Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:13

Hibsdagi bloger Abduqodir Mo‘minov beshinchi advokatdan voz kechdi. Sababi yaqinlariga noma’lum


Rasmiylar bloger Abduqodir Mo‘minovning hibsxonada qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni rad etishgan.
Rasmiylar bloger Abduqodir Mo‘minovning hibsxonada qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni rad etishgan.

Hibsdagi bloger Abduqodir Mo‘minov oilasi yollagan beshinchi advokatdan voz kechgan.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minov sudda "o‘zini-o‘zi himoya qilishiga ishonmoqda".

Ayni paytda Mo‘minov advokatlardan voz kechish qarorini o‘z ixtiyori bilan qabul qilganmi yoki bosim ostidami, noma’lum qolayotir.

Rasmiylar uning hibsda qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni rad etishgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tanqidchisi sifatida tanilgan 33 yashar Mo‘minov 8- fevral kuni “firibgarlik" va "tovlamachilik"da gumon qilinib, hibsga olingandi.

Uning hibsga olinishi - Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, O‘zbekistonda faollashgan va matbuotdan farqli, avvaliga erkin qo‘yilgan blogerlar va ularga nisbatan bosimlarga yana jamoatchilik e’tiborini qaratdi.



Oilasi: Advokatdan voz kechish sababi bizga noma’lum


Abduqodir Mo‘minovning onasi Sabohat Abdullayevaga ko‘ra, o‘g‘li shu vaqtgacha oilasi yollagan beshinchi advokatni rad qilgan. U o‘g‘lining advokatlardan voz kechish sababi o‘zi uchun qorong‘i ekanini aytadi.

Oila yollagan so‘nggi advokat esa bir hafta urinib, hibsdagi Abduqodir Mo‘minov bilan uchrasha olmagan va advokatga mahbus Toshturma qamoqxonasiga o‘tkazilganini aytishgan.

Ammo, Sabohat Abdullayevaga ko‘ra, o‘g‘lining Toshturmaga o‘tkazilgani haqidagi xabardan bir necha soat o‘tib, muqaddam tergovchi tomonidan ishdan chetlatilgan advokatlardan biri kutilmaganda qo‘ng‘iroq qilgan:

"O‘g‘lingizni 7-mart kuni oqshom Toshkent shahar IIBB binosida ko‘rdim, u yana advokatdan voz kechdi, unga qora choy olib borib beringlar", dedi menga. Ahvoli qanday desam, "Yuzidan ko‘rinishi yaxshi, lekin kayfiyati yo‘q", dedi. O‘sha kuni sal oldin kiritgan boshqa advokatimizga Abduqodirni uch kunga Toshturmaga o‘tkazilganini aytishgan ekan".

Abduqodir Mo‘minov hibsga olinganida, uni ko‘rish uchun Surxondaryodan kelganini aytgan onasi, hanuz o‘g‘lini ko‘ra olmagani, hanuzgacha uning qayerda saqlanayotgani va ahvoli qanday ekani haqida ishonchli ma’lumotga ega emasligini aytmoqda.

Aksincha, Abdullayevaning aytishicha, u va kelini - Abduqodir Mo‘minovning xotini yashab turgan ijara uyidan chiqarib yuborilgan. Kasbi shifokor bo‘lgan Sabohat Abdullayeva, takror-takror murojaatlardan so‘ng, 23-fevral oqshom soat 9 da o‘g‘lini bir necha daqiqalik videoaloqa orqali ko‘rgandi.

O‘shandan buyon bu ayol o‘g‘li bilan yuzma-yuz uchrashuvni talab qilmoqda.

Abdullayeva eng boshidan buyon, o‘g‘liga qo‘yilgan ayblovlarda asos bo‘lsa, uning qonuniy ravishda sud qilinishi kerakligi, ammo mamlakatdagi bugungi sudlovning adolatiga ishonchi komil emasligi, bunga faqat umid qilishini aytib keladi.

