Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2021, Тошкент вақти: 09:09

“Islohotlar to‘xtab qoldi yoki orqaga ketmoqda”. HRW Yevropa Ittifoqini Markaziy Osiyoga ta’sir o‘tkazishga chaqirmoqda


Human Rights Watch (HRW) tashkilotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida va’da qilingan islohotlar to‘xtab qoldi yoki hatto orqaga qarab ketmoqda.

Human Rights Watch (HRW) tashkiloti Yevropa ittifoqini Markaziy Osiyo hukumatlari inson huquqlarini buzishni bas qilib, konstruktiv islohotlarga o‘tishi uchun bosim o‘tkazishga chaqirmoqda.

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan inson haqlari tashkiloti 22 - noyabr kuni Dushanbeda o‘tkazilgan YeI va Markaziy Osiyo yuqori martabali mulozimlari uchrashuvi arafasida shunday chaqiriq bilan chiqdi. Yevroittifoq tashqi siyosat mahkamasi rahbari Jozep Borrel kelgusi haftada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda.

“Markaziy Osiyoning ayrim mamlakatlari Afg‘onistonda avj olgan inqirozga global munosabat bildirilishida muhim o‘rin tutadi, biroq, ayni chog‘da, ularning inson huquqlari bilan bog‘liq ichki muammolari ham nihoyatda dolzarb”, deydi HRW ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson.

“Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida va’da qilingan islohotlar to‘xtab qoldi yoki hatto orqaga qarab ketmoqda, I islohotlar amalga oshirilishi uchun hukumatlarga bosim o‘tkazmog‘i lozim”, deb qo‘shimcha qiladi Uilyamson.

Avgust o‘rtalarida Tolibon harakati nazoratiga o‘tgan Afg‘onistondagi inqiroz “mintaqada yangi vazifalarni qo‘yadi, inson huquqlarini va qonun ustuvorligini hurmat qilish muammolar yechimining eng muhim tarkibiy qismi bo‘lmog‘i kerak”.

2019 - yilda YeI Markaziy Osiyoga nisbatan yangi strategiyasini qabul qilib, mintaqada inson huquqlari himoyasini asosiy maqsadlaridan biri etib belgilagan edi. Biroq so‘nggi oylarda YeI va ayrim Yevropa mamlakatlarining Markaziy Osiyo bilan ochiq hamkorligida asosan xavfsizlik va migratsiya masalalariga e’tibor qaratilmoqda, deya qayd etadi HRW.

Va bu Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda va’da qilingan islohotlar to‘xtab qolgan yoki orqaga ketayotgani, Tojikiston va Turkmanistonda esa inson huquqlari bilan bog‘liq repressiv vaziyat badtar yomonlashayotgan paytda yuz bermoqda, deb hisoblaydi HRW.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev (u 25–26 - noyabr kunlari Bryusselda bo‘ladi) uning hukumati inson haqlari sohasida islohotlar o‘tkazayotganini iddao qiladi.

“Biroq, tinch yig‘ilishlar va kasaba uyushmalariga oid qabul qilingan yangi qonunlarga qaramasdan hukumat fuqarolarning tinch yig‘ilishlar o‘tkazish huquqini cheklamoqda, tinch namoyishchilar qo‘lga olinyapti, jarimaga tortilyapti va ta’qib etilyapti, mustaqil kasaba uyushmalari esa rasmiy ro‘yxatdan o‘tish va faoliyat yuritishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda”, deya urg‘ulaydi huquqbonlik tashkiloti.

Borrel mintaqa mamlakatlarining tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashishi rejalanayotgan Tojikistonda hukumatni tanqid qilgan shaxslar, shuningdek, chet elga chiqib ketgan dissidentlar va ularning Tojikistonda yashayotgan qarindoshlari “ta’qib etilmoqda va qamoqqa tashlanmoqda”. Hukumat sha’niga tanqidiy fikrlar bildiruvchi saytlar hamon to‘sib qo‘yilgan, huquqbonlik guruhlari esa “muntazam ravishda ta’qiblarga duchor bo‘layotir”.

Dunyoning eng mustabid va yopiq mamlakatlaridan biri bo‘lmish Turkmanistonda o‘nlab odamlar g‘oyib bo‘lib qolyapti. Mamlakatda fuqarolik jamiyatiga xos har qanday mustaqil guruhlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari taqiqlangan. Hukumat hanuz mamlakatning COVID-19 virusidan xoliligini iddao qilib keladi. Shu bilan birga pandemiya haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashni talab qiluvchi fuqarolarga nisbatan keskin jazo choralari qo‘llanmoqda.

Qirg‘iziston parlamenti bir qator “muammoli” qonunchilik tashabbuslarini qabul qildi, xususan “nohukumat tashkilotlarning moliyaviy hisobdorligiga doir keraksiz talablarni joriy etishni nazarda tutuvchi, shuningdek, “feyk” axborot uchun jazolash ko‘zda tutilgan juda keng talqin etiladigan” qonunlarni ma’qulladi. Mamlakatda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlarning ba’zi qoidalari inson haqlari sohasiga oid xalqaro me’yorlarga ziddir.

O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyevning chinakam muxolifat nomzodlari qo‘yilmagan saylovda ikkinchi muddatga saylanishi mamlakatda inson huquqlari sohasidagi “yaqqol muvaffaqiyatsizliklar” manzarasida kechdi. Hukumat prezident saylovi arafasida siyosiy muxolifat vakillarini, shuningdek, tanqidiy fikrli blogerlarni ta’qib etdi va mustaqil huquqbonlik guruhlarini ro‘yxatga olishni hamon rad etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG