Joriy yilning yanvar-aprel oylari oralig‘ida O‘zbekistonda davlat byudjeti defitsiti 25 trillion so‘mdan (Markaziy bankning shu kundagi kursi bilan taqriban 2 milliard AQSH dollari) ko‘proqni tashkil etgan. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoyinlagan infografika ma’lumotlariga tayangan holda xabar qildi.
Yilning ilk choragida davlat budjeti defitsiti qariyb 20 trillion so‘mga (1,56 milliard AQSH dollari) yetgani haqida xabar qilingan va bu so‘nggi 12 yil ichidagi rekord ko‘rsatkich ekani urg‘ulangan edi.
O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjeti defitsiti 2023-yilda ham rekord darajaga yetib, 59 trillionn so‘mni (5 milliard AQSH dollaridan ko‘proq) tashkil etgan. O‘tgan yil yakunida hukumat xarajatlar chegarasini tutib turolmagani uchun parlament orqali limitni oshirishga majbur bo‘lgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan yilning 25-dekabri kuni imzolangan 2024-yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, davlat byudjeti daromadlari 270,4 trillion so‘mni, xarajatlar 280,7 trillion so‘mni tashkil etishi, defitsit esa 10,3 trillion so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi. Biroq byudjet defitsiti ilk to‘rt oy ichida yillik kutilmadan qariyb ikki yarim baravar oshib ketgani qator savollarni paydo qilmoqda.