Линклар

Шошилинч хабар
30 июл 2021, Тошкент вақти: 03:39

Hibsdagi sobiq gubernator Furgalning o‘g‘li katta siyosatga kirmoqda


Sergey Furgalning o‘g‘li Anton Davlat Dumasi deputatligiga nomzodini qo‘yishini e’lon qildi.

Xabarovsk o‘lkasida ommaviy namoyishlar boshlanganiga bir yil o‘tib, sobiq gubernator Sergey Furgalning hibs muddati uzaytirildi. O‘tgan yili aynan uning qamoqqa olinishi xabarovliklarni g‘azablantirgan va ko‘chalarga chiqishga majbur qilgan edi. Bu namoyishlar, avvalgi ko‘lamda bo‘lmasa-da, hamon davom etmoqda.

Sergey Furgal 2000-yillar boshida, biznes bilan shug‘ullanib yurgan vaqtlarida qator buyurtma qotilliklarni uyushtirganlikda gumonlanmoqda. Furgal ko‘pdan beri siyosat maydonida edi va shu uzoq davr mobaynida unga nisbatan hech qanaqa ayblov qo‘yilmagan: 2007—2018 - yillarda u LDPRdan Davlat Dumasi deputati bo‘lgan, keyin esa “Yedinaya Rossiya” nomzodini mag‘lub etib Xabarovsk o‘lkasi gubernatori etib saylangan.

Furgal tarafdorlari uning iqtidordagi partiya nomzodini saylovda tor-mor etgani (27.97 foizga qarshi 69.57 foiz) Kremlni qattiq ranjitganini aytadilar. Gubernatorlik lavozimiga o‘tirgach, tez orada o‘lkada uning reytingi prezidentnikidan oshib ketishi esa olovga moy quydi go‘yo. Shu tariqa, ikki yil gubernator bo‘lib ishlagach, Furgalni qamoqqa olishdi. Ayblov uning sobiq biznes hamkori Nikolay Mistryukovning ko‘rsatuvlariga asoslanadi.

Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Sergey Furgal Moskvadagi mahkamada - 3 - sentabr, 2020
Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Sergey Furgal Moskvadagi mahkamada - 3 - sentabr, 2020

O‘tgan haftada Sergeyning o‘g‘li Anton Furgal Davlat Dumasi deputatligiga nomzodini qo‘yishini e’lon qildi. To‘g‘rirog‘i, u “otasiga xiyonat qilgan” LDPRni tark etgan mustaqil nomzod sifatida saylovda qatnashmoqchi.

Anton Furgal 29 yoshda, Tinch okean davlat universitetini tamomlagan, xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.

“Ozodlik” rus xizmati bilan suhbatda u otasining hibsda saqlanish muddati uzaytirilganini sentabr oyiga belgilangan saylovlar bilan bog‘laydi. Uning fikricha, hukumat otasining siyosiy obro‘sidan xavfsirab, “ehtiyot shart” qabilida ish tutmoqda. Qolaversa, otasining Xabarovskda, maslahatchilar sudida ochiq sud qilish talabi ham shu vajdan rad etilyapti, deb hisoblaydi.

“Buni siyosiy buyurtma deb bilaman, – deydi u Kremlning otasiga munosabati sabablariga to‘xtalarkan. – Bu ishlar 2018 - yilgi gubernatorlik saylovi paytida boshlangandi. Unga tahdid qilishgan, qanaqadir kompromat topishga urinishgan... Chunki otamning g‘alabasi sobiq gubernator va uning moskvalik xo‘jayinlarining barcha rejalarini chippakka chiqardi.”

Uning aytishicha, otasi bilan yuz bergan voqealardan so‘ng Xabarovskda LDPRning obro‘si “yakson bo‘lgan”. Anton, nafaqat o‘zi, balki deyarli barcha xabarovskliklar LDPR partiyasi o‘z vakilini sotdi, deb hisoblashlarini aytadi. Ayni paytda, o‘lkada partiya a’zolari yoppasiga uning safini tark etmoqda.

– Sergey Furgal ikki yillik gubernatorlik faoliyati davomida nima ishlar qilib, o‘lka aholisining bu qadar muhabbatini qozongan?

– Avvalo, u “tayinlangan” gubernator bo‘lmadi, saylovlarda halol g‘alaba qozondi. Lavozimga o‘tirgach, o‘lka byudjeti taqchilligini uch karra kamaytirdi, amaldorlarning xarajatlarini kesdi, tumanlar rahbarligiga saylov o‘tkazish amaliyotini qaytardi. Xalqqa yaqin edi, odamlarning ijtimoiy-maishiy muammolarini shaxsan o‘rganib, yordam berib yurardi, – deydi Anton Furgal.

U mustaqil nomzod sifatida saylov komissiyasi ro‘yxatidan o‘tish uchun 4 - avgustga qadar 15.5 mingta imzo to‘plashi lozim.

“Bu oson emas, lekin hamyurtlarim meni qo‘llab-quvvatlashidan umidvorman. Agar hukumat biror bahona bilan meni saylovoldi kurashidan chetlashtirishga harakat qilsa, o‘ziga zarar – Xabarovskdagi namoyishlar qayta avj oladi”, deydi u.

XS
SM
MD
LG