Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:10

Isroil qo‘shinlarini yuksak jangovar shaylik holatiga keltirdi


Ливан-Исроил чегараси, 2024 йил 29 июли
Ливан-Исроил чегараси, 2024 йил 29 июли

Isroil o‘z qo‘shinlarini yuksak jangovar shaylik holatiga keltirgan. Bunga oid qaror Eron va Livanning “Hizbulloh” guruhi (AQSH va qator davlatlarda terror tashkiloti deb tan olingan) Isroil hududi bo‘ylab zarba berishi yuzasidan xavotirlar manzarasida qabul qilingan. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbasi so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.

Nashr qaydicha, Isroil Eron va “Hizbulloh” tomonidan hujumga hozirlik ko‘rilayotganini payqagan, biroq zarba berilish-berilmasligi hali ham noma’lum. Isroil armiyasi vakili Daniel Xagariga ko‘ra, aviatsiya Livan bilan chegarada posbonlikni kuchaytirgan, biroq aholi uchun yangi ko‘rsatmalar hozircha berilgan emas.

Avvalroq Isroil harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni harbiy bo‘linmalar xizmatchilari uchun xorijga safarlarni to‘xtatish haqida buyruq bergan.

Livan nashrlari “Hizbulloh” Bayrut janubidagi o‘z ofislarini ko‘chirishni boshlagani haqida xabar qilmoqda. Shuningdek, tashkilotning siyosiy qarorgohlari ham yopilmoqda. Manbalar bu holat Isroilga hujum qilingan taqdirda, uning javob berishi kutilayotganidan darak ekanini iddao qilishmoqda.

“AQSH mintaqaga suvosti kemasini yo‘llagan va ikkinchi uchoq tashuvchi kemasi yetib kelishini tezlashtirmoqda”, deb yozgan The Wall Street Journal.

AQSH prezidenti Jo Bayden Germaniya, Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniya liderlari bilan Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgan. Oq uy vakili AFP agentligiga Vashington Isroilga qator hujumlar qilinishi mumkinligiga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Qator mamlakatlar liderlarining Oq uy saytida yoyinlangan bayonotida Eron Isroilga harbiy hujumdan voz kechishga chaqirilgan.

Bu orada Fox News telekanal o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayanga holda Isroilga hujum 24 soat ichida sodir bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilgan.

XS
SM
MD
LG