Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:20

“Ikkinchi Saygon”. Afg‘oniston voqealarining AQSh va G‘arbdagi aks-sadosi


AQSh Prezilenti Jo Bayden Bryusseldagi NATO sammitida - 14 - iyun, 2021
AQSh Prezilenti Jo Bayden Bryusseldagi NATO sammitida - 14 - iyun, 2021

Afg‘onistonning toliblar tarafidan ishg‘ol qilinishi AQSh hukumatini tanqid toshlari ostida qoldirdi – qo‘shinlarni olib chiqib ketish yomon uyushtirilgani, afg‘on armiyasi G‘arb dastagisiz qanchalar notavon bo‘lib qolishi mumkinligini Vashington fahmlay olishmagani, Amerika strateglari Tolibonning qudratini chamalashda qattiq yanglishgani bot‑bot takrorlanmoqda.

“Amerika pullari sovurilayotgan mamlakat”

Jo Bayden ma’muriyati eng avvalo xalqaro hamjamiyat dastaklayotgan Kobul hukumatining qulashiga yo‘l qo‘ygani uchun tanqid qilinmoqda.

Tez o‘zgarayotgan vaziyat prezident Ashraf G‘anining juftakni rostlashi ortidan mamlakatda qanday rejim o‘rnatilishi borasida qator savollarni tug‘dirmoqda. Ayni damda, ko‘pchilik AQShning Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealardagi roli Bayden ma’muriyatiga qanday ta’sir etishi xususida fikr yuritmoqda.

Ayrim munaqqidlarga ko‘ra, Amerika prezidentining, ayniqsa, AQShni jahon siyosati lideri sifatida qabul qiladigan mamlakatlar oldida obro‘siga jiddiy zarar yetdi.

Biroq AQShning tashqi ishlari bo‘yicha eksperti Skott Lukas, Tolibonning bu qadar tezlikda harakat qilgani har qancha hayratomuz bo‘lmasin, Bayden ma’muriyati qo‘shinlar olib chiqib ketilishidan keyingi voqealar rivojini bashorat qilishda yanglishmagan, deb hisoblaydi.

“O‘ylaymanki, Baydenning maslahatchilari Tolibon Afg‘onistonning zabt etishini bilganlar. Menimcha, ular Amerika mablag‘larini Afg‘onistonga tikish besamar, deb hisoblashgan, zero hozirda prioritetlar butkul o‘zgargan”, degan edi u “Ozodlik” bilan muloqoti chog‘ida.

Lukas Baydenning 2009 - yilgi gapini eslatdi: o‘shanda u Afg‘onistonga sarmoya yotqizishda davom etish – pulni elga sovurishdir, degan edi. Ekspertning aytishicha, Amerika prezidenti AQSh manfaatlari “mintaqaning boshqa qismlarida”, deb biladi.

Афғонистон: Кобулда хаос, Толибон Ислом Амирлигини эълон қилишга ҳозирланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:20 0:00

“Bu AQShning Eron va Pokistonga nisbatan siyosatidir. Bayden jamoasi uchun Xitoy ham ustuvor masala sanaladi. Afg‘onistonda pul sarflashda davom etish AQShning global miqyosdagi yo‘li haqidagi g‘oyaga uyg‘un emas, ayniqsa, Xitoy xavfi tobora ulg‘ayayotgan ayni zamonda”, deydi siyosatshunos.

Lukasga ko‘ra, “Afg‘oniston tevaragidagi barcha o‘yinlar”ga diqqat qilinsa, yangi-yangi savollar paydo bo‘ladi.

“Masalan, Tolibon ilk daf’a iqtidorga kelganida uni dastaklagan Pokistonni olaylik. Islomobod toliblar bilan aloqalarini tiklaydimi? Eron-chi? 1990-yillarda uning toliblar bilan orasida buzuq edi. Ammo so‘nggi yillarda aloqa kanallari ochilmoqda. Bu yog‘iga nima bo‘ladi?” savol qo‘yadi ekspert.

U Xitoy toliblar bilan hamkorlik qilish niyatini darhol ochiqlaganini ham tilga oladi. “Bu bilan Xitoy Afg‘oniston va Tolibonni o‘zining “Bir makon, bir yo‘l” siyosiy-iqtisodiy loyihasiga qo‘shib yubormoqchi emasmikan?” fikrida davom etadi siyosatshunos.

Lukasning aytishicha, bu voqealardan so‘ng Qo‘shma Shtatlar 2001 - yildan buyon ilk bor mintaqada ortiq muhim o‘yinchi bo‘lmay qoldi.

“Bayden tashqi siyosatidagi ulkan muvaffaqiyatsizlik”

Qo‘shma Shtatlarda ko‘plab siyosatchilar, aksari respublikachilar Bayden ma’muriyatining xatti-harakatlarini keskin tanqid qilmoqda. Xususan, Donald Tramp vorisiga qattiq tashlandi va u “sharmandalarcha” iste’foga chiqishi lozimligini aytdi.

Bayden esa toliblar bilan afg‘on harbiylari urushishi kerakligini, qolaversa, qo‘shinlarning olib chiqib ketilishi 2020 - yili Dohada Tramp ma’muriyati toliblar bilan imzolagan bitim ijrosining davomi ekanini ta’kidlab, o‘z qarorini himoya qilmoqda.

“Afg‘on armiyasi o‘z mamlakatini asrab qolishni istamas ekan, AQSh qo‘shinining u yerda yana bir yoki besh yil bo‘lishi hech nimani o‘zgartirmasdi baribir”, degan edi Bayden toliblar Kobulga yaqinlashib qolgan 14 - avgustdagi chiqishida.

