Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasi (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) bilan 2 ming 593 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 35 nafari jarimaga tortilgan, 2 ming 558 nafariga nisbatan esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lumot tarqatdi.
O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq, ma’muriy qamoq deyilganda biror ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni 3 sutkadan 15 sutkagacha muddatga hibsda saqlash tushuniladi. Favqulodda holat tartibi sharoitida esa bu jazo 30 sutkagacha cho‘zilishi mumkin. Bu tartib 2018-yilning 11-iyulidan kuchga kirgan.
Oliy sud mulozimi qaydicha, o‘tgan yili mamlakat bo‘ylab aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 8 ming 517 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 160 nafariga nisbatan jarima jazosi tayinlangan, 8 357 nafariga nisbatan esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.