Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:14

Gulnora Karimovaning Moskvadagi kvartiralari sotiladi, pulini Rossiya bilan O‘zbekiston teng taqsimlaydi


Rossiya sudi O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Moskvadagi oltita kvartirasini musodara qilish haqida qaror chiqardi.

TASS agentligining O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Muzrof Ikromov so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, Karimovaning sud tomonidan musodara qilingan kvartiralari sotuvidan tushgan daromadni Rossiya bilan O‘zbekiston teng taqsimlashga kelishishgan.

O‘zbekiston Adliya vazirligi 2020-yilda Bosh prokuratura bilan birgalikda Karimovaning “jinoiy yo‘llar bilan topilgan” 1,3 milliard dollarlik aktivini qaytarish bilan shug‘ullanayotgani haqida ma’lum qilgan. Vazirlik qaydicha, Rossiyada sobiq prezidentning katta qizi hisobraqamlarida 6 million dollar saqlanmoqda. Shuningdek, uning Moskvadagi “Kamelot” turarjoy majmuasida pentxausga, “Rublyovka” massivida hashamatli uyga va sakkizta kvartiraga egaligi aytilgan. Bundan tashqari, uning Yaltada 2 million dollarlik yer uchastkasi, uyi va mehmonxonasi borligi qayd etilgan.

Avvalroq Gulnora Karimovaga qarshi ochilgan jinoyat ishi doirasida musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun Shveysariya va O‘zbekiston BMT qoshida ko‘ptomonli trast fondi tuzishga kelishib olgani bildirilgan. 2012-yildan beri Karimovaning Shveysariya banklaridagi hisobraqamlarida qolayotgan pullardan taqriban 131 million dollari shu kunda qaytarish hozir holatga keltirilgan.

Muzrof Ikromov 13-sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida Fransiya, AQSh, Latviya va boshqa mamlakatlardagi Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhga oid aktivlarning umumiy qiymati qariyb 1,4 milliard dollarga baholangani, bu pulga 1400 ta maktab qursa bo‘lishini aytdi.

O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi 2013-yilda o‘g‘rilik va soliq to‘lashdan bosh tortish ayblovlari bo‘yicha ikkita jinoyat ishi ochilgan. 2015-yilda u birinchi ish bo‘yicha 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2017-yilda esa u ikkinchi ish bo‘yicha 10 yil qamoq jazosi olgan. Keyinchalik mazkur jazo besh yilga ozodlikni cheklash jazosi bilan almashtirilgan.

2020-yilning mart oyida G. Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi hukmi bilan 13 yilu 4 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. Karimova jinoiy uyushma tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan. U 2019-yil bahoridan beri Zangiotadagi 21-sonli ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tamoqda.

Ozodlik prezident Islom Karimov hali tirikligida uning to‘ng‘ich qizi G. Karimovaning kirdikorlariga bag‘ishlangan ko‘plab materiallar tayyorlagan. Shulardan biri shvetsiyalik telejurnalistlar bilan birga hozirlangan “Moskvadan kelgan chopar” hujjatli filmi edi. Bu va boshqa materiallar avval xorijda, keyin esa O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi ishlar ochilishiga turtki bo‘lgan.

Москвадан келган чопар
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:18 0:00

XS
SM
MD
LG