Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasiga o‘t qo‘yishga uringan 19 yoshli talaba ishi bo‘yicha hukm chiqardi.
Sud hukmi bilan tanishgan mahalliy nashrlar O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2-kursida o‘qigan A. A. bu ishni G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealarga oid videomateriallarni ko‘rgani ortidan Isroil davlatiga bo‘lgan nafrati oshgani tufayli amalga oshirmoqchi bo‘lgani haqida yozishmoqda.
Qayd etilishicha, A. A. o‘tgan yilning 19-oktyabriga o‘tar kechasi sport sumkasiga kerosin quyilgan shisha idin, gantel toshlari, gugurt va mato bo‘laklarini joylab, velosipedda Isroilning Toshkentdagi elchixonasi binosi yoniga borgan.
Niyatini amalga oshirmoqchi bo‘lib turgan yigitning harakatlari Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB xodimlariga shubhali ko‘ringan. Ular yigitdan to‘xtashni so‘rashganida, A. A. velosipediga minib, IIB xodimlaridan qocha boshlagan.
Xodimlar mashinalarida yigitni quvib yetib, undan sumkasidagi ashyolarni ko‘rsatishni so‘rashgan.
Ushlanganidan keyin ham niyatidan qaytmagan A. A., sud materiallariga ko‘ra, IIB xodimlarini chalg‘itib, sumkasidan topilgan kerosinli idish va bir dona gantel toshini qo‘liga olib, Isroil elchixonasi binosi tomonga borgan. Yigit Isroil elchixonasi eshigi oldida uning ortidan kuzatib borgan IIB xodimlari va elchixona binosini qo‘riqlayotgan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Biroq A.A. xodimlar kelguniga qadar kerosinli shishani va gantel toshini devor ustidan elchixona hovlisiga uloqtirishga erishgan.
Sudlanuvchi A.A. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, dastlabki tergov chog‘ida bergan ko‘rsatmalarini tasdiqlagan.
Sud materiallarida aytilishicha, sudlanuvchi odamlarga va elchixonaga zarar yetkazish niyati bo‘lmaganini, shunchaki Isroil davlati Falastindagi shifoxonani bombardimon qilgani uchun norozilik bildirmoqchi bo‘lganini hamda o‘z harakatlarining noto‘g‘riligini tushunganini aytgan.
Mahalliy nashrlar sudda sudlanuvchi talaba o‘z aybini to‘liq tan olgani hamda O‘zbekiston prezidenti va xalqidan, shuningdek, Isroil elchixonasidan kechirim so‘ragani haqida yozishmoqda.
Joriy yilning 19-aprelida chiqarilgan sud hukmi bilan sudlanuvchi A. A. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.