Линклар

Шошилинч хабар
16 май 2024, Тошкент вақти: 16:52

"Gazli" boshqaruvchilari "vaziyatni aniqlashtirdi": Baxtiyor Fozilov - asosiy benefitsiar


Ozodlik surishtiruvini tilga olmasdan uni "asossiz va tuhmat" deb iddao qilgan rasmiy bayonot aslida surishtiruvga asos bo‘lgan maxfiy ma’lumot - "Gazli" gaz ombori Putin oligarxlarining O‘zbekistondagi emissari sifatida ko‘rilgan Fozilovga o‘tganini rasman tasdiqlab berdi.
Ozodlik surishtiruvini tilga olmasdan uni "asossiz va tuhmat" deb iddao qilgan rasmiy bayonot aslida surishtiruvga asos bo‘lgan maxfiy ma’lumot - "Gazli" gaz ombori Putin oligarxlarining O‘zbekistondagi emissari sifatida ko‘rilgan Fozilovga o‘tganini rasman tasdiqlab berdi.

8-mart kuni Gazli Gas Storage kompaniyasi rasmiy saytining “Kompaniya haqida” degan sahifasida bayonot e’lon qilindi.

Bayonot rusumdagidek Gazli Gas Storage MCHJ matbuot xizmati emas¸ balki uning uch boshqaruvchisi - bosh direktor Jabriyev Otabek Akbaraliyevich¸ Bosh direktor birinchi o‘rinbosari Saidazimov Maxamatxodja Xabibullayevich va Bosh direktorning moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Bratuxina Irina Anatolyevna nomidan yozilgan.

Bu uchala boshqaruvchi yozilganining aniq sanasi ko‘rsatilmagan ( (mart 2024-y.) bayonot “Gazli Gas Storage” MCHJ‘ning tahmin qilingan mavhum ishtirokchilari haqida OAV da asossiz va tuhmat ma’nosidagi chiqishlarga javoban” e’lon qilinganini bildirgan.

O‘z bayonotining “vaziyatni aniqlashtirish maqsadida” chiqarilganini ta’kidlagan kompaniya boshqaruvchilari uning “Gazli” Putinning bir qo‘lidan ikkinchisiga o‘tdi” deb nomlangan Ozodlik surishtiruviga javob ekanini ochiq ëzmagan.

Birinchi jumlada nomi keltirilmagan OAVni “asossiz va tuhmat”da ayblagan bayonot mualliflari¸ surishtiruvdagi aynan qaysi ma’lumotning asossiz yoki tuhmat ekaniga ham to‘xtalmagan.

Buning o‘rniga rasmiy bayonot Ozodlik surishtiruviga asos bo‘lgan yangi ma’lumot - O‘zbekiston gaz transport tizimi yuragining Baxtiyor Fozilovga o‘tganini mutlaq tasdiqlab bergan.

“2023-yil oktabr oyida korporativ restrukturizatsiya natijasida tashkilotning ilgari Rossiyaning “Forus” AJ‘ga tegishli bo‘lgan ulushi Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan Daxon Holdings Limited kompaniyasiga o‘tdi. Baxtiyor Fazilov restrukturizatsiyadan oldin ham, keyin ham asosiy benefitsiar sifatida qolmoqda.”

Rasmiy bayonotdagi bu jumla Ozodlikning nafaqat so‘nggi¸ balki oldingi surishtiruvlarida ham fosh qilingan sxema – Baxtiyor Fozilov va uning Putinga yaqin oligarx sheriklari O‘zbekiston energetika sektorini soxta shaxslarga rasmiylashtirilgan kompaniyalar orqali qo‘lga olganini rasman tasdiqladi.

2018-yil oktabrida – Putinning O‘zbekistonga safari oldida tuzilgan Gazli Gas Storage MCHJ aksiyalarining 60 foizi Rossiyaning "Forus"¸ qolgan 40 foizi davlatga qarashli "O‘ztransgaz" AJga tegishli edi.

