Линклар

Шошилинч хабар
14 феврал 2025, Тошкент вақти: 17:23

Hukumat Toshkentning bosh rejasini tasdiqladi


Yangi Toshkent loyihasi (illyustrativ surat)
Yangi Toshkent loyihasi (illyustrativ surat)

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 24-dekabridagi qarori bilan Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, bosh rejani ikki bosqichda amalga oshirish mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi bosqich 2030-yilgacha, ikkinchi bosqich esa 2045-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

Bosh rejadan maqsad Toshkentda qurilishni kompleks rejalashtirish, loyihalashtirish sifatini oshirish hamda shahar infratuzilmasi va me’moriy-loyihaviy qiyofasini yaxshilashdan iboratligi aytilgan.

Rejada qurilish ishlarining barchasi hududlar master-rejalarining tasdiqlangan loyihalariga muvofiq bo‘lishi lozimligi ko‘zda tutilgan.

Hujjat bilan Toshkent va uning atrofidagi yashil hududlarni uch karra ko‘paytirish, jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish, jumladan, metrobus yo‘nalishlari tashkil etish, elektr energiyasi, suv va oqova infratuzilmasini yaxshilash ko‘zlanmoqda.

Bosh rejani ishlab chiqish prezident Mirziyoyevning o‘tgan yil sentyabridagi farmoni bilan ruxsat etilganidek soddalashtirilgan formatda amalga oshirilgan.

Bosh reja bo‘yicha shahar hududlari uchta zonaga: konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga bo‘lishini nazarda tutilgan.

Avvalroq konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgarishsiz qolishi, rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar qilish mumkin bo‘lishi, renovatsiya zonasida esa eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangi qurilish va ta’mirlash amalga oshirilishi aytilgan edi.

Hujjatda poytaxt hokimi bosh rejaning amalga oshirilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga har chorakda hisobot topshirib turishi shartligi qayd etilgan.

Poytaxt yangi bosh rejasining ikki yildan buyon ishlab chiqilmay va tasdiqlanmay qolayotgani mamlakat jamoatchiligi tomonidan tanqid qilinib kelayotgan edi. Faollar Toshkent shahri havosining misli ko‘rilmagan darajada ifloslangani, infratuzilma kuchli zo‘riqishga duchor bo‘lgani, tirbandliklar oshgani, bir-biridan baland uylar qurilishi poytaxt aholisini qiyin ahvolga solayotganidan shikoyat qilishgan.

Prezident Mirziyoyev o‘tgan yil fevralida Toshkent shahri jamoatchilik vakillari va mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish chog‘ida shaharning bosh rejasi tasdiqlanmagunicha, poytaxtda yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishini bildirgan. O‘sha yig‘ilishda u qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qilgan edi.

XS
SM
MD
LG