Biroq AQSh Vakillar palatasidagi respublikachi Stiv Skaliz afg‘on hukumati tanazzulini 1975 - yili AQSh Vyetnamdan qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘ng sarosima ichida Saygon (hozirgi Xoshimin)dagi elchixonasini vertolyotda shosha-pisha ko‘chirganiga mengzab, Baydenning “Saygon lahzalari”, deb atadi.

“Prezident Tramp ma’lum shartlarga asoslangan bitim tuzgan edi, lekin u shartlarga rioya qilinmadi. Jumladan, bir shartga ko‘ra Tolibon Bayden prezidentligi davrida egallangan shaharlarga tegmasligi kerak edi”, dedi kongressmen “CBS Face The Nation” teledasturidagi chiqishida.

Skalizning fikricha, Baydenning xatti-harakatlari AQSh ittifoqchilariga, shuningdek, ularning “butun dunyodagi dushmanlariga” yo‘llangan “mujda”dir.

“Xitoy, bizning o‘zga raqiblarimiz kabi, Afg‘onistonda ro‘y berayotgan voqealarga jiddiy aralashgan. Va ular Bayden hech qachon yuz bermasligiga va’da bergan ishlar qanchalik oson amalga oshganini ko‘rib turishibdi. Prezident aytganining tamom teskarisi sodir bo‘ldi. Binobarin, bu Bayden tashqi siyosatining olamshumul muvaffaqiyatsizligidir”, dedi Skalin.

AQSh Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Mark Milli Amerika razvedka xizmatlari Afg‘onistondan bo‘lajak terrorchilik hujumlari ehtimolini qaytadan baholayotganini, “Al‑Qoida” singari guruhlar u yerda avval bashorat qilinganidan ko‘ra tezroq o‘zini tiklab olishi va kuchayishi mumkinligi taxmin qilinayotganini bildirdi.

Vakillar palatasi a’zosi, respublikachi Maykl Vals esa Tolibon Afg‘onistonni zabt etishi munosabati bilan “Al‑Qoida” tashkiloti tez orada “na’ra tortgancha” qaytishini bashorat qilmoqda.

“Hademay “Al‑Qoida”ning 3.0 talqinini ko‘rasiz. Ular na’ra tortgancha otilib chiqadi. Biz hammamiz prezident Barak Obama Iroqni tashlab chiqib ketganidan so‘ng yuz bergan voqealar takroriga guvoh bo‘lamiz. Obamaning o‘sha qarori ekstremistlarning “Islom davlati” bunyod bo‘lishiga olib kelgan edi”, dedi Vals 15 - avgust kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida.

“Xalqaro hamjamiyatning muvaffaqiyatsizligi”

Bayden sha’niga yangrayotgan tanqidlarning hammasi ham siyosiy raqiblar og‘zidan chiqayotgani yo‘q.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Herbert Reymond hamda Harbiy va siyosiy hokimiyat markazi direktori Bredli Bouman Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish qarorining “dahshatli oqibatlari” haqida bir necha oydan beri ogohlantirdi.

“Wall Street Journal”da 15 - avgust kuni e’lon qilingan maqolada Makmaster va Bouman toliblarning Kobulga qaytishini “Vashingtondagi vallomatlar Amerika dushmanlarining doimiy tahdidlari va fe’l-atvorini baholashda yanglishganida hamda shunchaki uyga qaytib ketish bilan urushni tugatsa bo‘lishiga ishonganida qanday falokatlar yuz berishi mumkinligining yorqin va og‘riqli namoyishi”, deb atadi.

“Sky TV” telekanalining mudofaa va xavfsizlik mavzularini yorituvchi muxbiri Alister Bankall Afg‘onistondagi so‘nggi voqealarda Trampni ham, Baydenni ham ayblaydi: sobiq prezidentni – 2020 - yilda Tolibon bilan Amerika zarariga shartnoma tuzgani uchun”, hozirgisini esa “Amerika qo‘shinlarini yashirincha va to‘satdan olib chiqib ketgani uchun”.

Ekspertga ko‘ra, “mamlakatning katta qismidan uzilib qolgan va viloyatlar rahbarlari bilan mahalliy yetakchilarni o‘zidan bezdirgan” qochoq afg‘on prezidenti Ashraf G‘anini, shuningdek “ko‘p yillar ta’lim olgan va trillion dollar qiymatli yuqori texnologik qurol-aslahalarga ega bo‘laturib deyarli jangsiz taslim bo‘lgan Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini ham aslo oqlab bo‘lmaydi”.

Afg‘onistondan xalqaro koalitsiya qo‘shinlarining olib chiqib ketilishini Britaniyaning yuqori martabali siyosatchi va harbiylari ham tanqid qilishdi.

Xususan, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles 16 - avgust kuni Bi-bi-si bilan suhbatda ushbu inqirozni “xalqaro hamjamiyatning muvaffaqiyatsizligi” deb atab, G‘arbning Afg‘onistonga intervensiyasi – hali ishning yarmi ekanini qo‘shimcha qildi.

“Agar bu muvaffaqiyatsizlik bo‘lsa, Afg‘onistonni bir zumda o‘zgartirib bo‘lmasligini anglay olmagan xalqaro hamjamiyatning muvaffaqiyatsizligidir. O‘ylaymanki, tarixi mazmunan fuqarolar urushi tarixidan iborat bu o‘lkaning muammolariga yechim topish mumkin. Biroq bunga ehtimolki yuz yillar kerak bo‘ladi”, deydi Uolles.

XS
SM
MD
LG