Bloger taqdiri bilan qiziqayotgan Parijdagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari himoyasi uyushmasi rahbari Nadejda Otayeva, Mo‘minov atrofidagi bu kabi mavhum vaziyatdan xavotirlanish kerak, degan fikrda:

“Avvaliga, advokat onasi bilan kirsin, degan vaj bilan rad etishdi. Keyin esa bayram kelib qoldi, deyishdi. Tez orada BMT Oliy komissarining O‘zbekistonga safari boshlanadi va bu ham advokatni o‘z himoyalanuvchisi oldiga kiritmaslikka sabab bo‘ladimi? Bu orada, "Daryo.uz" nashridagi maqola chiqyapti va unda Mo‘minovning u bilan yaxshi munosabatda bo‘lishayotgani, kuniga uch mahal ovqatlantirishayotgani haqidagi gaplari berilyapti. Hisbdagi blogerning o‘ziga nisbatan hukumat qo‘llayotgan choralarni oqlashga majburlanayotganining o‘zi - Mo‘minov va uning kabi o‘z pozitsiyasini bildirgani uchun taqibga uchragan hamkasblari ahvolidan xavotirlanishimiz uchun yetarli asosdir”.

Huquq faoli tilga olgan maqola - Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Ichki ishlar vazirligi 24-fevral kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi vaqtincha saqlash hibsxonasida Abduqodir Mo‘minov va jurnalistlar uchrashuvini tashkil etgach, paydo bo‘ldi.

“Daryo.uz” Internet nashri o‘z muxbiri bloger bilan tergov jarayonlari qanchalik qonuniy kechayotgani to‘g‘risida qisqacha suhbatlashganini xabar qildi.

“Ko‘rib turibsizlarku, o‘zgarganim yo‘q, holatim avvalgiday. Nima xato qilgan bo‘lsam, o‘sha bo‘yicha tergov ketyapti. Barchasi qonuniy. Meni kimdir urib yoki boshqa jismoniy, ruhiy qiynoqlar qo‘llagani yo‘q. Tergov harakatlari qonun doirasida bo‘lyapti”, deya iqtibos keltirgandi blogerdan Daryo uz nashri.

Ammo, bu uchrashuvdan foto yoki videomateriallar berilmadi. Daryo uz nashri Mo‘minov bilan suhbat videoga yozib olingani, biroq bloger o‘zi aks etgan video, foto yoki audioni OAVda e’lon qilmaslikni so‘ragani bois e’lon qilinmaganini aytgan.

Rasmiy bayonot

Prezident Mirziyoyev tanqidchisi sifatida tanilgan 33 yashar bloger Abduqodir Mo‘minov haqida shunga qadar 2 marta rasmiy bayonot berildi.

Avvaliga, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Mo‘minovga nisbatan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”), 165-moddasi (“Tovlamachilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, A.Mo‘minov protsessual tartibda ushlanganini ma’lum qildi.


So‘ngra, 21-fevral kuni tarmoqlarda blogerning hibsxonada qiynoqlardan o‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov blogerning tirik va sog‘ omon ekani haqidagi ikkinchi rasmiy bayonotni berdi.

Shundan beri, jamoatchilik katta qiziqish va xavotir bilan taqdirini kuzatayotgan bu bloger haqida boshqa ma’lumot bermadi.

O‘zbekiston huquq tartibot idoralari, tergov ishiga ta’sir qilmaslik va shaxsga doir ma’lumotlarni jamoatchilikka oshkor qilmaslik sababi bilan, bu bloger taqdiriga oid matbuot so‘rovlarini rad etib keladi.

Mirziyoyev davri blogerlari

Abduqodir Mo‘minovning hibsga olinishi - O‘zbekistonda 2016-yil - Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan so‘ng birdan faollashgan va mamlakatdagi rasmiy yoki nodavlat OAV berilmagan erkinlik bilan siylangan blogerlarga oid muhokamalarni yana kun tartibiga chiqardi.

O‘zbekistonning diktatorlik rejimi ostida kechgan qariyb 30 yillik hayotidan so‘ng - o‘zini islohotchi prezident sifatida taqdim qilgan Shavkat Mirziyoyevning bu gaplaridan jamoatchilik - o‘zbek matbuotiga uzoq kutilgan erkinlik berilishini kutgan edi.

Ammo nisbiy erkinlik asosan, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar bilan cheklandi.

Tarmoqlarda matbuot yozmagan mavzularni ko‘tarib, jiddiy tahlil qilayotgan va rasmiylardan savol so‘rayotgan blogerlar guruhi shakllandi.

