Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:05

“Ishimiz shunaqa”. Bloger Svetlana Osipova – Rossiya jamiyatidagi tabaqalashuv haqida


Svetlana Osipova
Svetlana Osipova

“Sizni tushunaman, lekin ishimiz shunaqa-da”. Bu gapni politsiya xodimlaridan, pristavlardan, hatto sudyadan ham eshitganman. “Ishimiz shunaqa” – mumkin bo‘lgan barcha ishni, hatto ko‘ngling tilamagan ishlarni, kerak bo‘lsa, qonun nuqtai nazaridan “jinoyat” deb malakalanuvchi ishlarni ham qilishga ruxsat beruvchi indulgensiya bu.

Ekstremist, “istalmagan shaxs”, “xorijiy agent” deb topish, muxolifatchi siyosatdonlar va ularning qarindoshlari uylarida tintuvlar o‘tkazish, qamoqlar, tahdidlar, zaharlashlar, ehtimolki, qotilliklar ham... Bularning barini kichik bir guruh qilayotgani yo‘q, bu ishlarda yuzlab tirik odamlar ishtirok etmoqda – ularning oila a’zolari, farzandlari har kuni biz yuradigan ko‘chalardan o‘tib qaytishadi.

“Istalmagan” fuqarolarga bosim o‘tkazish, tintuvlar va ta’qiblar bilan qiyofasiz tizim emas, balki muayyan odamlar shug‘ullanmoqda. Va bunga ularning boshliqlar sovg‘a qilgan indulgensiyasi – huquqi bor, uning nomi – “ishimiz shunaqa”. Shuning bilan birga, maxsus xizmatlar va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralarining xodimlari, nohaq qaror chiqaruvchi sudyalar hamda hukumat odamlari o‘z kasb-lavozimlari doirasida qiladigan barcha ishlarini, jumladan, Aleksey Navalniy yoki Dmitriy Bikovlar joniga suiqasd qilinishini chindan ham adolatli va to‘g‘ri ish, deb bilishlariga ishongisi kelmaydi kishining.

Pogon taqqan bu odamlar Dmitriy Gudkov va uning qarindoshlari xonadonini tintarkan, albatta biron kompromat topamiz deb ishonganini; Buyuk Novgorodda munitsipal deputatlar syezdini buzganda yoki Anastasiya Shevchenkoni hibsga olganda, yoxud Azat Miftaxovni sud qilishganda, yoinki “Novoye velichiye” ishi bo‘yicha bo‘lg‘usi ayblanuvchilar uchun internetda provokatsion chat ochishganda, yo bo‘lmasa, mustaqil jurnalistlarni ta’qib qilishganda va mamlakatdan siqib chiqarishganda ularning qalblari xizmat burchini ado etish hissiga to‘lib-toshganini tasavvur qilish mahol.

Bu ishlar zanjirida ishtirok etgan barcha kishilar “biz to‘g‘ri qilyapmiz”, deya inonganiga aql bovar qilmaydi. Ular buyruq olishganiga va qanchalik absurd va mantiqsiz bo‘lmasin, uni bajarish lozimligiga ishonganlar. Yoki shunchaki qo‘rqishgan. Umuman olganda, “Sizga shaxsiy g‘arazim yo‘q, ishim shunaqa” deya javobgarlikni o‘zdan soqit qilib, “noqulay” xayollaru vijdon azobini bo‘g‘ish qiyin emas.

Bugun biz “siyosiy” (va boshqa tusdagi) ishlar mahkama jarayonlarida ko‘rib turganimiz voqealar qaysarlar, o‘ta faol va tashabbuskor odamlarni “zararsizlantirish”ga ham emas, balki qolgan barchaga – ozmi-ko‘pmi hammaslaklari dastagiga tayanib biron nimani isbotlashga yoki hukumat foydasiga zid tomonga o‘zgartirishga jazm qilganlarning ahvoli nima bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yishga qaratilgan. Shubhasiz, ushbu namoyishkorona mahkama ishlarida qatnashgan kishilar orasida o‘ylaydigan, o‘zini tergay oladiganlar topiladi. Biroq “shunaqa ish” degan bahonayu bu “ish”ni yo‘qotishdan qo‘rquv oldida vijdon ovozi so‘nadi.

