Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2021, Тошкент вақти: 13:34

Garri Kasparov: “G‘arb Putin Rossiyasi real dushmanligini hanuz anglagani yo‘q”


Garri Kasparov

28-29 - may kunlari virtual olamda o‘ninchi Erkin Rossiya forumi o‘tkazilgan edi. Forumda 600 dan ortiq odam, jumladan, Ilya Ponomaryov, Gennadiy Gudkov, Leonid Gozman, Lev Ponomaryov va boshqalar ishtirok etib, Rossiya muxolifati va Putin Rossiyasining ahvolini muhokama qildilar.

“Ozodlik” rus xizmati mazkur Forum yakunlari, RFdagi yangi qatag‘onlar to‘lqini, xususan, hukumatga muxolif siyosatchilar Andrey Pivovarov hamda Dmitriy Gudkovning soxta ayblovlar bilan hibsga olinishi va boshqa mavzularda Forum asoschisi, siyosatchi, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Garri Kasparov bilan suhbatlashdi.

Quyida ana shu suhbat qisqartirilgan shaklda berilmoqda.

Ozodlik: Suhbatni haftaning yangi voqealaridan boshlasak. Dushanba kuni uchish yo‘lagiga kirgan uchoq to‘xtatilib, “Otkritaya Rossiya”ning sobiq yetakchisi Andrey Pivovarovni qo‘lga olishdi: aytilishicha, unga allaqanday retvit uchun ish qo‘zg‘atilgan emish. Bir kun o‘tib esa muxolif siyosatchi Dmitriy Gudkov va do‘stlarining uylarida tintuv o‘tkazildi. Va bu bosimlar uning Davlat Dumasiga saylovlarda qatnashishga urinishi bilan bog‘lanmoqda.

Nima deb o‘ylaysiz, allaqachon tor-mor qilib bo‘lingan muxolifatga qarshi yangi-yangi qatag‘onlarga izn berish bilan Putin nimaga erishmoqchi?

Garri Kasparov: Bilasizmi, muayyan ishlarga Putindan izn olish sira shart emas. U qatag‘on mashinasini yaratib, harakatga solib berdi: bu yog‘iga o‘zi ketaveradi. Qatag‘onlarga kelsak... siyosat maydoni allaqachon biydek huvillab qolgan, endi rejimdan norozilikni tarbiyalashi mumkin bo‘lgan har qanday ijtimoiy hayot belgilarini yo‘q qilishmoqda. Shu bilan birga, hokimiyat tuzilmalari ichida ham qaqshatqich kurash ketyapti. Gubernatorlar, yirik amaldorlar birin-ketin qulayotganini ko‘rib turibmiz. Ya’ni, mafiya davlati qonunlari amal qiladigan, qudratli qatag‘on mashinasi qo‘llanilayotgan kurashga guvoh bo‘lib turibmiz. Ko‘p yillar muqaddam xuddi shundan ogohlantirgan, aynan shunday bo‘lishidan qo‘rqqan edik. Bugun ma’lum bo‘lyaptiki, Rossiyada hokimiyat saylovlar orqali o‘zgarmaydi, Putin rejimi mamlakatni muqarrar ravishda fashistlar diktaturasiga aylantiradi.

Ozodlik: Darvoqe, fashistlar diktaturasini tilga oldingiz – anchadan beri shu fikrda ekaningizni bilamiz. Rossiya fashistik tuzumga yetib kelganini, ya’ni fe’lan o‘sha, Mussolini Italiyasi yoki Salazar rejimiga monandligini qayd eta olasizmi?

Garri Kasparov: Har qanday tarixiy muqoyasalar shartlidir. Biz XXI asrda yashayapmiz, harqalay. Binobarin, “fashizm” siyqasi chiqqan so‘z, Putin propagandasi uni hech nimani anglatmaydigan kundalik siyosiy terminga aylantirib yubordi. Ko‘p yillar burun Umberto Eko tadqiqoti bo‘yicha Rossiyani ilk fashizm, ya’ni ur-fashizmning u sanab o‘tgan 14 alomati asosida tahlil qilgandim. O‘sha paytda Rossiyada 14 belgidan kamida 10 tasi mavjud edi. Bugungi Rossiyaga razm solsangiz, Putin rejimi, garchi u fashistlar diktaturasi tushunchasiga bemalol muvofiq bo‘lsa-da, o‘zining XX asrdagi analoglaridan farqlanadi baribir. Masalan, Uchinchi Reyxning kelajak borasida o‘z qarashlari bo‘lgan, ha, dahshatli kelajak edi bu, lekin harqalay bo‘lgan. Putin rejimi esa kelajakni mutlaqo tasavvur qila olmaydi, zero u avvalo hukmron tabaqaning boylik orttirishiga yo‘naltirilgan – bu mafiyacha-kleptokratik boshqaruvdir.

