Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:07

HRW: Qozog‘iston hukumati qiynoqlar haqidagi da’volarni tergov qilishi va o‘zboshimchalikni to‘xtatishi lozim


Human Rights Watch xalqaro tashkiloti Qozog‘iston hukumatini qiynoqlar haqidagi da’volarni sinchiklab tergov qilishga va namoyishlar chog‘ida va undan keyin qo‘lga olingan faollar va boshqa insonlarning huquqlari buzilishiga chek qo‘yishga chaqirdi.

Huquqbonlarga ko‘ra, agar Nur-Sulton qo‘l qovushtirib turadigan bo‘lsa, yanvar voqealari bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazilishi lozim.

HRWning 1 - fevral kuni e’lon qilingan bayonotida aytilishicha, tashkilot tinch namoyishchilar va boshqa fuqarolar politsiya tomonidan “o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani”, ulardan ayrimlariga shafqatsiz munosabatda bo‘lingani, jumladan elektroshoker va rezina tayoqlar bilan qiynoqqa solinganiga doir o‘nlab holatlar haqida “ishonchli xabarlar” olgan.

“Qozog‘istonda tinch namoyishlar ishtirokchilarining o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olinishi va ularga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘linishi chuqur xavotir uyg‘otmoqda. Qozog‘iston hukumati mansabni suiiste’mol qilish holatlariga darhol chek qo‘yishi, qo‘lga olingan har bir shaxsning huquqlarini ta’minlashi, ularni kaltaklagan va qiynoqqa solganlarni javobgarlikka tortishi shart”, deydi “HRW”ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson.

HRW vakillari 3 va 4 - yanvar kunlari Olmaotada qo‘lga olingan va keyin ozod etilgan odamlar, ularning advokatlari hamda ommaviy tartibsizliklarda qatnashganlikda ayblanayotgan bir mahbusning yaqin qarindoshi doxil 12 nafar qozog‘istonlik bilan suhbatlashganlar. Shuningdek, huquqbonlar OAVlarda e’lon qilingan xabarlar va hukumatning rasmiy bayonotlarini ham o‘rganib chiqishgan.

Mazlumlar so‘zlaganda

Olmaotalik 55 yoshli turg‘un 3 - yanvar kuni janao‘zenliklarni dastaklash uchun boshqalar bilan birga namoyishga chiqqan kuni qo‘lga olinganini aytib bergan.

“Endigina chamasi 200 qadam yurgan edik, yo‘limizni “spetsnaz” to‘sdi. Ular bizni kutib turishgan ekan. Qo‘limizda plakatlar yo‘q edi... Bizni politsiya idorasiga olib borishdi... Ruhiy bosim o‘tkazishdi”, degan jamoat faoli.

Hibsga tashlangan bir erkak qo‘lga olinganlarga qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilish va o‘zlarini himoya qilish uchun advokat yollashga ruxsat berilmaganini ma’lum qilgan. Ularning manfaatlarini tamsil etishi uchun davlat tomonidan advokat tayinlangan.

Ko‘chalarda ushlangan bir necha kishi politsiyada bir necha soat so‘roq berishganini, so‘ngra onlayn majlisda sud ularga “noqonuniy yig‘in” ishtirokchisi o‘laroq 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini belgilaganini aytgan. Yana bir kishi ayblov e’lon qilmasdan bir haftaga yaqin qamoqda saqlashganini bildirgan.

“Bu hibslashlar odamlarning yig‘ilishlar o‘tkazish va so‘z erkinligi singari asosiy huquqlariga mudoxala qilinganini ko‘rsatadi”, deya urg‘ulaydi Human Rights Watch.

Yana bir faol hibsdaligida uni kaltaklashganini da’vo qilgan.

“Olti kishilik kamerada sakkiz kishi bor edi. Biz yerda yotardik. Politsiyachilar bizni haqorat qilishar, peshtaham so‘zlar bilan so‘kishardi. Men qiynoqqa solinayotgan, kaltaklanayotgan odamlarning ohlarini o‘z qulog‘im bilan eshitdim... Faryodlar kechayu kunduz tinmasdi. Har gal kameradan chiqishimiz bilan bizni urishardi. Politsiya yolg‘on ko‘rsatuv berishga majbur qildi. Kameradoshlarimdan ayrimlarining boshlariga qop kiygizib qo‘yishdi”, degan o‘z hikoyasida qiynoqqa solingan faol.

Olmaotalik ikki advokat ular himoya qilgan shaxslarni hibsda kaltaklashganini va qiynashganini ma’lum qilgan.

Xususan, advokat Janara Balgabayeva himoyasidagi ikki kishi bilan bir necha kun uchrasha olmaganini, favqulodda holat tartibi joriy etilib, politsiya bo‘linmalari harbiylar tomonidan qo‘riqlangan sharoitda qo‘lga olingan shaxslar haqida ma’lumot olish imkoni bo‘lmaganini aytgan.

Advokat Galim Nurpeisov niqob kiygan politsiyachilar uning himoyasidagi faol Muratbek Yesengazini ayovsiz kaltaklaganidan arz qilgan.

“U advokati yo‘qligida savollarga javob berishdan bosh tortganidan so‘ng qariyb 10 daqiqa davomida o‘ng soni va buyraklariga rezina tayoq bilan to‘xtovsiz urishgan”, degan Nurpeisov.

