Линклар

Шошилинч хабар
05 апрел 2026, Тошкент вақти: 12:50

Ijtimoiy tarmoqlarsiz mamlakat. Turkmanistonda so‘nggi messenjer “yo‘qolmoqda”

Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Turkmanistonda birgina xabar almashish ilovasi – IMO bor edi, endi uni ham ishlatib bo‘lmay qoldi. Sababi – dunyo bo‘yicha eng past deb tan olingan internet tezligi so‘nggi haftalarda yanada sekinlashganida. Boshqa messenjer va ijtimoiy tarmoqlar esa allaqachon bloklangan.

IMO ilovasi ishlashdan to‘xtaganidan so‘ng Turkmaniston aholisi oxirgi yaroqli messenjerdan mahrum bo‘ldi. Avtoritar Ashxobod hukumatining ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo‘yish qarori Turkmaniston fuqarolarini dunyodan to‘sib qo‘ydi, deyish mumkin.

Markaziy Osiyodagi ushbu respublika bir necha bor xalqaro ekspertlar tomonidan dunyoning internet tezligi eng past mamlakati o‘laroq tilga olingan. Mahalliy aholi vakillariga ko‘ra, shundoq ham “toshbaqadek sustqadam” bo‘lgan internet so‘nggi haftalarda yanada imillab, veb-saytlarni ochish imkonsiz bo‘lib qolgan va “IMO’ni yo‘qlikka mahkum etgan”.

“IMO ishlamaydi ortiq, qolgan barcha ijtimoiy tarmoqlar allaqachon bloklab qo‘yilgan. Hatto chet el telekanallari ham internetdan yo‘qolmoqda. Bir haftadan beri “Yevronyus”ni ko‘ra olmayapmiz”, - dedi 3-avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda ismini aytishni istamagan ashxobodlik.

Turkmanlar o‘zlarini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, bloklangan ijtimoiy tarmoqlarga virtual xususiy tarmoqlar (VPN) orqali kirishayotgan edi, biroq endilikda o‘ta sekin internet har qanday saytni ochilmaydigan qilib qo‘ydi.

Foydalanuvchilar internet tezligi hatto Turkmaniston qarichida ham nihoyatda sustlashganini aytishmoqda. Ammo, tezligi juda pastligiga qaramay Turkmanistonda internet dunyo bo‘yicha eng qimmat servislardan biri sanaladi.

Britaniyadagi Cable.co.uk shirkatining dunyo bo‘yicha keng polosali internet tezligiga doir hisobotiga ko‘ra, 2021-yilda Turkmaniston soniyasiga 0,50 megabit tezlik bilan 224 mamlakat va hudud orasida internet eng sust ishlaydigan mamlakat deb topilgan.

Hisobotda aytilishicha, Turkmanistonda 5 gigabayt hajmli filmni yuklab olishga 22 soat 34 daqiqa vaqt sarf qilinadi.

IMO Turkmanistonda hanuz ishlab turgan so‘nggi tezkor xabar almashish ilovasi edi. Aprel oyi oxirlarida hukumat ICQ messenjerini yopib qo‘ygan edi.

WhatsApp, Viber va boshqa ilovalar bloklanganiga ancha bo‘lgan, Facebook, Twitter, YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlar ham ko‘pdan beri ishlamaydi. Turkmaniston hayotini yorituvchi aksar mustaqil onlayn-nashrlar va chet el OAVlari saytlarini mamlakat ichkarisida VPN’siz ochib bo‘lmaydi.

Turkman hukumati axborot oqimini o‘ta ekstremal usullarda nazorat qilishi va o‘z xalqini jahon axborot makonidan ayro tutishi bilan tanilgan.

Mamlakatda mustaqil OAVlar yo‘q, barcha tele va radiokanallar, gazetalar va yangilik saytlari davlat tomonidan nazorat qilinadi.

Hukumat hatto odamlarning bir joydan ikkinchi joyga borishini ham nazorat qiladi, o‘z fuqarolariga xorijga chiqishni taqiqlaydi va hatto chet elga ketayotgan kishilarni, qo‘lida chipta va vizasi borligiga qaramay uchoqlardan tushirib qoladi.

“Meni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi yagona robita – bu smartfonlarda hozircha ishlab turgan elektron pochta, – deydi ashxobodlik suhbatdosh. – Lekin odamlar mobil yoki statsionar telefondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilmaslikni so‘rashmoqda, chunki turkman xavfsizlik xizmatlari xalqaro so‘zlashuvlarini eshitib turadi”.

Bir necha turg‘un Ozodlikka internet tezligi yomonlashgach “Turkmantelekom” davlat shirkatiga shikoyat qilishganini, biroq hech nima o‘zgarmaganini aytdi.

Yana bir necha kishi tezroq ishlaydigan internetdan bahramand bo‘lish uchun qimmat paketlarni sotib olishganini, lekin pullariga kuyishganini, chunki internet tezligi pastligicha qolganini ma’lum qildi.

2022-yilda prezident Gurbanguli Berdimuhamedov milliy xavfsizlik vazirligiga shusiz ham har taraflama chirmab tashlangan internetni nazorat qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlarini ko‘rishni buyurgan edi.

Berdimuhamedov Davlat xavfsizlik kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlarkan, “2021-yilda internet ustidan nazorat talab darajasida bo‘lmagan”idan noligan edi.

Отасидан Туркманистон президенти лавозимини олаётган Сардор Бердимуҳамедов ҳақида 5 факт
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:42 0:00

U maxsus xizmatlarga “Turkmaniston konstitutsiyaviy tuzilmalariga zarar keltiruvchi g‘oyalarni tashiydigan, jamoat tartibini buzadigan xatti-harakatlarni qiladigan, terrorchilik, ekstremizm, ultramillatchilik va boshqa noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanadigan kimsalar”ga hushyor bo‘lishni buyurgan. O‘tgan yili u prezidentlik lavozimidan ketib, o‘rniga o‘g‘li Sardorni qo‘ydi, biroq axborot siyosati o‘zgargani yo‘q.

Hukumat ayrim fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarga VPN orqali kirishini biladi. Iyun oyida politsiya bir qancha taniqli mahalliy blogerlarni chaqirib, bundan so‘ng Turkmanistonni faqat maqtab materiallar chiqarishga topshiriq bergan.

Politsiya bizni ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni tanqid qilgan odam qamalishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, degan edi ayrim blogerlar Ozodlik bilan suhbatda.

Ular aytishicha, hatto hukumat tanqid qilingan materiallarga “layk” qo‘yish yoki izoh yozish ham qat’iyan taqiqlangan bo‘lib, bu “hukumatga qarshi faoliyat” deya baholanishi mumkin ekan.

Turkmanistonda davlat OAVlari hukumatning “baxtiyor va farovon” millat haqidagi narrativlarini targ‘ib qilarkan, faqat davlat tadbirlari va paradlardagi “go‘zal manzaralar”ni ko‘rsatadi. Gazga boy mamlakatda hukm surayotgan jiddiy iqtisodiy inqiroz, qashshoqlik va ishsizlik haqida esa lom-mim deyilmaydi.

XS
SM
MD
LG