Patrushev bejizga Ivan Grozniy haqida tilidan bol tomib gapirayotgani yo‘q, rejim shu yo‘sin o‘z konsepsiyasini olg‘a surmoqchi. Bu – mutlaq va cheksiz hokimiyat, faqat dushmanlarni jazolash uchun chiqarilgan qonunlar, hokimiyat ichida o‘zidan katta boshliqqa, alaloqibat, dohiy, podsho yoki bosh kotibga itdek vafodorlik konsepsiyasidir. Putin bu siyosiy axloq modelini butun dunyoga yoyishni orzu qiladi.

Bu nafaqat Qrim anneksiyasi, balki anneksiyaning qay tariqa asoslantirilishi hamdir: ya’ni, biz hududiy da’volarsiz ham bunaqa ishlarni qila olamiz, deb o‘ylaymiz. Shunchaki, kuchli bo‘lganimiz uchun.

Ozodlik: Shaxsiy omil qanday ahamiyatga ega? Ayrimlar nazarida, Pivovarovning hibsga olinishi Putinning Mixail Xodorkovskiyga nisbatan keki mahsuli emish. Go‘yo, Putin uni siyosatdan chetlashish va’dasi bilan ozod etganmishu so‘zida turmagani, o‘g‘rilar tushunchasiga ko‘ra – aldagani uchun u bilan qasdlashganmish. Siz Rossiya hukumati hayotidagi bu shaxsiy omil xususida nima deysiz?

Garri Kasparov: Diktatura bunyod bo‘lishida shaxsiy omil hamisha muhim rol o‘ynaydi. Zero diktatura yakkahokimlik demak, diktator tizimning umurtqasi vazifasini bajaradi. Putin allaqachon shu maqomga moslashib olgan. U hokimiyatdan ketgan taqdirda ahvol battar bo‘ladi, degan mazmundagi gap-so‘zlarni sariq chaqaga olmayman. Ushbu siyosiy qurimni aynan Putin tutib turibdi.

Xodorkovskiyga kelsak, diktaturaga vaqti-vaqti bilan dushman kerak bo‘lib turadi. Hamma balo-qazolar uchun javobgarlikni uning bo‘yniga qo‘yish uchun. Navalniy jamiyatdan to‘sib qo‘yilgan bo‘lsa, kim qolayapti? Albatta, Xodorkovskiy. Shunday ekan, Pivovarovga bo‘lgan hujumdan men aslo ajablanganim yo‘q.

Ozodlik: Aleksey Navalniy Rossiyadagi siyosiy vaziyatga jiddiy ta’sir o‘tkazardi, fosh qiluvchi surishtiruvlar olib borardi. Ayting-chi, u zaharlanganidan so‘ng Rossiyaga qaytib xato qilmadimi? Balki siyosiy harakatni muhojirlikda davom ettirganida yaxshi bo‘larmidi?

Garri Kasparov: Avval ham aytganmanki, qahramonona ishlar haqida gapirish mumkin, lekin ularni aslo qoralab bo‘lmaydi. Alekseyning bu qarori mardona qaror edi. Ammo siyosiy maqbullik nuqtai nazaridan, muhojirotda, erkinlikda yurganida u sanksiyalar bilan bog‘liq masalalarni targ‘ib qilishda ko‘p foydali ishlar qilishi, G‘arb istibleshmenti va jamoatchiligining oddiy haqiqatni – Putin rejimi barchaga tahdid solayotganini anglashiga yordam berishi mumkin edi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng barpo qilingan dunyo xavf ostida va bu yovuzlik markazida Putin turibdi. Qarang, sayyoramizdagi barcha qaynoq nuqtalar u yoki bu yo‘llar bilan Putinga tutashadi: Suriya, Venesuela, kerak bo‘lsa HAMASda ham Putin gumashtalari izini ko‘ramiz. Afrikadagi son-sanoqsiz to‘qnashuvlarni gapirmasak ham bo‘ladi.

Binobarin Navalniy, uning obro‘sini va G‘arb siyosatdonlarining unga nisbatan husni tavajjuhini hisobga olsak, de-fakto rus muxolifati lideri sifatidagi imkoniyatlaridan kelib chiqsak, mazkur bijg‘igan siyosiy iqlimni o‘zgartirishga ta’sir eta olgan bo‘lardi.

