Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:05

"Islom faktori". Nega Shimoliy Kavkaz Navalniyni qo‘llab-quvvatlamadi?


Navalniy tarafdorlarining namoyishi - Moskva, 2 - fevral, 2021
Navalniy tarafdorlarining namoyishi - Moskva, 2 - fevral, 2021

Navalniyning qamoqqa olinishi hamda «Putin saroyi» filmining namoyishi ortidan 23 va 31 - yanvar kunlari butun Rossiya bo‘ylab norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Namoyishlar avvallari norozilik faoliyati kuzatilmagan hududlarni ham qamrab olgan. Shimoliy Kavkaz bu borada istisno bo‘lmasa-da, mintaqa aholisi umummilliy namoyishlarni qo‘llab-quvvatladi, deb bo‘lmaydi.

Shimoliy Kavkaz federal okrugiga qarashli shaharlardagi namoyishlarda odam yo kam qatnashgan, yo bu aksiyalar darhol hibsga olishlar bilan yakkunlangan. Jumladan, yanvardagi aksiyalarda o‘nlab inson qatnashgan Stavropol va Maxachkalada aynan shunday bo‘lgan. Shimoliy Osetiya va Ingushetiyada namoyishlar bo‘lib o‘tganligi haqida xabar berilmagan.

Zero, ijtimoiy faollik potensiali bu mintaqalarda ham mavjud. Masalan, 2020 - yilning bahorida Vladikavkaz aholisi karantinga qarshi aksiyalar o‘tkazgan, Ingushetiyaning Magas shahrida 2018-2019 - yillarda ma’muriy chegara Checheniston foydasiga o‘zgarishi bilan bog‘liq ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan edi.

O‘zgacha fikrga toqatsiz Chechenistonda norozilik aksiyalarini o‘tkazish deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham Grozniyda aksiyalar o‘tmaganiga asoslanib mintaqadagi ijtimoiy kayfiyat haqida muayyan xulosa chiqarish qiyin.

Shimoliy Kavkaz respublikalarida Navalniy bilan bog‘liq norozilik aksiyalarida kam odam qatnashganini faollarga bo‘lgan tazyiq va ular qolgan Rossiya aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasligi bilan bog‘liq, deb hisoblaydi dog‘istonlik siyosatshunos va “Derbent” AA bosh muharriri Milrad Fatullayev.

“Bizda norozilarni darhol ekstremizmda ayblab, qamashadi. Ya’ni ularga “islomiy faktor” yopishtiriladi, buning oqibatlari esa og‘ir. Bu birinchidan. Ikkinchidan esa, bizdagi namoyishlar bo‘yicha sud jarayoniga Rossiyaning aksar inson huquqlari tashkilotlari befarq bo‘ladi. Navalniy ham bu mintaqada faollik yuritmaydi. Ya’ni, kavkazliklar o‘zini boshqa rossiyaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini sezmaydi. Shuning uchun ham, bizning odamlar yanvardagi bu aksiyalarda deyarli ishtirok etmagan, ich-ichida ularni dastaklasa ham”, deydi Fatullayev “Kavkaz. Realii” nashri bilan suhbatda.

Москвада Навальнийнинг юзлаб тарафдори қўлга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:32 0:00

Aslida norozilik kayfiyati Shimoliy Kavkazda ham o‘ta yuqori, norozilikning sabablari esa qolgan Rossiyadagi sabablar bilan ayni, deb urg‘ulaydi siyosatshunos.

Davlat propagandasi Aleksey Navalniyning «Rus yurishlari»dagi ishtiroki hamda «Kavkazni boqishni bas qilaylik» kampaniyasini qo‘llab-quvvatlashini bot-bot urg‘ulaydi. Lekin, Fatulloyevning fikricha, muxolifatchini millatchilikda ayblashga urinish hozirda Shimoliy Kavkazda hech kimni qiziqtirmaydi.

