Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2020, Тошкент вақти: 15:46

«Halol» standarti eksport va ziyorat turizmi uchun joriy qilinmoqda – ichki bozorga hozircha ruxsat yo‘q


16 - noyabr kuni “O‘zstandart” agentligi, Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti tomonidan Halol ta’minot zanjiri tizimi bo‘yicha qabul qilingan 3 ta yangi standart O‘zbekistonda ham ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Shu paytgacha agentlik mamlakatda “Halol” tamg‘asi bosilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish va bu sohadagi xizmatlarga oid 6 ta standartni qabul qilgan edi.

Agentlik bergan rasmiy bayonotga ko‘ra, bu standartlar, asosan, halol oziq-ovqat mahsulotlari va ingridiyentlari eksporti hamda ziyorat turizmi uchun qo‘llanilmoqda.

Ammo mamlakat ichki bozori va ichki ishlab chiqaruvchilar uchun hozircha sertifikat berilmayotir va rasmiy bayonotlar mazmuniga ko‘ra, bunga ehtiyoj yo‘q, degan qarorga kelingan.


Mamlakatda “Halol” standarti bilan bog‘liq rasmiy bayonot, prezident Afg‘onistonga halol tovuq sotish bo‘yicha imzolagan farmondan 3 kun o‘tib paydo bo‘ldi.

"O‘zstandart" agentligi bergan ta’rifga ko‘ra, Halol (ya’ni - ruxsat etilgan) tushunchasi – bu «islom dinida ruxsat etilgan va yo‘l qo‘yilgan barcha mahsulotlar» bo‘lsa, «Halol» standartlari esa – mahsulotlarni islom dini talablari bo‘yicha ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish va tamg‘alash jarayonlariga bo‘lgan talablarni belgilaydi.

Prezident 12 - noyabr kuni imzolagan qarorda, Afg‘oniston bilan kelgusi 3 yil ichida savdo hajmini oshirish va aloqalarni tiklashga oid keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan.

Rejalar sirasida qo‘shni davlatga halol mahsulotlar, xususan, tovuq go‘shti sotish rejasi alohida qayd etilgan.

Hujjatda, buning uchun “Halol” standartini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralarni tezda tugatish, halol mahsulotlarni ishlab chiqaradigan korxonalar va kushxonalarni tayyorlash bo‘yicha tezkor topshiriqlar berilgan.

Prezident topshirig‘i matbuotda e’lon qilinganidan 3 kun o‘tib, “O‘zstandart” agentligi Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan halol ta’minot zanjiri tizimi bo‘yicha 3 ta yangi standartlar qabul qilingani haqida xabar berdi.

Aslida shu yilning 4 - noyabrida qabul qilingan bu standartlarda halol mahsulotlarni tashish, saqlash hamda ularni iste’molchiga yetkazib berish bo‘yicha ta’minot zanjiriga qo‘yilgan talablar belgilangan:

1. OIC/SMIIC 17-1:2020 (Halal supply chain management system - Part 1: Transportation - General requirements) “Halol ta’minot zanjirini boshqarish tizimi - 1-qism: Tashish - Umumiy talablar”,

2. OIC/SMIIC 17-2:2020 (Halal supply chain management system - Part 2: Warehousing - General requirements) “Halol ta’minot zanjirini boshqarish tizimi - 2-qism: Omborxona - Umumiy talablar”

3.OIC/SMIIC 17-3:2020 (Halal supply chain management system - Part 3: Retailing- General requirements) “Halol ta’minot zanjirini boshqarish tizimi - 3-qism: Chakana savdo - Umumiy talablar”.

«O‘zstandart» agentligi bu 3 standart O‘zbekistonda ham o‘rganib chiqila boshlagani va qabul qilinishi mumkinligini bildirdi.

Bu xabar ortidan Ozodlik mamlakatda “Halol” tamg‘asi bosilgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va buning uchun beriladigan sertifikat borasidagi savollar bilan agentlikka murojaat qildi.

Agentlik rasmiysi, hozirda mamlakatda halol mahsulot ishlab chiqarilishi va savdosiga oid jami 6 ta standart qabul qilinganini bildirdi. Qo‘shimcha savollarga tez orada rasman javob berilishini va’da qildi.

Agentlik rasmiy saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, 6 standart, 2017 - yil oktabrda – mamlakatda “Halol” sertifikati berilgan maxsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha prezident qarori imzolanganidan keyin qabul qilingan.

Bular, asosan, halol oziq-ovqat mahsulotlari va ingrediyentlarini ishlab chiqarib, eksportga yo‘llash bilan shug‘ullanadigan hamda ziyorat turizmi uchun litsenziya berilgan biznes sohasi vakillariga sertifikat berishda qo‘llanmoqda.

O‘zbekiston “Halol” standartini ishlab chiqish jarayoniga bilvosita aloqador bo‘lgan rasmiyning, ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka aytishicha, Islom davlatlari bilan izchillashayotgan hukumat darajasidagi aloqalarga hamohang ravishda mahsulotlar eksporti va tovar-xizmatlar sohasida “Halol” standartlarini qo‘llash zarurati tug‘ilgan.

Shu bois so‘nggi ikki yil ichida aynan musulmon davlatlariga yuboriladigan eksport mahsulotlari va bu davlatlardan kelayotgan ziyoratchilar talabini qondirish uchun 6 ta standart qabul qilingan.

