Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:01

Ishsizlikning bahosi. Eng arzon ishchi kuchiga ega O‘zbekistonda eng qimmat ish o‘rinlari yaratilmoqdami?


O‘zbekistonlik mehnat migrantlari Novosibirskning Tolmachevo aeroportida. 2020, 23 - may.
O‘zbekistonlik mehnat migrantlari Novosibirskning Tolmachevo aeroportida. 2020, 23 - may.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida mamlakat bo‘ylab umumiy qiymati 2 514,7 mln dollarlik 129 ta loyiha foydalanishga topshirilgan va natijada 21 302 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Har biri 118 049 dollarga tushgan 21 302 ta yangi ish o‘rni joriy yilda yaratilishi aytilgan 457 mingta yangi ish o‘rnining 5 foizini ham tashkil qilmaydi.

Bu raqamlarni sharhlagan tahlilchilar fikricha, O‘zbekistonda ishsizlik muammosi dolzarbligicha qolmoqda, davlat amaldorlari ishsizlikka barham berish yo‘lida real qadamlar tashlash o‘rniga yolg‘on hisobotlar tayyorlashda davom etmoqda.

Markaziy bankning xabar qilishicha, joriy yilning sakkiz oyida xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga, koronavirus pandemiyasigacha bo‘lgan 2019 - yilgi ko‘rsatkichdan esa, 26 foizga oshgan.

2 514,7 mln dollarga 21 302 ta yangi ish o‘rni yaratilgani to‘g‘risida 9 - sentabrda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i Shohrasul Shoha’zamiy bayonot bergani to‘g‘risida mahalliy nashrlar xabar qildi.

Bir necha million dollarlik ish o‘rinlari

Vazirlik vakili o‘z chiqishida yangi ish o‘rinlari yaratilgan korxonalarni nomma-nom sanab o‘tgan. Masalan, u Navoiy viloyatida quyosh fotoelektr stansiyasini qurishga 110 mln dollar sarflangani va 20 ta yangi ish o‘rni yaratilganini aytgan. Demak, bu stansiyada 1 ish o‘rnini yaratish uchun 5 500 000 dollar sarflangan.

Jizzax viloyatida bazalt tolasidan geosetka, kompozit quvurlar va kompozit profillar ishlab chiqaruvchi korxonani qurishga 16 mln dollar ketgan va 128 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. 1 ish o‘rni 125 ming dollarga tushgan.

Umuman esa, bu yil foydalanishga topshirilgani aytilgan 129 ta loyiha doirasida yaratilgan 21 302 ta yangi ish o‘rnining har bir o‘rtacha 118 049 dollarga tushgan.

Президент учун шоу: Маҳалла хотин-қизларига “тикувчилар” ролини ўйнаб бериш топширилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:08 0:00

"Ish o‘rni narxida me’yor yo‘q"

Navoiy viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari, hozirda AQShda istiqomat qilayotgan Ismoil Ospanov bu raqamlarni sharhlar ekan, “1 ish o‘rni uchun 118 ming dollar – gigant miqdor”, dedi va fikrini bunday davom ettirdi:

“Biroq bu yerda qurilgan obyektning xarakteriga qarash kerak. Kapital talab qiluvchi korxonalar, deymiz bunday ishxonalarni. Masalan, 100 mln dollarlik zavod bo‘lishi mumkin. U 100 yil xizmat qilishi mumkin. Zavod qimmat. Biroq oz ishchi ishlaydi. Shuning uchun ish o‘rni qimmatga tushadi. Bunday korxonalarni ham qurish kerak, albatta, lekin O‘zbekistondagi ishsizlik muammosi bunday ish o‘rinlari yaratish bilan hal bo‘lmaydi”.

Iqtisodchi olim Saparboy Jubayev ham Ismoil Ospanovning aytganlarini deyarli takrorladi.

“Bir ish o‘rni faloncha so‘m turadi, degan me’yor yo‘q. Gap qurilayotgan obyektning katta-kichikligi, unga o‘rnatiladigan dastgohlaru foydalaniladigan texnologiyaning qiymatiga bog‘liq”.

457 mingta yangi ish o‘rni uchun necha pul kerak?

Har biri o‘rtacha 118 049 dollarga tushgan 21 302 ta yangi ish o‘rni boshqa bir raqamni yodga soldi. Prezident Mirziyoyev shu yil 8 - iyunda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Joriy yilda bandlik dasturi doirasida 457 mingta doimiy yangi ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan”, degan edi

Agar bir ish o‘rni yaratish uchun o‘rtacha 100 ming dollar sarflanishi lozim bo‘lsa, 457 mingta ish o‘rni yaratish qanchalik real?