Jamiyatimiz borgan sari – odamlarga va “shunaqa ish”da ishlaydigan odamlarga bo‘linib qolayotgandek. Ikkala tabaqa har gal bir-biriga duch kelganda tushungansimon bosh irg‘ab, “nachora, tizim shunaqa” demoqchi bo‘ladi. Tizimning o‘zi ham martabali va pogonli odamlar bilan hech bir vakolatsiz va imtiyozsiz fuqarolar o‘rtasiga allaqachon chiziq tortishni boshlab yuborgan. Va bu chiziq – chegara turmush darajasi va sifatida aks etgani kabi, son-sanoqsiz qonunlarga ham aniq-tiniq qilib yozilmoqda.

Masalan, Rossiya Federatsiyasining Sudyalar statusi to‘g‘risidagi qonuni iste’fodagi sudyalarga muayyan lavozimlarni egallashni man qiladi, xususan, ular prokuror, tergovchi va surishtiruvchi bo‘lib ishlashi, advokatlik va notariuslik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Aks holda, sobiq sudya o‘z statusidan, u bilan birga o‘zining barcha haqli imtiyozlaridan, jumladan, pensiyasidan ham voz kechmog‘i lozim. Ko‘p hollarda sudyalar bilan prokuratura va tergov organlari xodimlarini bitta toifaga kiritadilar, lekin aslida bunaqa emas: sudyaning mavqei zotan balanddir. Iste’foga chiqqanidan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Biroq agar sudya ijodiy va maorif faoliyatidan boshqa sohalarda o‘z bilimini sinab ko‘rmoqchi bo‘lsa, uni statusidan mahrum etishadi. Va zamonaviy Rossiyada bu qonunchilik cheklovidan qariyb tabaqaviy chegaraga aylanib bormoqda.

Advokat sud majlisi boshlanishini yo‘lakda kutib turgan va kotibning ruxsatisiz sud zaliga kira olmayotgan paytda prokurorlar allaqachon sud zalidagi o‘rindiqlarda yastanib o‘tirgan bo‘ladi, ayrimlari esa bu mahal maslahat xonasida ish xususida sudya bilan gaplashib o‘tirgan bo‘lib chiqadi. Mana shuni chegara deymiz.

Sud politsiya xodimlarining ko‘rsatuvlariga, prokuror va tergovchining vajlariga so‘zsiz ishongani holda, aylanuvchilarning ko‘rsatuvlarini shubha ostiga oladi – hatto rad qilib bo‘lmas dalillarni keltirishsa ham. Va bu ham chegara.

Yaqindan boshlab “Roskomnadzor” davlat muhofazasidagi shaxslar, jumladan, kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari, ularning mol-mulki va daromadlariga doir ma’lumotlar keltirilgan maqolalarni chop etgan saytlarni bloklash vakolatiga ega bo‘ldi. Shunday, hukumatga yaqin odamlar haqidagi ma’lumotlar zo‘r berib yashirilayotgan paytda faollar va muxolif siyosatchilarga oid shaxsiy ma’lumotlar hamda ularga qarshi targ‘ibot materiallari sanoat ko‘lamlarida yoyilmoqda, “Roskomnadzor” esa ushbu ma’lumotlarni e’lon qilgan kimsalarni bloklashga yoki loaqal ularga biror e’tiroz bildirishga shoshilayotgani yo‘q. Va bu ham chegaradir.

Mazkur chegara muxolifatni va hokimiyat muxolif deb bilgan barchani siyosiy va umuman har qanday maydonlardan, hatto mamlakatdan siqib chiqarayotir. Mana shuning o‘ziyoq ko‘p savollarga javob bo‘la oladi. Kuchishlatar idoralar va “Edinaya Rossiya” siyosatdonlari o‘z mamlakatlarida fuqarolar yomon turmush kechirishini, qo‘rqib-pusib yurishini va kam ish haqi olishini aslo istamaydilar. Kuchishlatarlar va amaldorlar shunchaki chegaraning narigi tarafida o‘z ishlarini bajarmoqda xolos va har qanaqa oqibatni ular shu bilan oqlashadi.

