Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini uchinchi - oxirgi o‘qishda ma’qulladi. Tanqidchilar mazkur loyihani Rossiyadagi “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi repressiv qonunning muqobili, deb atashmoqda.
Hujjat 150 deputatning 84 nafari tomonidan yoqlangan, ular qonun loyihasini kiritgan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi va ularning ittifoqchilari bo‘lib hisoblanadi. 30 nafar deputat qonun loyihasiga qarshi ovoz bergan. Qaror oldidan o‘tkazilgan muhokama chog‘ida deputatlar mushtlashib ketishgan.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili, qonun loyihasi parlamentda qabul qilingan taqdirda, unga veto qo‘yishni va’da qilgan. Biroq “Gruziya orzusi” prezident vetosidan ustun kelish uchun yetarli ovozga ega. Agar shundan keyin ham prezident qonunni imzolamasa, uni parlament raisi imzolab, e’lon qiladi.
Bahsli qonun qabul qilinsa, o‘z moliyasining 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan oladigan barcha tashkilotlar va guruhlar xorijiy agent o‘laroq ro‘yxatdan o‘tishlari lozim bo‘ladi. Qonun loyihasi tashabbuskorlari qonun Gruziyani chet eldan moliyalashtiriladigan norozilik aksiyalari, radikal partiyalar va propagandachi mediadan himoya qilish uchun zarurligini aytishmoqda. Mazkur qonunni buzganlar yirik miqdorda jarima to‘lashlari kerak bo‘ladi. Hujjat mualliflari undagi moddalar Rossiya qonunchiligidan emas, AQSH qonunchiligidan olinganini urg‘ulamoqdalar.
Muxolifatchilar, xususan, Mixail Saakashvilining “Yagona milliy harakat” partiyasi tarafdorlari qonun loyihasi fuqarolik jamiyatiga qarshi qatag‘onlarni mashru’lashtirib, Gruziyani G‘arbdan yuz burishiga va “Rossiya tomonidan yutib yuborilishi”ga olib kelishini iddao qilishmoqda.
O‘tgan yil dekabrida Gruziyaga Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomini bergan YI qonun qabul qilinishi Yevropa Ittifoqi qadriyatlari bilan muvofiq emasligi hamda Gruziyaning bu birlashmaga a’zoligini xavf ostiga qo‘yishini bildirgan.
Qonun loyihasiga o‘n minglab gruziyalik qarshi chiqmoqda. Ular bir oydan buyon mamlakatning turli shaharlarida Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ko‘targan va “Rossiya qonuni”ni qabul qilmaslikni talab qilgan holda norozilik namoyishlariga chiqishmoqda. Bu kabi aksiyalarda huquq-tartibotchilar bilan to‘qnashuvlar kuzatilgan – politsiya norozilarga qarshi kuch ishlatib, ular fikricha, jamoat tartibini buzgan namoyishchilarni qo‘lga olgan. “Xorijiy agentlar”ga oid qonun loyihasiga qarshi talabalar ham zabastovkalar uyushtirishmoqda.
O‘tgan yili ommaviy norozilik chiqishlaridan keyin Gruziya parlamenti “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan taklif etilgan “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qaytargan edi. Bu yil esa “Gruziya orzusi”ning parlamentdagi fraksiyasi lideri Mamuka Mdinaradze qonun loyihasi “hech qanday sharoitda” qaytarib olinmasligini bildirib, loyiha bahorgi sessiya oxirigacha qabul qilinishiga amin ekanini aytgandi. Tbilisida qonun loyihasini dastaklab ham ko‘p ming kishilik miting bo‘lib o‘tgan, mazkur tadbir “Gruziya orzusi” tomonidan tashkil etilgan edi.