Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:15

Indiana Jons va Otabek Umarov. Turizm vazirligi tarmoqlarda tanqidga uchragan videoga aloqasi yo‘qligini aytmoqda


"Uncharted vs Tomb Raider vs Indiana Jones" videolavhasi O‘zbekistonning qadimiy shaharlarida tasvirga olingan. Ilyustrativ surat.
"Uncharted vs Tomb Raider vs Indiana Jones" videolavhasi O‘zbekistonning qadimiy shaharlarida tasvirga olingan. Ilyustrativ surat.

O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi O‘zbekistonning qadimiy shaharlarida tasvirga olingan va tarmoqlarda e’tirozga sabab bo‘lgan videoga aloqasi borligini rad etmoqda.

27 - yanvar kuni YouTube tarmog‘iga joylangan "Uncharted vs Tomb Raider vs Indiana Jones" videolavhasi muqaddimasida mualliflar Amir Temur haqida gapirib, uni "qonxo‘r hukmdor" deya ta’riflaydilar. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Kimdir videoni mamlakat turizm salohiyatini targ‘ib etish uchun ahamiyatli deb baholagan bo‘lsa, boshqalar video kirish qismidagi Temuriylar davlatining asoschisi Amir Temurning “ajalning otasi” deya ta’riflaganiga e’tiroz bildirdi.

Videolavhada “Temur yoki Temurlang - dunyoning buyuk harbiy sarkardalaridan biri. U o‘z davrida 17 milliondan ortiq odamning xayotiga zomin bo‘lgani va daryolarni qon rangiga bo‘yagani bilan tanilgan. XIV asrda uning qo‘li bilan o‘sha paytdagi dunyo aholisining 5 foizi qirib tashlangan. Shu sababli uni “ajalning otasi” deb atashgan” – deya hikoya qilinadi.

Turizm va sport vazirining matbuot kotibi Lola Rahmanbayevaning rasmiy Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda videorolik Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan tasvirga olinmagani, vazirlik videorolik avvalida sohibqiron Amir Temur haqida aytilgan fikrlarga hayrihoh emasligi ta’kidlangan. Ayni paytda vazirlik "tomoshabinning e’tiborini jalb qilish uchun “badiiy to‘qima” qo‘llanilgan bo‘lishi mumkinligi va bu kabi videolar mamlakatining turistik salohiyatini targ‘ib qilishda ijobiy xizmat qilishini" aytgan.

Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ham o‘zining Instagram sahifasida videoni bo‘lishdi, ammo keyinroq uni o‘chirib tashlagani kuzatildi.

“Indiana Jons O‘zbekistonda” nomli qisqa metrajli filmning tasvirga olish jarayoni bilan bog‘liq ikkinchi videoda loyiha prodyuseri sifatida sobiq Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi Behruz Hamzayev ham ko‘ringan.

Hamzayev bugungacha Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonga bo‘lib qaytgan aksar sayohatchi blogerlarning videolarida ko‘rinish bergan va ularning mamlakat bo‘ylab safarlariga hamrohlik qilib keladi.

Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov videoni tarmoqlarda bo‘lishgan, ammo keyinroq o‘chirib tashlagan.
Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov videoni tarmoqlarda bo‘lishgan, ammo keyinroq o‘chirib tashlagan.

Video mualliflari Prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarovga ham alohida minnatdorlik bildirishgani va kuyovning Instagram sahifasiga havola berganliklarini ham ko‘rish mumkin. Umarovning loyihadagi roli haqida ma’lumot yo‘q.

Prezident Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan O‘zbekiston chet ellik sayyohlar uchun ochila boshladi, fuqarolari mamlakatga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxati 2017 - yildagi 9 tadan 2022 - yil boshiga kelib 90 taga yetdi.

Turizm va sport vazirligi mamlakat imijini yaxshilash va xorijiy sayyohlarni jalb qilish maqsadida xorijlik blogerlarning O‘zbekistondagi safarlarini ham tashkil qilib keladi.

Davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlarning mamlakat imijini qanchalik yaxshilagani yoki turizm daromadlariga qanday ta’sir ko‘rsatgani ma’lum emas.

2019 - yil avgustida dunyoning 40dan ortiq mamlakatlaridan 100 nafarga yaqin bloger Samarqanddagi “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birga «selfi»ga tushishgandi.

O‘sha tadbirdan bir oy o‘tib Shavkat Mirziyoyevning kichik kuyovi Otabek Umarov taklifi bilan O‘zbekistonga rossiyalik mashhur avtobloger Erik Davidich tashrif buyurdi.

Instagram sahifasida o‘zining qimmatbaho mashinalar¸ tungi poyga va driftingga o‘chligini namoyish qilib kelgan prezidentning kenja kuyovi avtoblogerga test-drayv o‘tkazish uchun premium-klassdagi «Mercedes AMG GT 4», «BRABUS Maybach 900» va «Bentley» avtomobillarini taklif qilgan. Buning uchun Toshkentdagi markaziy Amir Temur xiyoboni bir necha soat mobaynida ichki ishlar xodimlari tomonidan avtomobil va piyodalar harakatlanishi uchun yopib qo‘yilgan.

O‘tgan yil dekabrida Turizm va sport vazirligi Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti ham bo‘lgan Otabek Umarovni “Sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qo‘shgan hissasi uchun” taqdirladi.

Президент куëви тирик. У Жанубий Кореяда операция қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:02 0:00

Ayni paytda O‘zbekistonda xorijlik sayyoh va blogerlar orasida ommalashgan dronlardan foydalanishga taqiq saqlanib qolmoqda.

3 - fevral kuni rossiyalik travel-bloger Maksim Limar Buxoro aeroporti bojxona nazoratidan o‘tayotgan paytida uning buyumlari orasidan dron topilganligi sabab ushlangan va uy qamog‘iga joylashtirilgan.

“Vesti Novosibirska” nashriga ko‘ra, rus blogerning qonunni buzgan yoki buzmaganligini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlangan.

XS
SM
MD
LG