Линклар

Шошилинч хабар
16 июн 2021, Тошкент вақти: 12:32

Hukumat xorijda ishlovchilarning oilalarini “bola puli”dan mahrum qilmoqchi


Yosh bolali onalar bola parvarishi uchun 434 000 so‘m nafaqa oladi.

Xorijda ishlayotgan vatandoshlar oilalarini ijtimoiy nafaqa oluvchilar ro‘yxatidan chiqarish kutilmoqda.

Banklar bilan kelishuvga erishilgach, xorijdan pul oluvchilar ro‘yxati shakllantirib, ularga “bola puli” bermaslik rejalangan.

Mutasaddilar bu yaqin ikki oy ichida amalga oshirilishini bildirishdi.

Hukumat yildan-yilga ijtimoiy yordam oluvchilar sonini kamaytirmoqda: 2012 - yilda 8,1 million kishi ijtimoiy himoya dasturlaridan foydalangan bo‘lsa, joriy yilda pensiya va nafaqa oluvchilar soni 3,9 millionni tashkil etadi.

Bugungi kunda mamlakat aholisi (34 million 700 ming)ning faqat 11,2 foizi hukumatdan ijtimoiy yordam oladi.

“Bola puli” bilan bog‘liq yangi tartib

Xorijga ketib ishlayotganlar oilasini ijtimoiy himoya dasturlaridan chiqarib tashlash harakatlari bormoqda.

Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbek muhojirlari
Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbek muhojirlari

Buni Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi tasdiqladi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab anonim qolishni so‘ragan mulozimga ko‘ra, yosh bolasi borlarga mo‘ljallangan ijtimoiy nafaqa va moddiy yordamlarni chet elga ketib ishlayotganlar oilasiga bermaslik tartibi yaqin ikki oy ichida amalga oshishi mumkin:

“Bu borada tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berilgan. Hozir banklar bilan ishlanmoqda. Banklar xorijdan kelayotgan pul jo‘natmalari borasida oylik ma’lumotlarni tegishli idoralarga muntazam yetkazib berish tartibini yo‘lga qo‘yishi lozim. Shundan so‘ng xorijdan jo‘natilayotgan jo‘natmalarning oylik ko‘rsatkichi oilaning har bir a’zosiga jami daromadga solishtiriladi. Ya’ni chet eldan jo‘natilgan pul mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko‘p bo‘lsa, bunday oilalarga ijtimoiy nafaqalar berish rad etiladi”.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,527 baravari bugungi kunda 393,8 ming so‘mga teng.

Agar oilada uch kishi: er-xotin bitta bolasi bilan yashasa va er chet elda ishlab, oyiga 1181400 so‘m jo‘natsa, bunday oilalarga ijtimoiy nafaqa berilmasligi mumkin.

Bugungi kunda 1181400 so‘m taxminan 112 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Hukumat ijtimoiy yordam oluvchilar sonini yildan-yilga kamaytirib bormoqda.

Bu xalqaro Mehnat tashkiloti, YuNISEF va Jahon bankining O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimini baholashga doir o‘tgan yilgi hisobotida aks etgan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda 2012 - yilda 8,1 million kishi ijtimoiy himoya dasturlaridan foydalangan bo‘lsa, 2017 - yilda bu raqam 6,4 millionga qisqargan.

2021 - yil 1 - aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3,9 millionni tashkil etadi.

Bu haqda 28 -aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Abdulaziz Haydarovga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 3,5 millionga yaqin pensioner va 400 mingdan ziyod ijtimoiy nafaqa oluvchilar bor.

Rasmiy ma’luotga tayanilsa, O‘zbekistondagi doimiy aholi soni joriy yil apreliga kelib, 34 million 700 ming kishini tashkil etadi.

Haydarovga ko‘ra, mamlakatda nafaqa va pensiya oluvchilarning umumiy aholi sonidagi ulushi 11,2 foizni tashkil qilmoqda.

Iqtisodchilar fikricha, ijtimoiy himoya oluvchilar sonining yildan yilga qisqartirilishi mamlakat moliyaviy ahvolining nochorligi bilan bog‘liq.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarzi so‘nggi bir yilda 37,4 foizga oshib, 33,8 mlrd. dollarga yetgan.

Ayni paytda mamlakatdagi ijtimoiy himoyaga muhtojlar soni ham oshmoqda.

Jahon bankining O‘zbekistonga doir o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar sabab qo‘shimcha 450−840ming kishi kambag‘allik chegarasidan pastda tushishi mumkin.

2015 - yilda Jahon banki kambag‘allik chegarasini bir kishi uchun kuniga 3,2 AQSh dollari miqdorida belgilagan.

YuNISEFning “O‘zbekiston kelajagiga sarmoya” nomli tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi bolalarning aksari daromadi kishi boshiga kuniga 10 ming so‘mdan (1,2 AQSh dollari) kam bo‘lgan oilalarda yashaydi.

Ayni paytda Ozodlikka ijtimoiy nafaqaga muhtoj, ammo davlatdan yordam ololmayotganlarning shikoyatlari oqimi to‘xtamayapti.

“Bola puli bermayapti”

27 - may kuni nukuslik bir guruh ayollar “bola puli” berilmagani sabab ko‘chani to‘sib qo‘ydi va hokimlik shu kunning o‘zidayoq norozi ayollarga nafaqa pullari berilgani haqida xabar qildi.

"Бола пули" олмаган нукуслик аёллар акцияси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:28 0:00

Ushbu xabardan so‘ng “bola puli” bilan bog‘liq Ozodlikka kelayotgan shikoyatlar ko‘lami oshgani kuzatildi.

Jumladan, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani “Hikmatli” mahallasida yashovchi uch farzandning onasi Madina Mehliboyeva bolalari uchun ijtimoiy nafaqa berilmayotganidan nolidi:

“Men fermer fermer xo‘jaligida ishchi bo‘lib ishlayman, sezon paytlari 370 ming so‘m oylik olaman. Erim “Tez tibbiy yordam” bo‘limida feldsher bo‘lib ishlaydi, oyligi 300-350 ming so‘m. Ijarada, domda turamiz. Biror mulkimiz yo‘q. Na mashina, na qoramol, hech narsa yo‘q. Bolalarim 6, 10, 12 yoshda. Ular uchun davlat belgilagan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalalarga mo‘ljallangan nafaqa uchun ariza topshirganmiz, lekin nafaqa berishmayapti”.

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi ayol ham farzandi uchun nafaqa ololmayotganidan shikoyat qilgan:

“Turmush o‘rtog‘im korxonalardan birida ishlaydi, 1 million 400 ming so‘m atrofida maosh oladi. O‘zim bola tarbiyasidaman. Bola puliga hujjat topshirdim, lekin pensiya bo‘limidan o‘tkazishmadi. Men bola puli berishda nohaqlik bo‘lyapti, deb hisoblayman”.

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Boybo‘ri mahallasida yashovchi Dilfuza Choriyeva ham “bola puli” ololmayotganlardan:

Bu kabi shikoyatlar SizdanTelegram rukniga muntazam kelayotganini sabab Ozodlik “bola puli” bilan bog‘liq ayrim savollarga javob izladi.

“Bola puli” kimlarga beriladi?

Amaldagi tartibga ko‘ra, “bola puli” faqat kam ta’minlangan deb topilgan oilalarga beriladi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5 - martdagi 122-son qaroriga ko‘ra, oila a’zolarining (har birining) daromadi 393,8 ming so‘mdan kam bo‘lsa, bunday oilalar kam ta’minlangan oila hisoblanadi.

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Ozodlik suhbatlashgan mutaxasisiga ko‘ra, kam ta’minlangan oila ro‘yxatiga kiritish uchun nafaqat oylik maoshlari hisoblanadi, balki ko‘chmas mulk va mashinalari bor-yo‘qligi ham tekshiriladi.

Mutaxassisning aytishicha, “bola puli” uchun ariza beruvchiga quyidagi hollarda rad javobi beriladi:

  • Oilada ishlaydiganlarning oyliklari oila a’zolariga teng taqsimlab chiqilganda 393,8 ming so‘mdan ko‘p bo‘lsa;
  • Shaxsning bittadan ziyod ko‘chmas mulki ya’ni uyi bo‘lsa;
  • Uyidan tashqari noturar joy binolari bo‘lsa;
  • Yangi mashinasi bo‘lsa (ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan);
  • Mashinalari soni bittadan ko‘p bo‘lsa (Eski-yangiligining farqi yo‘q);
  • Bankda 3736500 so‘m mablag‘i bo‘lsa (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravari);
  • 3736500 so‘mga teng qimmatli qog‘ozlari bo‘lsa;
  • Oilada ishsizlik nafaqasi olayotganlar bo‘lsa;
  • Oilaning ish qidirayotgan a’zosi oxirgi 12 oy davomida mehnat organlarining ishga doir takliflarini ikki marta rad etgan bo‘lsa;

Shuningdek, ariza beruvchining qoramollari bo‘lsa ham, unga “bola puli” berilmasligi mumkin. Mutaxassisga ko‘ra, qoramol va parrandalarni hisoblashning maxsus koeffitsienti bo‘lib, uni tegishli idoralar hisoblab chiqadi: “Deylik, oilada uch kishi yashasa va ularning uchta sigiri bo‘lsa, bunday oilaga ijtimoiy nafaqa berilmaydi”.

Mutaxassisga ko‘ra, ariza beruvchining sigir va buqasidan tashqari, ot, tuya, cho‘chqa, qo‘y va tovug‘i ham hisobga olinadi.

Nafaqalar turi qanday?

Bugungi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqaning (pensiyadan tashqari) uch turi mavjud:

  • Bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi
  • 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa
  • Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam

“Bola puli” uchun kimlar ariza berishi mumkin?

Amaldagi tartibga ko‘ra, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi xodimlari yoki ularning oila a’zolaridan “bola puli” uchun ariza qabul qilinmaydi.

Yosh bolasi bor boshqa barcha oilalar ijtimoiy nafaqa uchun ariza topshirishi mumkin.

“Bola puli” miqdori qancha?

Joriy yil 1 - fevralidan boshlab bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa 434 000 so‘m, kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam 326 000 so‘mdan 653 000 so‘mgacha bo‘lgan miqdorda belgilandi.

14 yoshgacha bo‘lgan bir bolali oilalarga 144 100 so‘m, ikki bolali oilalarga 238 700 so‘m, uch va undan ortiq bolali oilalarga 334 400 so‘m nafaqa beriladi.

“Bola puli” qancha muddat to‘lanadi?

Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa 12 oy muddatga tayinlanadi.

Ariza topshirish tartibi qanday?

Joriy yildan boshlab, O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqa uchun ariza berish tartibi osonlashtirildi. Yangi tartibga ko‘ra, kam ta’minlangan oilalar “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali aniqlanib, ularga nafaqa tayinlanadi.

Joriy yilning 17 - fevral kuni prezident Mirziyoyev “2021−2030 - yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyishni imzoladi.

Farmoyishga ko‘ra, aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi tasdiqlangan bo‘lib, yildan yilga ijtimoiy nafaqa olish jarayonini soddalashtirish rejalashtirilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2030 - yilgacha davlat byudjetining ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan xarajatlari ichki yalpi mahsulotga nisbatan 1,5%ga yetkaziladi.

2025 - yilga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi negizida Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.

Aholini ijtimoiy himoya milliy strategiyasi loyihasi Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, BMT Taraqqiyot Dasturi va Jahon banki ekspertlar guruhi ishtirokida ishlab chiqilgani aytildi.

XS
SM
MD
LG