Abduqodir Mo‘minov esa, ko‘pgina mahalliy blogerlar ko‘tarmaydigan elitar korrupsiya singari muammolarga e’tibor qaratgani va shaxsan prezident Mirziyoyev hamda uning oilasiga oid jiddiy korrupsion iddaolarni ilgari surgani bilan tanilgan.

Abduqodir Mo‘minov:

  • YouTube dagi Ko'zgu kanali muallifi, 33 yashar Abduqodir Mo‘minov siyosiy mavzularni yoritib kelayotgan bloger. Kanalida 240 mingdan ortiq obunachisi bor.
  • U kanalida ko‘proq O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy-iqtisodiy muammolarni tilga oladi, xususan prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvini ham tanqid qiladi.
  • Safdoshlariga ko‘ra, hibsga olinishidan avval Mo‘minov prezident Mirziyoyevning kuyovlari biznesi bo‘yicha surishtiruv qilayotgan edi.
  • Abduqodir Mo‘minovning asl kasbi filolog, O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetini tamomlagan.
  • Oilasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, muqaddam kollejda o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan, bundan tashqari “Darakchi”, “Mahalla” gazetalari hamda Madaniyat vazirligida ishlagan.
  • Oilali.

Yaqinlari va tarafdorlari Abduqodir Mo‘minovning hibsga olinishi va unga ilgari surilayotgan ayblovlar uning blogerlik faoliyati bilan bog‘liq deb ishonishadi.

Ammo "firibgarlik" va "tovlamachilik"da gumon qilinib, hibsga olingan bloger birgina Mo‘minov emas.

So‘nggi paytlarda 10ga yaqin bloger va mustaqil jurnalist ta’qibga olindi, qisqa muddatga ushlandi, jarimaga tortildi, ayrimlari qamaldi.


Aksar hollarda blogerlar “tovlamachilik”da ayblanmoqda va har bir holatda ayblangan blogerlar ustidan bir yoki bir necha fuqaroning shikoyat arizasi borligi aytiladi.

Ya’ni, ayblovda ko‘proq, blogerlarning boshqa shaxslardan “tovlamachilik” yo‘li bilan pul olgani da’vo qilinmoqda:

  • - YouTube tarmog‘idagi “Xalq fikr” kanalida mahalliy hokimiyat organlarini korrupsiya uchun keskin tanqid qilgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy 6 yarim yilga qamalgan.
  • Hokimiyat idoralaridagi korrupsiyani tanqid qilgan, so‘z erkinligi va LGBT huquqlari himoyasiga chiqish qilgan toshkentlik bloger Miraziz Bozorov avvaliga kaltaklab ketildi, so‘ngra 3 yilga uy qamog‘iga tashlangan.
  • O‘zbekiston rasmiylarining din bo‘yicha siyosatini tanqid qilgan toshkentlik bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev 7,5 yilga qamalgan.
  • Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda oilasini nepotizm hamda korruptsiyada ayblagan toshkentlik tarmoq faoli Shohida Salomova avvaliga g‘oyib bo‘lgan, so‘ngra hibsga olingan.
  • Telegram tarmog‘idagi Kompromatuzb kanali administratorlari sifatida Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va yana bir necha jurnalist tovlamachilikda gumon qilinib, hibsga olingan. Ular orasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva ham bor.
  • 1-mart kuni ijtimoiy tarmoq faoli, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bloger Emine-Lemara Mirzaahmedova, Jinoyat kodeksining 5ta moddasi asosida tuhmat, haqorat, tovlamachilik kabi jinoyatlarda gumon qilinib, ehtiyot chorasi sifatida hibsga olindi.

Blogerlar qanday pul ishlayapti?

Ayni paytda hozirga kelib, O‘zbekistonda blogerlarning istalgan mavzuni yoki shaxsni tarmoqlarga olib chiqib, ularning muammosini yoritish yoki jamoatchilik fikrini shakllantirib berish evaziga pul olishi, aksar kuzatuvchi va hatto blogerlarning o‘zlariga ko‘ra ham, odatiy holga aylanmoqda.

Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarovga ko‘ra, aslida blogerlarning pul olish hollari kuzatiladi va buni qonuniy asosda qilish imkoni bor.

Haydarov hozir mamlakatdagi aksar blogerlar AOKA - O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati qoshidagi aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshida OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tganini qayd etadi.