Saparboy Jubayevga ko‘ra, bu yerda investitsiyalar yaratadigan ikkilamchi effektni ham inobatga olish kerak:

“Masalan, bir viloyatda 200 kishilik qimmat zavod qurildi, deylik. Zavod pomidordan tomat qilsin. Zavodni pomidor bilan ta’minlash zarurati paydo bo‘ladi. Yaqin qishloqlar aholisi pomidor yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Natijada ular ham ishlik bo‘ladi. Biroq ularning ish o‘rni uchun katta pul sarflanmaydi. Pomidor yetishtiruvchilardan tashqari shisha idish, qopqoq yasovchilarga ehtiyoj paydo bo‘ladi, mahsulotni tashuvchilar, uni sotuvchilar paydo bo‘ldi. Multiplikatsion effekt, deyiladi bu”.

Masala yechimi nimada?

Ismoil Ospanovning fikricha, O‘zbekistonda eng ulkan muammo – ishsizlik muammosini hal qilishga tizimli yondashuv yetishmayapti:

“Bir ish o‘rni bir necha millionga tushadigan loyihalar ham kerak. Biroq ishsizlikka erkin tadbirkor, kichik va o‘rta biznesgina barham bera oladi”.

Navoiy viloyat hokimining sobiq o‘rinbosariga ko‘ra, agrar davlat hisoblangan O‘zbekistonda yerni xususiylashtirish va dehqon-fermerga erkinlik berish orqali ommaviy ishsizlik muammosini yechish mumkin:

“Masalaning yechimlaridan biri qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisiga erkinlik berishda, yerni xususiylashtirishda”.

Vazirlik statistikasi

Mehnat vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, joriy yilning yanvar-iyul oylarida 212,3 ming fuqaro bo‘sh va zaxiralangan ish o‘rinlariga joylashtirilgan.

Mehnat vazirligining aholini ishga joylashtirish markazlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar.
Mehnat vazirligining aholini ishga joylashtirish markazlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar.

30 marta oshirib ko‘rsatilgan ish o‘rni

Biroq joylardan olingan ma’lumotlarga qaraganda, amaldorlar hanuz yolg‘on hisobotlar tayyorlash bilan band. Farg‘onalik faol Abdusalom Ergashev Ozodlikka so‘nggi kunlarda o‘zi guvohi bo‘lgan voqeani aytib berdi:

“Statistikaga hanuz shaxsan menda ishonch yo‘q. Osmondan olib gapirmayman. Mana, so‘nggi ikki haftaning ichidagi gap: Farg‘ona viloyat hokimi sog‘ayib ishga qaytganidan beri hokimlik matbuot xizmati tinimsiz ura-ura raportlar berib yotibdi. O‘shanday xabarlardan biri chet ellik hamkorlarning hissasi qo‘shilgan korxonaning ochilishi haqida bo‘ldi. Korxona oziq-ovqat sanoatiga oid. 150 ta ish o‘rni yaratildi, unga xomashyo yetkazib beradigan klasterda yana qo‘shimcha 50 ta ish o‘rni yaratildi, deb xabar berishdi. Ochilish marosimining ertasigayoq o‘sha korxonada ishlaydigan odam bilan gaplashdim. Bor-yo‘g‘i 5 kishi ishlaydigan korxona ekan. Klasterda yaratilgan 50 ish o‘rnining aslida nechtaligini aniqlaganimcha yo‘q...”

Tobora oshayotgan pul "chiqarish"

Ayni paytda mehnat migratsiyasi o‘zbekistonlik ishga yaroqli aholining muayyan qismi uchun hanuz tirikchilikning asosiy manbai bo‘lib qolmoqda.

Markaziy bankning 9 - sentabr kuni tarqatgan xabarida aytilishicha, o‘zbekistonliklarning chet ellardan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 35, koronavirus pandemiyasigacha bo‘lgan 2019 - yilgi ko‘rsatkichdan esa, 26 foizga o‘sgan va joriy yilning 8 oyida 4,9 mlrd. dollarni tashkil etgan.

Markaziy bankka ko‘ra, “transchegaraviy pul o‘tkazmalari aholining iste’mol va investitsion faolligini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda”.

XS
SM
MD
LG