Shimoliy Kavkazda namoyishlar nega qolgan Rossiyada kuzatilgandek ommaviy tus olmadi degan savolga uzil-kesil javob yo‘q, deb hisoblaydi "Kavkazskiy uzel" nashrining bosh muharriri Grigoriy Shvedov.

Uning fikricha, hozirda Shimoliy Kavkazda Navalniy shaxsiga qanday munosabatda bo‘lishmasin, aynan Navalniy mintaqadagi noroziliklarning asosiy katalizatoridir.

"Navalniy Shimoliy Kavkazda uncha obro‘ga ega emas, degan qarash mavjud. Men bu qarashga qo‘shilmayman. Fikrimcha, Navalniy Shimoliy Kavkazda ham katta obro‘ga ega muxolifatchidir", deya xulosa qiladi Shvedov.

Siyosatshunos va islomshunos Aleksey Malashenko ham kavkazlik namoyishchilar ta’qib qilinsa, hech qanday dastak va himoyasiz qoladi, degan fikrga qo‘shilishini bildirgan. Uning aytishicha, qolgan Rossiyaning aholisi Kavkaz respublikalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor, faqat “g‘irt sovetcha usulda, ya’ni o‘z oshxonasida”.

Mintaqada ommaviy noroziliklarning bo‘lib o‘tmagani sabablaridan biri kavkazliklarda Navalniy kun tartibida turgan masalalardan farqli muammolar qamashib yotganidir, deb hisoblaydi Malashenko. Bu muammolar har bir respublikada o‘ziga xos, deydi siyosatshunos.

Kavkazda namoyishlar o‘tmagani rossiyalik muxolifat uchun muammo emas. Aksincha, siyosatshunosning fikriga ko‘ra, rus muxolifati milliy respublikalar aholisini o‘z tadbirlariga ommaviy jalb qilishdan hadiksiraydi, chunki namoyishlar islomiy tus olishining xavfi bor.

«Agarda Shimoliy Kavkazda haqiqiy ijtimoiy norozilik boshlangudek bo‘lsa, u darhol islomiy tus oladi, chunki bu mintaqada baribir asosan musulmonlar yashaydi. Shuning uchun ham bu yerda mavhum vaziyat saqlanmoqda. Muxolifatga, jumladan Navalniyga ham, norozilikning radikallashishi kerak emas», deb ta’kidlaydi Malashenko.

Ingushetiyalik huquqbon Magomed Mutsolgov Shimoliy Kavkazda e’tiroz radikallashishi ehtimolini inkor etmaydi, lekin bu Islom dini emas, balki amaldorlarning xatti-harakati tufayli bo‘lishi mumkin.

"Tinch norozilik usullari muhimligini bilamiz. Afsus, hukumat odamlar qo‘liga qurol olib ko‘chaga chiqishi, qon to‘kilishi uchun barcha ishni qilyapti. Hukumatni o‘zi yoshlarni shunga majbur qilyapti, har qanday tinch namoyishlar samarasiz ekanligini ko‘rsatyapti. Shimoliy Kavkazda har qanday aksiyaga chiqish o‘lim bilan teng. Siloviklar mitinglarni tarqatish uchun avtomat, snayper miltiqlari va granatalar bilan kelishidan ahir barchamiz xabardormiz-ku", – deb eslatadi Mutsolgov.

"Navalniy shaxsiga nisbatan ikkilanish mavjud, odamlarda u deb aksiyalarga chiqish uchun ishtiyoq yo‘q. Lekin, qanday bo‘lmasin, Shimoliy Kavkaz aholisi unga siyosiy qatag‘onlar qurboni sifatida qaraydi", deydi huquqbon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Bugun Navalniy – qurbon. Mana shunisi biz uchun muhim, chunki biz o‘zimiz ham har kuni adolatsizlik bilan to‘qnash kelamiz".

XS
SM
MD
LG