Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:01

Hollandiyada halol go‘sht taqiqlanishi mumkin


Joriy haftada Hollandiya Parlamenti hayvonlarni karaxt qilmay turib, so‘yishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma‘qulladi. Loyiha qonun kuchiga kirsa, diniy an‘analariga ko‘ra, hayvonlarni hushyorligida so‘yadigan musulmonlar va yahudiylarga ta‘sir qilishi mumkin. Qonun tarafdorlari taqiq hayvonlarning keragidan ortiq qiynalishi oldini olishini aytmoqda. Hollandiyalik musulmon va yahudiylar jamoalari esa, mazkur qaror diniy ozchiliklarni yakkalab qo‘yishga qaratilganidan ogohlantirmoqda.

Hayvonlar huquqlari diniy erkinliklardan ustun kelishi kerakmi? Hollandiyadagi musulmon va yahudiylar yaqin orada bu savol javobini bilib oladigan ko‘rinadi.

Mamlakat yahudiy va musulmon jamoalari g‘ayriodatiy birdamlik bilan Hollandiya Parlamentining hayvonlarni diniy an‘analarga ko‘ra so‘yishni taqiqlovchi qonunni ma‘qullaganini qoralamoqda.

Parlament muhokamasidan o‘tgan qonun loyihasida hayvonlarni karaxt qilmasdan turib, so‘yishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Bu esa musulmonlar va yahudiylarning dinida so‘yilayotgan hayvon hushyor bo‘lishi talab qilinadigan ism-rasmga ziddir.

Qonunni yoqlab chiqayotganlar mazkur qonun hayvonlarning keragidan ortiq qiynalishi va og‘riqdan himoya qiladi, demoqda. Hollandiyalik yahudiy va musulmonlar agar bunday qonun qabul qilinsa, diniy ozchiliklar yakkalanib qolishidan ogohlantirmoqda.

Hollandiyaning 16 million aholisidan bir milliondan ortig‘i musulmonlardir, yahudiy jamoasi 50 ming kishini tashkil qiladi.

Musulmon ism-rasmlarga ko‘ra go‘sht halol, yoki yahudiylarga kosher bo‘lishi uchun mol yoki qo‘y so‘yilayotganda bo‘yndan o‘tkir pichoq tortilib, qon chiqarilishi kerak.

Qonun kuchiga kirishi uchun Hollandiya Senati ham tasdiqlashi lozim bo‘lgan loyihada diniy guruhlar hayvonlarni so‘yish usullari ularni karaxt qilishdan ko‘ra og‘riqsizroq ekanini isbotlay olsa, qonundan istisno olishlariga izn berilgan.

Yevropadagi yetakchi yahudiylar guruhlari hisoblanadigan Yevropa Yahudiylar kongressi va Yevropa Ravvinlari konferensiyasi qonunning qabul qilinishiga qarshi chiqishlarini e‘lon qildi.

Yahudiylar kongressi mazkur “qonun kamsituvchi” xususiyatga ega, degan bo‘lsa, ravvinlar kengashi raisi Pinxas Goldsmit “Qonun yahudiylarning Hollandiyada istalmagan din vakillariga aylanganini anglatadi. Bunday holat 60 yildan beri birinchi marta yuz bermoqda”, deya bayon qildi.

Hollandiyadagi yahudiyalar jamoasi yetakchilari qonnuni Ikkinchi Jahon urushi paytida natsist Germaniyasining kosher go‘shti do‘konlarini yopgani bilan taqqosladi.

Musulmon jamoalari ham qonun loyihasini o‘z diniy an‘analariga hujum, deya qoraladi.

Parlament qonun loyihasini ma‘qullashidan bir necha kun avval Amsterdamdagi sud musulmonlarga nisbatan adovat qo‘zg‘aganlik va ularni kamsitganlikda ayblangan populist siyosatchi Geyert Vildersni oqlagan edi.

Ultra-o‘ngchi Vilders o‘zining Islomga qarshi bayonotlari va musulmonlarni Hollandiya madaniyatiga tahdid, qabilidagi chiqishlari bilan tanilgan.

Asmterdam Univyersitetining professori asli eronlik Turaj Atabakiy “Hollandiyadagi ko‘plab musulmonlar va boshqa din vakillari hayvonlarni diniy odatlarga ko‘ra so‘yishni taqiqlash musulmonlarga qarshi qaratilgani, aslida bu yerda aksil-musulmon kayfiyat kuchayotganini anglatishini biladi”, deydi.

- Bu qonunning nishoni keyingi yillarda Yevropa mamlakatlarida soni muntazam oshib borayotgan musulmon jamoalari ekani ko‘rinib turibdi. Ular o‘zlarining islomiy qadriyatlarini, jumladan kyinish qoidalarini saqlab qoldi. Va ular odatda jamiyatning qolgan qismidan masofani saqlagan holda, o‘zlarining jamoalari ichida yashab kelmoqda. Bu esa islomiy guruhlar va jamoalarga bosimni kuchaytirish ketiga tushgan ultra-o‘ngchi siyosatchilarni tashvishga solmoqda. Fransiya va Avstriyada ro‘y bergan keyingi voqealar buning tasdig‘idir, deydi professor Atabakiy.

Qonun loyihasi tashabbuschilari esa hayvonlar huquqlarini hirmoya qilishdan o‘zga maqsadlarni ko‘zlamayotganini iddao qilishmoqda.

Hollandiya Parlamenti deputati Jonivorlar partiyasi yetakchisi Marian Tim 2008 yildan beri mazkur qonunning qabul qilinishi uchun harakat qilyapmiz, deydi.

Ozodlik bilan suhbatda deputat “mamlakatimizda hayvonlar huquqlarining ta‘minlanishi katta muammodir, shuning uchun inson yoki hayvonlar huquqi boshlanadigan joyda, diniy erkinliklar tugashi lozim, deb hisoblaymiz”, deya ta‘kidladi.

- Agar diniy erkinliklar biror kishi, odam yoki hayvonga zarar keltiradigan bo‘lsa, diniy erkinlik cheklanishi kerak, deydi Marian Tim.

Uning aytishicha, Hollandiyada muslumon va yahudiylardan tashqari hech kim hayvonlarni karaxt qilmay turib so‘ymaydi.

“Hayvonlar huquqlarini ta‘minlash masalasiga jiddiy yondashayotganlar soni oshib bormoqda”, deydi Tim.

So‘rovlarga ko‘ra, qonunning qabul qilinishini hollandiyaliklarning ko‘pchiligi qo‘llab quvvatlmoqda.

Hayvonlarni diniy odatlarga so‘yish shu paytgacha Lyuksemburg, Yangi Zelandiya, Norvyegiya, Shvyesiya va Shvyeysariyada taqiqlangan.

Turkiya siyosiy doiralar bunday taqiqni muhokama qilayotgan birinchi musulmon davlatidir.
XS
SM
MD
LG