Darvoqe, “shunaqa ish” hammada bor. Har bir kishining yoki deyarli har kimning boshliqlari va ish reglamentlari bor. Hamma gap – mazkur iborani qanday talqin qilish va qo‘llashda. Chunonchi, jurnalistlar hayotlarini xatarga qo‘yib “qaynoq nuqta”larga borishadi, xavf-xatarga qaramay Rossiyadagi norozilik namoyishlarini yoritishadi; o‘qituvchilar o‘quvchilarga murakkab mavzularni tushuntirish yoki ularni imtihonlarga tayyorlash uchun kechgacha qolib ketishadi; shifokorlar esa “qizil hudud”larda oqibatlari hanuz to‘liq o‘rganilmagan virus bilan olishib yotibdi; o‘t o‘chiruvchilar olov ichiga kirmoqda va hk. Bunaqa misollar son-sanoqsiz. Va bu odamlar ham yaqinlarining tashvishmand savollariga “Ishimiz shunaqa” deb javob berishadi va yana shu ishni davom ettirishadi, chunki uni yanada yaxshiroq bajarishni xohlaydilar.

Holbuki, agar reglament bo‘yicha ishlansa, davlat poliklinikalarida bitta bemorni qabul qilishga atigi 15 daqiqa ajratilgan. Maktab o‘qituvchilari esa qoloq o‘quvchilar bilan darsdan tashqari bepul mashg‘ulot o‘tkazishga mutlaqo majbur emas. Ammo, baxtimizga, byudjet tashkilotlarining barcha xodimlari ham reglamentga amal qilaverishmaydi, garchi ularning ham “ishi shunaqa” bo‘lsa-da. Reglamentga amal qilsa-yu, shu boisdan fuqaro uning ishidan qoniqmasa, u holda pullik shifokorga murojaat qilishi, farzandi muayyan fanni yaxshi o‘zlashtirmog‘i uchun muallim yollashi yoki bolasini boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirishi mumkin. Sog‘lom davlatda pul bilan sifat o‘rtasida bunaqa korrelyatsiya bo‘lmasligi kerak, Rossiyada esa u mavjud, biroq ko‘p sohalarda ushbu muammoni hal qilsa bo‘ladi.

Ammo politsiya, tergov, sud va prokuratura doxil vaziyatda fuqaro bunaqa harakat erkinligidan mosuvo. U noxolis deb hisoblagan taqdirida ham tergovchi, prokuror yoki sudьyani o‘z ixtiyori bilan almashtira olmaydi. Albatta, sudyadan voz kechish yoki ishni bir tergovchidan boshqasiga o‘tkazishning texnik tartib-taomillari mavjud, ammo bunga erishish ko‘p hollarda juda qiyin yoki mutlaqo imkonsizdir. Aynan shuning uchun ham bunaqa toifadagi odamlarning tilidan yangragan “Ishimiz shunaqa” iborasi hech qanaqa umid, tanlov yoki muqobil yo‘qligini anglatuvchi hukm kabi eshitiladi. Xuddi shu boisdan ham kuchishlatarlar va mansabdorlarning mazkur iborasi bir tomonni allaqachon ajablantirmay qo‘ygan bo‘lsa, narigi tomonda sokin g‘azab qo‘zg‘atadi.

Mohiyatan, “ishimiz shunaqa” iborasi bu hammabop alibi bo‘lib, agar har kim ushbu yopiq doira ichiga kirsa, qariyb barcha sohalarda insonni sun’iy idrok bilan oppa-oson almashtirish mumkin bo‘lur edi. Sun’iy idrokning tafakkur va vijdon aralashmagan mazkur iborani tilga olishini kechirish mumkin, lekin inson tomonidan aytilishini kechirib bo‘lmaydi.

XS
SM
MD
LG