Tbilisida Ichki ishlar vazirligi xodimlari yevrointegratsiyaning to‘xtatilishiga qarshi parlament binosi oldida norozilik aksiyasi o‘tkazayotgan namoyishchilarga qarshi maxsus vositalardan foydalangan. Ozodlikning gruzin xizmati xabariga ko‘ra, politsiya norozilarga qarshi ko‘zni achishtiruvchi sprey qo‘llagan bo‘lishi mumkin.
Sprey boshqa namoyishchilar kabi siyosatchi Levan Gogichaishvili va “Pirveli” telekanali tasvirchisi yuziga ham sachragan. Politsiyachilar norozilar olomoniga qarata tutun chiqaradigan shashkalar ortgan. Namoyishchilar bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Politsiya iddaosicha, IIVning bir xodimi kasalxonaga yotqizilgan.
29-noyabrga o‘tar kechasi parlament binosi oldida vaziyat taranglasha boshlagan. Namoyishchilarga nisbatan kuch qo‘llagan politsiya xodimlari ularni tutib keta boshlagan. Qo‘lga olinganlar orasida OAV xodimlari ham bor. Niqob taqqan IIV xodimlaridan biri jonli yoyinda vaziyatni yoritayotgan Ozodlik jurnalisti David Sagareliga hujum qilgan.
Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 7 larga borib politsiya kuchlari Tbilisining Rustaveli shohko‘chasini egallab, Respublika maydoni oldida namoyishchilarni qo‘lga olishni davom ettirishgan.
Parlament binosi oldida 28 noyabr oqshomida boshlangan aksiyada prezident Salome Zurabishvili ham ishtirok etgan. Paper Kartuli'ning yozishicha, u politsiyaning maxsus topshiriqlar bajaruvchi xodimlariga murojaat qilgan.
“Siz Rossiyaga xizmat qilyapsizmi yoki Gruziyagami? Siz kimga ont bergandingiz? Meni sizlar beradigan javob qiziqtiryapti. Siz prezidentga javob bermayapsizmi? Siz kelajak haqida o‘ylamayapsizmi? Mamlakat haqida, bolalar haqida o‘ylamayapsizmi?” deya savol tashlagan prezident Zurabishvili.
Tbilisidagi namoyishlarda, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 mingdan 20 ming nafargacha kishi ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Gruziyaning boshqa yirik shaharlarida ham mitinglar bo‘lib o‘tgan. Namoyishchilar rasmiylardan Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatish qarorini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishmoqda.