Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:51

Isroil armiyasi: “Hizbulloh”ning Bayrutdagi shtabiga zarba berildi


Isroil armiyasi Eron tomonidan dastaklanayotgan “Hizbulloh” guruhining Bayrutdagi obyektlariga hujum uyushtirilgani haqida ma’lumot tarqatdi. Bunga oid bayonot va videoyozuv SAXALning telegram-kanali orqali yoyinlangan.

Isroillik harbiylar xabarnomasida aviatsiya guruhning razvedka shtabiga zarbalar bergani haqida aytilgan. Hujumga uchragan obyekt “Hizbulloh”ning asosiy unsuri bo‘lib, u orqali Isroil va SAXAL haqida ma’lumotlar to‘plab borilgan.

Isroil armiyasi Bayrutga zarba berilgani haqida 3-oktyabr tongida ma’lumot tarqatgan, biroq bunga oid tafsilotlarni keltirmagan edi. Reuters agentligi manbalari Livan parlamenti yaqinidagi binoga hujum uyushtirilganini ma’lum qilishgan. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujum chog‘ida olti kishi halok bo‘lgan, yetti nafari esa jarohat olgan.

Livandagi “Hizbulloh” guruhi AQSHda terror tashkiloti deb tan olingan. Yevropa Ittifoqi esa “Hizbulloh”ning faqat qurolli qanotini terror tashkiloti deb biladi, deputatlari Livan parlamentida o‘tirgan “Hizbulloh” partiyasi esa, YI fikricha, terror tashkiloti emas. Isroilning havo hujumlaridan birida guruh lideri Hasan Nasrulloh ham o‘ldirilgan.

Isroil Livanning “Hizbulloh” guruhiga qarshi “Shimol nishlari” amaliyotini 23-sentyabr kuni boshlagan. Amaliyotdan maqsad guruh harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish va Isroil shimolidagi uylarini tashlab ketgan isroilliklarni ortga qaytarish uchun shart-sharoit yaratish ekani aytilgan.

G‘arb mamlakatlari Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan tashvish izhor qilib, bu mojaro hech kimning manfaatiga mos tushmasligi va hali ham uni diplomatik yo‘llar bilan hal qilish mumkinligini bildirishgan. Avvalroq Tel-Aviv “Hizbulloh” Isroilni o‘qqa tutishda davom etar ekan, guruh bilan qurolli kurash olib borishdan boshqa chorasi yo‘qligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG