Линклар

Шошилинч хабар
03 март 2021, Тошкент вақти: 01:42

Gulnora Karimova ishi: Telia sobiq rahbarlariga chiqarilgan oqlov hukmi kuchda qoldirildi


Telia shirkatining sobiq rahbari Lars Nyuberg - 31 - yanvar, 2013

Shvetsiya sudi Gulnora Karimovaga pora berishda ayblangan Telia ( oldingi nomi Teliasonera - tahr.) mobil aloqa shirkatining sobiq rahbarlarini oqlash to‘g‘risidagi hukmni kuchda qoldirdi.

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) xabariga ko‘ra, 4 - fevral kuni Stokholm mahkamasi Telia shirkatining (O‘zbekistondagi Ucell brendi-tahr.) sobiq rahbari Lars Nyuberg va uning ikki sherigiga nisbatan chiqarilgan oqlov qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Shirkatning uch sobiq rahbari O‘zbekiston telekommunikatsiyalar bozoriga kirish uchun o‘sha vaqtdagi prezident Islom Karimoavning qizi Gulnora Karimovaga qarashli offshor shirkatlariga taxminan 320 million dollar pora berganlikda gumon qilingan edi.

Bu gumon ilk bor Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) hamda Shvetsiya televideniyesining (SVT) 2012 - yildagi jurnalistik surishtiruvida yangragan.

Ular Stokholm mahkamasining 2019 - yil fevralidagi hukmi bilan¸ gumon qilingan jinoyatlarda aybsiz deb topilgan. Hakamlar bunday qarorga kelishini sobiq rahbarlar “texnik jihatdan” Karimovaga pora bermagani bilan izohlagan.

Aynan shu huquqiy cheklov bois sud Telia shirkatining sobiq rahbarlariga nisbatan chiqarilgan oqlov qarorini bu gal ham kuchda qoldirdi.

Shvetsiya prokuraturasi 2019 - yil martida aktsiyalarining 37 foizi hukumatga qarashli bo‘lgan Telia (eski nomi TeliaSonera) sobiq rahbarlarining aybsiz deb topilgani haqidagi Stokholm sudi hukmi ustidan apellyatsiya kiritgan edi.

2007-2010 - yillarda O‘zbekiston telekom bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga qarashli offshor shirkatlariga 350 million dollardan ko‘proq pora berganlikda ayblangan Telia shirkatining sobiq bosh ijrochi direktori Larsgan Nyuberg¸ shirkatning sobiq moliyaviy direktori va vitse-prezidenti Tero Kivisaari va Yevroosiyo faoliyati bo‘yicha sobiq bosh maslahatchi Uli Tuimalar¸ mahkamaning 2019 - yil 15 - fevral kungi hukmi bilan aybsiz deb topil.

Hukmga berilgan izohga ko‘ra¸ pora deb atalgan yuzlab million dollar berilgan yillarda shved qonunchiligiga ko‘ra¸ u yoki bu davlat rasmiysiga pul yoki boshqa narsa berishgina korrupsiya hisoblangan va ayblov tomoni mahkama davomida Gulnora Karimovaning davlat rasmiysi bo‘lganini shubha qoldirmaydigan darajada isbot qila olmagan.

Otasi prezidentligida qamoqqa tashlangan Gulnora Karimova O‘zbekistonda 13 yilu 4 oylik jazo muddatini o‘tamoqda
Otasi prezidentligida qamoqqa tashlangan Gulnora Karimova O‘zbekistonda 13 yilu 4 oylik jazo muddatini o‘tamoqda

Pora oluvchilarning rasmiy ro‘yxatida Gulnora yo‘q

Sud jarayonida Telia amalga oshirgan to‘lovlar Gulnora Karimovaning cho‘ntagiga ketgani borasida shubha, umuman bildirilmagan.

Prokuratura millionlab dollarlarni offshorga o‘tkazib berish mohiyatan pora ekanligini isbotlashga uringan. Lekin sud izohiga ko‘ra¸ u yoki bu davlat rasmiysiga pul yo-da boshqa narsa berishgina korrupsiya hisoblangan. Ayblov tomoni esa, mahkama davomida Gulnora Karimovaning telekommunikatsiya sohasida davlatning vakolatli rasmiysi bo‘lganini shubha qoldirmaydigan darajada isbot qila olmagan.