Olmaota viloyatining Besagash qishlog‘ida yashovchi 58 yoshli Yesengazi 27 - yanvar kuni hibsdan chiqarilgan, ammo undan ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish ayblovi olib tashlangan emas. Faol sakkiz yilgacha muddatga qamalishi mumkin.

“Ortiqcha kuch ishlatilgan”

HRW, shuningdek, faol Sergey Shutovning Atirau shahrida qo‘lga olinganlar ommaviy kaltaklangani haqidagi ma’lumotlarini ham keltiradi.

Xalqaro tashkilot o‘z bayonotida Ozodlik qozoq xizmatining Jasulan Anafiyayev haqidagi videomaterialiga havola bergan: serfarzand ota bo‘lmish Anafiyaev yanvar voqealaridan so‘ng uyidan olib ketilib, ruxsat etilmagan mitingda ishtirok etish ayblovi bilan ma’muriy qamoqqa olingan va bir necha kundan so‘ng oilasiga uning jasadi berilgan edi. Anafiyayevning o‘lim guvohnomasida u “surunkali pankreatit”dan vafot etgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, HRW arxeolog Yerlan Jagiparovning o‘limi voqeasiga ham e’tibor qaratgan. 6 - yanvar kuni u Milliy gvardiya xodimlari ushlashgani haqia do‘stiga xabar berishga ulgurgan. 12 - yanvarda esa Jagiparovning ukasi morgdan uning o‘ligini olib chiqqan: arxeolog jasadi kishanband holatda bo‘lgani va tanasida ko‘plab kaltak izlari qolgani aytiladi. Jagiparov o‘limiga rasman “o‘qotar quroldan yaralangan”i sabab qilib ko‘rsatilgan.

Qizilo‘rdalik faol Aytbay Aliyev jurnalistlarga 5 - yanvar kuni politsiya uning otasini uydan olib chiqib ketganini, 9 - yanvarda esa shahar morgidan otasining boshida jiddiy jarohat izlari bor jasadini olganini so‘zab bergan.

25 - yanvar kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi tergovchilarning xatti-harakatlari ustidan 109 ta shikoyat tushganini va bu arizalar bo‘yicha 21 ta ish ochilganini ma’lum qildi. Prokuraturaga ko‘ra, qiynoq da’volariga oid yettita ish bo‘yicha tergov davom etmoqda, yana 20 ta arizada ko‘rsatilgan holatlar o‘rganilmoqda.

“Qozog‘iston hukumati o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlarni darhol to‘xtatib, hanuz hibsda qolayotganlarni ozod etishi, odamlarning kaltaklanishiga va mahbuslar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘linishiga chek qo‘yishi, shuningdek o‘z fuqaroviy va siyosiy huquqlarini talab qilib chiqqan tinch namoyishchilar va faollarni ta’qib qilishni to‘xtatishi kerak. Hukumat qonuniy asoslarda qo‘lga olingan shaxslarning tegishli yuridik tartib-taomillardan foydalanish, qarindoshlari bilan uchrashish va zarur tibbiy yordam olish huquqini ta’minlamog‘i shart, advokatlar esa kasb faoliyati tufayli o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olinmasligi lozim”, deb hisoblaydi HRW.

Xalqaro tashkilot Qozog‘istonning xalqaro maydondagi hamkorlarini Nur-Sultonni inson huquqlariga rioya etishga chaqirishga da’vat etgan.

“Qozog‘iston hech bir chora ko‘rmagan taqdirda Yevropa ittifoqi, AQSh va boshqa hamkorlar yanvar voqealari bo‘yicha, jumladan, qo‘lga olinganlar bilan munosabat hamda xavfsizlik kuchlari tomonidan ortiqcha kuch ishlatilganiga doir ma’lumotlar yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazilishiga erishmog‘i kerak”, deyiladi HRW bayonotida.

O‘tgan haftada Qasim-Jomart Toqayev huquqbonlik tashkilotlari, jumladan HRWning xalqaro tergov o‘tkazishga chaqiriqlariga rad javobini berdi. “O‘zimiz uddalaymiz”, dedi u 29 - yanvar kuni davlat telekanaliga bergan intervyusida.

Yanvar oyining ilk kunlarida mamlakat g‘arbida boshlangan tinch namoyishlar ko‘plab hududlarga yoyilgan edi. Xususan, Olmaotada norozilik qonli voqealarga ulanib ketdi. Namoyishlar chog‘ida hukumat internetni o‘chirib qo‘ydi va mobil aloqani chekladi.

Toqayev chet elda yetishtirilgan “20 ming terrorchi” Olmaotaga hujum qilganini aytdi, biroq o‘z iddaosiga biron bir dalil keltirmadi. Qozog‘iston rahbari Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘radi.

Shuningdek, kuch ishlatar xodimlarga namoyishchilarga qarata “ogohlantirmasdan o‘q otish”ga buyruq berganini e’lon qildi.

Qozog‘iston rasmiylari yanvarь voqealarida 227 kishi, jumladan 19 nafar huquq-tartibot xodimi nobud bo‘lganini ma’lum qilishdi.

Biroq inson huquqlari tashkilotlari qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ular tinch namoyishchilar hamda norozilik aksiyalariga mutlaqo daxli bo‘lmagan kishilar orasida qurbonlar borligini tasdiqlovchi dalillarni keltirishmoqda.

XS
SM
MD
LG