2018-yildan 2021-yilga qadar "Forus"ning yakkayu yagona ta’sischisi Aida Chachxaliya bo‘lgan.

Chachxaliya Ozodlikning oldingi surishtiruvida ochiqlangani kabi Putinning yaqin do‘sti va "cho‘ntagi" deb ta’riflangan Gennadiy Timchenkoga advokatlik qilib kelayotgan "Ivanyan i Partneri" kontorasida kotiba bo‘lib ishlaydi. Chachxaliya "Forus"dan avval Timchenkoning vinochilikka ixtisoslashgan uzumzorlariga ham qog‘ozda egalik qilib kelgan.

Agar, bayonotda ta’kidlanganidek, “Baxtiyor Fazilov restrukturizatsiyadan oldin ham, keyin ham Gazli Gas Storage MCHJning asosiy benefitsiari” bo‘lgan bo‘lsa¸ nega bu MCHJ ta’sis qilingan 2018-2021-yillarda uning yagona ta’sischisi Sankt- Peterburgdagi advokatlik kontorasidagi kotiba Aida Chachxaliya bo‘lgan?

Nega u Ozodlik surishtiruvi e’lon qilingunga qadar o‘zining Gazli Gas Storage MCHJning asosiy benefitsiari ekanini soxta ta’sischi va qobiq kompaniyalar ortiga yashirib keldi?

Rasmiy bayonotda bu kabi savollarga javob yo‘q.

Gazli Gas Storage MCHJning bir emas¸ uchta boshqaruvchisi nomi keltirilgan baënotdagi navbatdagi iddao “Gazli Gas Storage” MCHJ sanksiyalar ostida bo‘lgan shaxslarga hech qachon tegishli bo‘lmagan”idir.

Ozodlik va "Dosue" jurnalistik surishtiruvlarida Gazli Gas Storage MCHJning 2014-yildan beri G‘arb va YI sanksiyalari ro‘yxatida qolayotgan Gennadiy Timchenko¸ qolaversa¸ Ukraina tomonidan qora ro‘yxatga qo‘shilgan Ivan Yegorovga qanday qilib bog‘lanishi korporativ hujjatlarga tayangan holda keltirilgan.

Xususan¸ surishtiruvlarda Gazli Gas Storage MCHJdagi pul harakatining bevosita Timchenko kompaniyalariga borib taqalishi aytilgan.

Jamoatchilikni Gazli Gas Storage MCHJning sanksiya qilingan Timchenko¸ qolaversa Yegorovga aloqasi yo‘qligiga ishontirishning eng oddiy yo‘li – kompaniya moliyaviy hisobotlarini ochiqlash¸ pulning qaydan kelib¸ qayga ketayotganini ko‘rsatishdir.

Zotan¸ gaz transport tizimi yuragi sanalgan "Gazli" gaz ombori va unga tutash tizimlarning mamlakat energetik hayotidagi o‘ta muhim strategik ahamiyatidan kelib chiqilsa¸ O‘zbekiston jamoatchiligi bunday ma’lumotni bilishga haqli.

O‘zbekiston konstitutsiyasining 68-moddasiga ko‘ra:

“ Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir”.

Shunga ko‘ra¸ Gazli yer ostida gaz saqlash ombori va unga tutash gaz konlari O‘zbekiston xalqiga oid “umumilliy boylikdir”.

Gazli Gas Storage MCHJ boshqaruvi nomidan yozilgan bayonotda Ozodlik surishtiruvida keltirilgan yana bir muhim jihat ham tasdiqlab berilgan.

Bu Putin va uning oligarxlari "Gazli" gaz omborini avval- boshdan turkman gazini Xitoyga re-eksport qilish uchun qo‘lga olgani va bu ombor aynan Rossiyaning Xitoyga yo‘naltirilgan energetik loyihalarida muhim o‘rin tutishi haqidagi ma’lumotdir.