“Prokuratura Gulnara Karimova telekommunikatsiya sohasiga oid lavozim yoki vazifada bo‘lanini isbotlab berolmagan”, deydi sudya Kerstin Elsert. Uning qo‘shimcha qilishicha, prokuratura shuningdek, bu pullar u yoki bu davlat rasmiysiga to‘langanini ham isbotlay olmagan. Endilikda Shvetsiya Bosh prokuraturasi Stokholm sudi hukmi ustidan Oliy Sudga apellyatsiya kiritishi mumkin.

Chiqarilgan hukm borasida OCCRP bilan suhbatlashgan Shvetsiya Bosh prokurori Kim Endryus “poraxo‘rlik borasidagi qonunchilikning bu kabi talqin qilinishini “haqoratomuz” deb atagan.

“Bu Shvetsiya kompaniyalari diktatorlar yoki ularning oila-a’zolariga pora berib, o‘z ishlarini bitirib yurishlari mumkin, deganidir. Oqlov hukmi Shvetsiya aynan shunday qing‘ir yondashuvning oldini olish bo‘yicha o‘z xalqaro majburiyatlariga muvofiq ish tutmayotgani, bizning shaltog‘imizni boshqa Yevropa davlatlari va AQSh tozalab yurishini anglatadi”, - deydi Bosh prokuror. “Sudyalar aynan shunday bo‘lishini istaganiga shubham bor”, - deb qo‘shimcha qildi u.

Telia shirkatining sobiq rahbari Lars Nyubergning advokati Stefani Pleyjel sud qarorini olqishladi. “Karimova shaxsi, qonun bo‘yicha, pora oluvchilar ro‘yxatiga kirmasligini aytib, ushbu ish yopilishini so‘rab kelgan edik”, - deydi u OCCRP bilan suhbatda. “Qonun qonun chiqaruvchilarga yoqmasa, ular uni o‘zgartirishi mumkin. Jarayon aslida mana shunday bo‘lishi kerak”, - deya ta’kidlaydi ayblanuvchilar advokati.

Shvetsiyaning Telia, Rossiyaning Vimpelkom va MTS shirkatlari Gulnora Karimovaga millionlab dollar pora berganini tan olish orqali Amerika hukumati bilan kelishuvga erishgan va jarimalar to‘lagan. Xususan, Telia shirkati AQSh Adliya vazirligi bilan 2017 - yilda kelishgan va 965 million dollar jarima to‘lagan. Lekin bu kelishuv “Shvetsiyadagi sud hukmiga hech qanday aloqasi yo‘q”,- deydi Pleyjel.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shirkat Nyuberg ishdan ketganidan so‘ng kelishuvga erishgan, «bu mashmasha uchun shaxsiy javobgarlikka aloqasi yo‘q». “AQSh tomonidan pora berishda ayblangan kompaniyalar ko‘pincha, kompaniya uchun manfaatli bo‘ladi deb, shunday kelishuvga kirishadi”, - deydi Pleyjel.

Ish hanuz yopilmadi

OCCRP jurnalisti Ola Vesterbergning yozishicha, AQSh hukumati bilan erishilgan kelishuv va Shvetsiyadagi oqlov hukmiga qaramay, Nyuberg va boshqa ayblanuvchilar uchun ish, kamida AQShda, hali yopilmagan bo‘lishi mumkin. Advokatlarga ko‘ra, AQSh hukumati hali ularga qarshi alohida-alohida da’volar ochishi mumkin. AQSh Adliya vazirligi vakili Shvetsiya sudining so‘ngi qaroriga izoh berishdan bosh tortgan.

Gulnora Karimovaning o‘zi O‘zbekistonda 13 yilu 4 oylik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2020 - yil 18 - mart kuni Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha o‘z hukmini e’lon qilingandi.

Sud G. Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, uni 13 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan.

Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda, jazo muddatini 2015 - yil 21 - avgustidan boshlab hisoblash belgilangan.

Karimovaning shveysariyalik advokati hamda farzandlari tergov va jazo muassasasida uning huquqlari poymol etilganini iddao qilishgan, ammo O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu iddaolarni rad etgan.

XS
SM
MD
LG