Bu esa ularga mijozlardan reklama mazmunidagi maqolalar yoki videroliklar tayyorlab berish evaziga to‘lovlar qabul qilish huquqini beradi.


Ammo Haydarov kabi Internet ommaviy axborot vositasini ochmagan va mijozlaridan pulni noqonuniy ravishda olayotgan blogerlar soni ham ozchilik emas.

Shunday xulosani, hozirda ta’qiblarga uchrayotgan blogerlar huquqiy himoyasida qator muammolar yuzaga chiqayotganini ta’kidlagan huquq himoyachisi - Markaziy Osiyoda inson huquqlari himoyasi uyushmasi rahbari Nadejda Otayeva tilga oladi:

“Har bir blogerning ta’qib qilinishiga oid vaziyatni alohida o‘rganish kerak... Ko‘plab blogerlar xavfli vaziyatda va buning turli sabablari bor. Masalan, hanuzgacha blogerlarning asosiy huquqlari va majburiyatlar belgilanmagan va bunaqa huquqiy asosning yo‘qligi, ko‘plab blogerlarning nafaqat reklama materiallari, balki faktlarga asoslangan, hurmat va mutlaqo prinsipial pozitsiyada yozilishi kerak bo‘lgan temalar uchun ham moliyalashtirilishi kuzatila boshladi”.

Aksar tahlilchi va xorijlik huquq himoyachilarga ko‘ra, aynan shu murakkab hamda qonunchilik bilan tartibga solinmagan vaziyat sabab, O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini kuzatib kelayotgan tashkilotlar, ayniqsa so‘nggi oylarda hibsga olinayotgan blogerlar masalasiga biroz ehtiyotkorlik bilan, shoshilmasdan yondashmoqda.

AOKAning javobi


Davlat va nodavlat axborot vositalariga erkinlikni va’da qilgan, ammo ular qolib bir hovuch blogerga erkinlik bergan Shavkat Mirziyoyev hokimiyati nega hanuz bu blogerlarning faoliyatini qonun bilan tartibga solmayotir?

O‘zbekistonda davlat idoralari bu savollarga rasman javob bergani yo‘q.

Jumladan, AOKA - O‘zbekistonda elektron ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga oluvchi va ularning faoliyatini tartibga soluvchi davlat organidir.

Garchi blogerlarning faoliyati qonunchilik bilan tartibga solinmagan bo‘lsada, ularning faoliyatini aynan shu idora nazorat qilishi aytiladi.

Agentlik matbuot kotibi Azamat Akobirov o‘tgan yil dekabrida Ozodlik bilan suhbatda buni qisman tan olgan edi:

“Faqat yolg‘on axborot berishsa, xabarnomalar jo‘natiladi (VMQ-707 va VMQ-807 asosida). Mazkur taraqatilayotgan kunlik axborotlar blogerlarning shaxsiy fikri yoki vaziyatga shaxsiy qarashi sifatida qaraladi va ulardan ommaviy axborot vositalariga bo‘lgani kabi ma’lumotni tekshirish, xolislikni talab etish shartlari so‘ralmaydi. Ba’zan bu kabi erkin axborot tarqatish jarayonlarida vaziyatdan jumbushga kelgan blogerlar tomonidan axborotda yolg‘on, kamsituvchi, so‘kinish va boshqa qonunchilikka zid so‘zlar ifodalangan bo‘lsa, kommentlarda jamoatchilikka tahdid soluvchi so‘zlar, haqoratlar yozilgan bo‘lsa, joylashtirilgan postini o‘zgartirish yoki qonunchilikka asosan moderatsiya qilish talab etiladi”.

Matbuot erkinligi ahvolini kuzatayotgan xalqaro tashkilotlar esa O‘zbekiston hukumatini so‘z erkinligi borasida berilgan va’dalar va e’lon qilingan islohotlarni tilda takrorlash emas, amalda bajarishga chaqirib kelmoqda.

2021-yil oktabrida ikkinchi muddatga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev, o‘z ta’biricha, qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlarni himoya qilishga va’da bergan.

Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti o‘tgan yili o‘zining so‘z erkinligi indeksida O‘zbekistonni 180 davlat orasida 133-o‘ringa qo‘ygan. Tashkilot o‘z hisobotida O‘zbekistondagi so‘z erkinligi vaziyatini “murakkab” deb atagan.

XS
SM
MD
LG