“Gonkongga relokatsiya bo‘lish to‘g‘risidagi qaror Xitoy kompaniyalari bilan katta hajmdagi biznes aloqalari o‘rnatilgani tufayli qabul qilindi. Gonkongda qonuniy ro‘yxatdan o‘tish hisob-kitoblarni va qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb qilishni, biznesni yanada rivojlantirish uchun uskunalar sotib olishni osonlashtiradi”¸ deyiladi bayonotda.

Gazli Gas Storage MCHJ Xitoyning qaysi kompaniyalari bilan “qanday katta hajmdagi biznes aloqalari” o‘rnatdi¸ bundan O‘zbekiston energetik sektoriga qanday manfaat kelmoqda - bayonotda bu haqda lom-mim deyilmaydi.

Nihoyat¸ uch boshqaruvchi chiqargan bayonotdagi yana bir iddao.

Gazli Gas Storage MCHJ bosh ta’sischisining Rossiyadagi "Forus"dan Gongkongdagi Daxon Holdings Limitedga o‘tkazilgani¸ bayonotga ko‘ra¸ “boshqaruv shaklini soddalashtiradi va uni xalqaro investorlar va kontragentlar uchun yanada shaffof va maqbul qiladi”.

Bu “qayta tashkil qilish” Gazli Gas Storage MCHJ boshqaruvini qanchalik shaffof qilganini o‘zbek matbuotining bu o‘zgarish haqida yozgan maqolalaridan ham tushunsa bo‘ladi.

“O‘zbekistondagi eng yirik gaz omborining majoritar huquqqa ega ta’sischisi qachon o‘zgargani, Rossiya kompaniyasi o‘z ulushini qay tarzda begonalashtirgani va bu qarorini “O‘ztransgaz” bilan kelishgani yoki yo‘qligi ma’lum emas. Bu o‘zgarish haqida hozirgacha rasman xabar berilmagan.

Daxon holdingi haqida internetda ma’lumot juda kam. Xususan, uning energetika loyihalaridagi ishtiroki va tajribasi bor-yo‘qligi ma’lum emas. Kompaniya 2019-yil 23-iyulda Hongkongda ro‘yxatdan o‘tgan”, deb yozdi bu “shaffoflik va maqbullikka” eltishi iddao qilingan o‘zgarish haqida O‘zbekistonning eng yirik nashrlaridan bo‘lgan Kun.uz.

60 foiz nazorat paketiga (40 foizi «O‘zbekneftgaz» va «O‘ztransgaz»ga tegishli) egalik qilgan «Forus» o‘z ulushini Gonkongning Daxon Holdings Limited kompaniyasiga topshirdi, biroq 2019-yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan bu kompaniya haqida internetda deyarli hech qanday ma’lumot yo‘q. Xususan, kompaniyaning profili, ta’sischilari va neft-gaz sohasidagi tajribasi bo‘yicha ma’lumot mavjud emas. Shu kabi nomlarga ega bo‘lgan kompaniyalarni Kipr va Buyuk Britaniyadan ham topish mumkin”¸ deb yozdi O‘zbekistonning yana bir yetakchi nashri - Gazeta.uz.

Gazli Gas Storage MCHJ menejerlari “o‘z boshqaruvini shaffof va sodda qilish”ga qaratilgan qayta tashkil qilish nega aynan asl benefitsiarlarni yashirishga imkon beruvchi Gongkongdagi qobiq shirkatlar vositasida amalga oshirilganiga izoh bermagan.

Ozodlik 5-mart kungi surishtiruv e’lon qilinishidan bir necha kun oldin Baxtiyor Fozilov¸ Gennadiy Timchenko va O‘ztransgaz AJ matbuot xizmatiga unda keltirilgan ma’lumotlar yuzasidan rasmiy izoh berishni so‘rab murojaat qilgan edi.

Ammo bu so‘rovlarning birortasiga hozirga qadar bevosita javob berilgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG