Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:01

Haydovchidan pora olgan YPX xodimi 4 yilga qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Guliston shahri sudi yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchidan pora olgan YPX xodimini 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyat hududidagi avariya sodir bo‘lgan joyga yetib borgan YHXX katta inspektori hodisani rasmiylashtirgan va yo‘lovchilardan birining jarohat darajasini aniqlash uchun tibbiyot ekspertizasi tayinlagan.

YTH sodir etgan mashina darhol jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Oradan to‘rt-besh kun o‘tgach, YPX xodimi haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirib, tergovga qadar tekshiruv materiallarini uning foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda mashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilgan. Buning evaziga haydovchidan 400 dollar pul talab qilgan.

YHXX katta inspektori haydovchining arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘z xizmat xonasida 200 dollarni olayotgan vaqtida ushlangan.

Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topgan.

Avvalroq Ozodlik Camarqand viloyati Paxtachi tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili poraxo‘rlik sabab 2 yil muddatga, Andijon tumanidagi profilaktika inspektori esa bangfurushga ko‘maklashgani ortidan 10 yil 2 oy muddatga qamalgani haqida xabar qilgan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2020-yilda ichki ishlarning 46 nafar xodimi korrupsion jinoyatlarga qo‘l urgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich deyarli 2 baravarga ortib, 89 nafar xodim tomonidan 119 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan.

XS
SM
MD
LG