“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO to‘lov tizimi) 65 million AQSH dollariga sotilgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Agentlik xabarnomasida o‘tgan yil 30-sentyabridagi e’longa muvofiq HUMO to‘lov tizimini sotib olish bo‘yicha uch talabgordan taklif kelib tushgani hamda eng yuqori xarid bahosini (65 mln dollar) taklif qilgan “Paynet” AJ savdo g‘olibi deb topilgani qayd etilgan.
Xabarnomada talabgor kelgusida “Milliy banklararo protsessing markazi” AJga tegishli Humo to‘lov tizimini barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarni, shuningdek, tizim foydalanuvchilarining konfidensial (shaxsiy va bank) ma’lumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgani qo‘shimcha qilingan.
Humo to‘lov tizimi O‘zbekiston to‘lov tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Ustav kapitali 155,4 milliard so‘mni tashkil etuvchi tizim 27 milliondan ko‘proq karta chiqargan, 210 mingdan ortiq terminal va 6,4 mingdan ziyod bankomat o‘rnatgan.
Paynet esa O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida ancha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan eng yirik to‘lov operatorlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Mazkur to‘lov tizimi yiliga 20 milliondan ziyod foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov Humo‘ni sotib olgan Paynet AJ bir yil muqaddam “yashirincha xususiylashtirilgan”iga e’tibor qaratgan.
“65 million ko‘pmi yo kammi deganlar uchun, masalan, bu summa Humo‘dan kichikroq boshqa to‘lov tizimining 2 yillik foydasi. Aytgandek, kuchli talabgorlar o‘yindan chiqqach, Humo‘ni aynan 60-80 million dollarga “baholab berishgandi”. Bir so‘z bilan aytganda, Humo‘ning “xususiylashtirilishi” ichki va tashqi investorlar uchun navbatdagi qizarib ketgan lakmus qog‘ozi bo‘ldi”, deb yozgan Otabek Bakirov.