U qaysidir ma’noda 2003 - yilda Xodorkovskiy yo‘l qo‘ygan xatoni takrorladi. Ular hokimiyat keskin choralarni qo‘llashga tayyor emas, deb yanglishdilar. Navalniy qamalgan taqdirda G‘arb Rossiya bilan pachakilashib o‘tirmaydi, eng qattiq sanksiyalarni ishga soladi, deb o‘ylaganlar ham dog‘da qolishdi. Afsuski, G‘arb istibleshmenti bunga tayyor emas ekan. G‘arb jamoatchiligi Putin Rossiyasi real dushmanligini hanuz anglagani yo‘q.

Ozodlik: Bayden Putinni qotil deb atadi, keyin esa u bilan uchrashishga qaror qildi. Bu dialog borasida fikringiz qanday, G‘arb Putin rejimiga yana bir marta yon bosarmikan yoki har holda qat’iyatini namoyish eta olarmikan?

Garri Kasparov: Uchrashuv bo‘layotganining o‘zi yon bosish. Unda biror masalada kelishuv bo‘ladi, deb o‘ylamayman, Bayden kimga ishi tushganini yaxshi biladi. Biroq uning o‘z ma’muriyatidagi sobiq davlat kotibi Jon Kerri boshliq murosachilarga quloq solayotgani yaxshi alomat emas.

Uchrashuv natijasi oldindan ma’lum, chunki Putinga Bayden bilan birga tushgan fotosurati kerak xolos. Mohiyatan, Bayden uchrashuv taklif qilish bilan Putinga nisbatan “qotil” deb aytgan so‘zini qaytib oldi. To‘g‘ri, Putin qotil va Bayden buni biladi. Biroq uchrashuv biron printsipial tusga ega emas. Putin tilagiga yetdi: uchrashuv qaysidir ma’noda uning G‘arb uchun muqobilsiz hamkorligini, dushmanona kayfiyatda bo‘lsa ham, harqalay u bilan birga ishlash mumkinligini tasdiqlab beradi.

Ozodlik: Nahotki biror prinsipial kelishuvga erishilmasa, deylik, Rossiyaning Donbass orqali Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirayotgani masalasida?

Garri Kasparov: Tushunmadim, qanaqa bitim bo‘lishi mumkin. Rossiya Ukrainaning bir qismini bosib olib bo‘ldi. Donbassdagi beqarorlik degani nima? Amerika Ukrainaga zamonaviy qurol-yarog‘ yetkazib berishini e’lon qilsin, beqarorlik o‘z-o‘zidan bitadi. Agressiyaning to‘lovi juda katta bo‘lishi haqida ochiq signal berilsa, hech qanaqa beqarorlik bo‘lmaydi. Bu jihatdan diktatorlar mafiozlar kabidir: qarshi javob bo‘lmasligiga ishonishsa, tamom – hamla qilishadi.

Ozodlik: Putinning do‘stlari haqida gaplashsak. U o‘z aholisini terror qilayotgan layoqatsiz iqtisodiy rejimni saqlash uchun Rossiya byudjetidan ulkan mablag‘lar ajratmoqda. Ayting-chi, Belarus Putin Rossiyasining geosiyosiy mag‘lubiyati bo‘lishi mumkinmi?

Garri Kasparov: “Bo‘lishi mumkin” emas, bo‘lishi kerak. Bu rostdan ham, Rossiyadagi diktatura taqdiri hal bo‘ladigan bir maydondir. Har qanday zarba Putinning jonini og‘ritgan bo‘lur edi. Masalan, Amerika o‘z munosabatida sobit turib, nihoyat, Venesuelada og‘ufurush Maduro rejimini ag‘darganiga edi, bu Putinga kuchli zarba bo‘lgan bo‘lardi.

Qo‘shma Shtatlar o‘z xalqiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llagan damashqlik qassob, bandit va qotil Bashar Asadning siyosiy faoliyatiga nuqta qo‘yish imkonini chippakka chiqarganini aytib o‘tirmayman. Putin bundan foydalanib, Yaqin Sharqda yangi istehkomini qurib oldi. Ana shu terrorchilik va diktatura o‘chog‘i yo‘q qilinsa, Putin yaxshigina tepki yegan bo‘lardi.

Dunyodagi istalgan diktaturaning mag‘lubiyati Putinga zarba bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG