Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:12

Ilon Mask Asperger sindromidan aziyat chekishini tan oldi va “Dogecoin” haqida hazil qildi


Ilon Mask
Ilon Mask

Milliarder tadbirkor Ilon Mask NBC telekanalining “Saturday Night Live” (SNL) («Shanba oqshomida jonli efirda») dasturiga mezbonlik qildi. Shou 100 dan oshiq mamlakatda jonli efirga uzatildi.

Dunyoning eng badavlat shaxslaridan biriga aylangan Mask o‘z monologini SNL dasturiga mezbonlik qilgan ilk Asperger sindromidan aziyat chekuvchi shaxs ekanini aytishdan boshladi. Mask, shuningdek, o‘zining bir tonda gapirish odati haqida hazil qildi.

Asperger sindromi autizm spektridagi holat bo‘lib, undan aziyat chekadiganlarda ijtimoiy aloqalar qurish keyin kechadi. Ba’zan bu holat yuqori funksional autizm deb ataladi.

Ko‘pchilik Mask jonli komediya dasturida o‘zini qanday tutishiga qiziqqan edi. Ko‘rsatuv davomida Mask o‘zi haqida ko‘p hazil qildi. Jumladan, provokatsion tvit yozishga moyilligi va podkast yozib olish chog‘ida nasha solingan papiros chekkani haqida hazil qildi.

«Men xafa qilgan har bir kishiga aytmoqchimanki, men elektromobillarni qayta ixtiro qildim va kemada Marsga odam jo‘natyapman. Meni sipo, oddiy odam deb o‘ylaganmidingiz?», dedi Mask.

Maskning onasi May ham sahnada unga qo‘shildi va ikkovlon Mask targ‘ib qilib kelayotgan “Dogecoin” kriptovalyutasi haqida hazil qildi. “Dogecoin” va boshqa raqamli valyutalar Maskning SNL shousiga mezbonlik qilishidan oldin qimmatlashdi. Ammo “Dogecoin” ko‘rsatuv davomida bir oz arzonladi.

Shou davomida Mask o‘zi asos solgan “SpaceX” shirkati rahbari rolini ham o‘ynadi. Unda u Mars koloniyasida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatni hal qildi.

Mask elektromobil ishlab chiqaruvchi “Tesla” shirkati bosh direktori, “SpaceX” fazo shirkati rahbari va yer ostida tunnel qazuvchi Boring shirkatining rahbaridir.

Maskning shouga mezbonlik qilishi ommaviy axborot vositalarida oldindan keng yoritildi. Ko‘rsatuv arafasida “Tesla” ishlab chiqqan futuristik Cybertruck avtomobili prototipi Nyu-York ko‘chalarida ko‘rinish berib, katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Ko‘rsatuv davomida Mask o‘tmishda AQShning g‘arbida elektr ot ixtiro qilgan qurolbardor rolini ham o‘ynadi. Qurolbardor otishmadan qochish uchun yerosti tunnelini qazishni taklif qildi.

Mask “Tesla” boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchi shirkatlardan farqli o‘laroq, reklama uchun milliardlab dollar mablag‘ sarflamasligini faxr bilan aytib keladi. Tadbirkor buning o‘rniga Twitter kabi platformalarda o‘z shirkatlari va mahsulotlarini yuqori mahorat bilan targ‘ib qilmoqda.

Mask SNL dasturiga mezbonlik qilgani NBC telekanali uchun ham qo‘l keldi. Telekanal Mask mezbonlik qilgan ko‘rsatuvni ilk marotaba YouTube orqali 100 dan ortiq mamlakatda jonli efirda namoyish etdi.

XS
SM
MD
LG