Ammo bu rasmiyga ko‘ra, mamlakatning ichki bozori uchun mahsulot ishlab chiqarayotgan yoki xizmat ko‘rsatayotgan korxonalar uchun hanuz “Halol” sertifikati berilmayotir.

“Biz musulmon mamlakatmiz va hozircha mamlakatning ichkarisida bunaqa sertifikatga ehtiyoj kuzatilmadi. Lekin "Halol” sertifikatini beradigan idoraning o‘zi 2020 - yilda tuzildi. Kelgusida ichki bozorga ham e’tibor qaratilsa kerak", - dedi bu rasmiy.

Ozodlik bu borada ayni sohaga mas’ul «O‘zstandart» agentligiga berilgan savollarga esa hanuz javob kutmoqda.

Ayni paytda, 17 - noyabr kuni Ozodlik savollariga javob bergan bir necha o‘zbekistonlik aslida “Halol” tamg‘asi urilgan mahsulotga mamlakat ichkarisida ham katta ehtiyoj bor, degan fikrni bildirdilar.

Jumladan, shu kunda Farg‘ona viloyatida yashayotgan uy bekasidan Ozodlik muxbiri shunday javob oldi:

“Baribir shu sertifikatni qabul qilish kerak. Hamma yegulik va iste’mol mollari uchun. Masalan, sharbatlar, qayta ishlangan hamma mahsulot, go‘sht, sut va turli konservalar. Lekin, men bozorda “Halol” tamg‘asi urilgan mahsulotlarni ko‘rmadim, to‘g‘risi. Faqat “Rollton”ga (quruq sho‘rva - tahr.) halol deb yozishyapti, uyam Qozog‘istondan kelgan”.

Toshkentlik jurnalistlardan biri o‘z vaqtida bu masalani yoritishga uringani va bu asnoda ichki iste’molchilarda "Halol" sertifati mavjud go‘sht, sut va konserva mahsulotlariga ehtiyoj kuchli, degan xulosaga kelganini aytadi:

“Misol uchun, kolbasa mahsulotlariga ishonch yo‘q. Chunki uning ichiga yashirincha solinadigan narsalar bo‘yicha dahshatli ma’lumotlar bor. Ko‘chada ovqatlanish muassasalariga ishonch yo‘q, gigiyena ham chatoq. Musulmon odam O‘zbekistonda ham ancha-muncha joyda ovqatlana olmaydi. Agar standartlar ishlab chiqilsa, shu asosda sertifikat berilsa va buning ustidan nazorat o‘rnatilsa, unda bunga ehtiyoj katta. Shuning uchun bunaqa sertifikatni birinchi bo‘lib ichkarida joriy qilish kerak, degan xulosaga kelganman”.

Yana bir jurnalist va bloger Davron Tojialiyev esa, shu kunda mamlakatda xorijiy davlatlarga mahsulot chiqarayotgan va sertifikatni xorijdan olgan shirkatlar ko‘zga tashlanayotganini qayd etdi:

"Ehtiyoj, albatta bor. Xalqimiz o‘zi iste’mol qilayotgan yeguliklarning sifatiga avvalgidan yaxshiroq e’tibor qaratadigan bo‘lgan. Shuningdek, musulmonlar orasida "Halol" brendga aylangan. Endi buni rasmiy idora, o‘zimizdagi idora tasdiqlab bersa, iste’molchilar orasida ishonch ortadi. Bundan 10 yillar avval mahsulot nomida "halol" so‘zini qo‘llash ham mumkin emas edi. "HalolFood" degan kafelarni yopishgandi. Oxirgi 4-5 yilda O‘zbekistondagi ayrim mahsulot egalari "Halol" sertifikatini Rossiya, Turkiya, Malayziya, Qozog‘iston kabi davlatlardan olib kelishayotgan edi. O‘zimizdagi “Halol” sertifikatsiyalash idorasi mijozlari ham oxirgi yilda ko‘paydi".

O‘zbekistonda "Halol" standartini ishlab chiqish jarayoniga aloqador mulozimga ko‘ra, mamlakat 2019 - yilning 1 - yanvaridan SMIIC tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgach, bu tashkilot doirasida qabul qilingan 20 ga yaqin “Halol” standartlarini ko‘rib chiqish boshlangan.

Shu kunga qadar ichki ehtiyoj va zaruratdan kelib chiqib, faqat 6 tasi qabul qilingan:

  • “Halol” sertifikatini beradigan idoraga qo‘yilgan talablar;
  • Halol ovqat va ichimliklar tayyorlanadigan, saqlanadigan va sotiladigan muassasaga qo‘yilgan talablar;
  • Islom iste’mol mahsulotlari, kosmetika va shaxsiy gigiyena mahsulotlariga qo‘yilgan talablar;
  • Islom iste’mol mahsulotlari - hayvonlar terisi, yungi, suyagi va hokazolardan tayyorlanadigan mahsulotlar bo‘yicha umumiy talablar;
  • Halol oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalar faoliyatiga qo‘yiladigan talablar;
  • Turizm xizmatlari va musulmon hamdo‘stligi deb nomlangan yana bir maxsus standart.

Mulozim ayni paytda musulmon davlatlari orasida qo‘llanilayotgan amaliyot hamda o‘zaro hamkorlikdan kelib chiqib, boshqa standartlar ham ko‘rib chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG