. Hukumat mamlakatda xotin-qizlarni reabilitatsiya va adaptatsiya qilish bo‘yicha 29 ta markaz faoliyat yuritayotganini ta’kidlab keladi.

......................

Xarassment (ingl. Harassment)- shaxsiy hayotning buzilishi, ta’qib qilish, kamsitish va shilqimlik qilish.

Abyuzing - (ingl. abuse - haqorat) zo‘ravonlik, yomon muomala, haqorat, insonga nisbatan psixologik, jismoniy, jinsiy yoki iqtisodiy zo‘ravonlik hamdir.

Frottering yoki frottaj (fr. frottage - ishqalanish) - jinsiy buzuqlik, boshqa odamning tanasiga ishqalanish orqali hayajon va qoniqishga erishish.

Stalking (ingl. stalking) - bu insonga istalmagan e’tibor, xiralik qilish va uning ta’qibi, tahdid.

Bulling - (ingl. bully - qo‘rqitish, tegajog‘liq qilish) - jamiyatning bir a’zosini boshqalar tomonidan ta’qib qilinishi, tahqirlanishi, jig‘iga tegmoq.

XS
SM
MD
LG