Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:36

Isroil – HAMAS mojarosida yosh bolalar eng ko‘p aziyat chekmoqda


Falastinlik bolalar G‘azo shahridagi Al-Shejaya mavzesida nishonga olingan uy vayronalarida- 23 -fevral, 2015
Falastinlik bolalar G‘azo shahridagi Al-Shejaya mavzesida nishonga olingan uy vayronalarida- 23 -fevral, 2015

Isroil hukumati va Falastinning HAMAS guruhi o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitim 21 - may kuni mahalliy vaqt bilan 2.00dan kuchga kirdi. Ikki tomon orasida 11 kun davom etgan so‘nggi ziddiyat 244 insonning umriga zomin bo‘ldi.

So‘nggi 12 yil ichida Isroil va G‘azoda hukmronlik qilayotgan HAMAS guruhi to‘rtinchi marta to‘qnashmoqda. Har safargi urushda Isroil HAMAS otgan raketalarga qarshi kurashar ekan, aholi zich yashaydigan G‘azo sektoriga havodan shiddatli zarba berdi.

Associated Press agentligi G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylarining so‘zlariga tayanib, 10 - may kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi navbatdagi mojaro boshlanganidan beri G‘azoda 217 falastinlik nobud bo‘lgani haqida xabar bergan. Ularning kamida 63 nafari yosh boladir. Isroilda nobud bo‘lganlarning bir nafari 5 yashar bola ekani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan videolarda butun oilasidan ayrilgan g‘azoliklar faryodlarini ko‘rish mumkin. Videolarning birida to‘rt nafar bolasi nobud bo‘lgan ota faryodlari eshitiladi. Yana bir videoda esa otasi jasadini dafn etish uchun olib ketishayotganida «Dada!» deya yig‘layotgan bola hayqiriqlari aks etgan.

Ishkontanalar oilasi o‘z uylari vayronasi ostida qoldi. Isroil HAMAS tunnel tarmog‘ini nishonga olganini aytayotgan hujumlar ogohlantirishsiz amalga oshirildi.

Riad Ishkontana Associated Press agentligiga besh soat davomida uyi vayronasi ostida qolgani, beton parchasi ostida qolib, ayoli va besh bolasiga yetolmay azob chekkanini so‘zlab berdi.

«Men vayronalar ostida ularning ovozlarini tingladim. Dana va Zeynning «Dada! Dada!» deb chaqirganini eshitdim. Ularning ovozlari chiqmay qolganidan keyin, jonlari uzilganini angladim», - dedi Riad.

Riadning uch qizi va ikki o‘g‘lidan faqat bitta qizi Suzi tirik qoldi. Bolalar shifokori Zuhair Al-Jaro yettiga to‘lgan Suzi jiddiy jarohat olmagan bo‘lsa-da, vayronalar ostida yetti soat qolib, ruhiyati jiddiy shikastlanganini aytdi.

Ishkontanalar o‘sha kuni barbod bo‘lgan oilalarning bittasi, xolos.

Isroil harbiylari yakshanba kuni uyushtirilgan zarbalar HAMAS ning G‘azo ostidan o‘tuvchi tunnellarini nishonga olganini aytishgan. O‘sha kuni Isroil samolyotlari birinchi qavatlarida do‘konlar, novvoyxonalar, kafelar va elektronika do‘konlari joylashgan ko‘p qavatli uylar joylashgan al-Vahda ko‘chasini bombardimon qilgandi. Hujumlar ortidan uch bino qulab tushdi va hammasi bo‘lib 42 kishi, shu jumladan, 10 nafar yosh bola va 16 ayol nobud bo‘ldi.

Isroil armiyasi matbuot kotibi Jonatan Konrikus tinch aholi vakillari halok bo‘lganini «g‘ayritabiiy» holat deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir yerda havo hujumlari natijasida tunnel qulab tushgan, natijada tunnel ustidagi uylar ham qulagan. Bu esa «juda ko‘p sonli tinch aholi vakillari nobud bo‘lishiga sabab bo‘lgan».

Isroil va HAMAS 2009, 2012 va 2014 - yillarda ham to‘qnashgan edi.

Norvegiya Qochqinlar kengashining ma’lum qilishicha, bu safarga urushda o‘ldirilgan bolalarning 11 nafari kengashning shikastlangan bolalarga ruhiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish dasturida qatnashayotgan bo‘lgan. Ular orasida Suzining 8 yoshli opasi Dana ham bo‘lgan.

Kengashning mahalliy ishchisi Huzayfa Yazji bolalarning ko‘pchiligi to‘rtinchi marotaba o‘z uylari atrofi bombardimon qilinayotganiga guvoh bo‘lganini aytdi.

Associated Press agentligi muxbirining yozishicha, havo zarbalari davom etayotgan payt G‘azodagi ota-onalar bolalarini bir amallab tinchlantirishga harakat qilishgan. Ular eng kichkintoy bolalarga havo zarbalari shunchaki "mushakbozlik" ekanini aytishgan yoki ular bilan quvnoq munosabatda bo‘lishga harakat qilishgan.

Qochqinlar kengashi G‘azodagi 118 ta maktab bilan ishlaydi. Dastur doirasida o‘qituvchilarga ruhiy shikastlangan bolalar bilan ishlash o‘rgatiladi va bolalarni dahshatlardan chalg‘itish uchun qiziqarli mashqlar tashkil etiladi.

XS
SM
MD
LG