23-sentyabr kuni Isroil “Hizbulloh” radikal guruhining Livan janubidagi obyektlariga 300 dan ortiq zarba berganini ma’lum qildi. Livan SSVga ko‘ra, hujumlar natijasida 492 kishi o‘lib, 1,5 mingdan ziyod kishi yaralangan. Xabarlarda qurbonlarning qanchasi “Hizbulloh” a’zolari-yu qanchasi tinch aholi ekani mavhum qolayotir.
Al Jazeera telekanali xabariga qaraganda, “Hizbulloh” rahbarlaridan biri Ali Karaki Bayrut shahri yaqinidagi nishonlarga yo‘llangan zarbalar oqibatida o‘lgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur hujum G‘azo bo‘lgasida harbiy harakatlar boshlangan va Isroil-Livan chegarasida vaziyat keskinlashgan 2023-yilning oktyabridan beri eng yirik hujum bo‘ldi. Dushanba kuni Isroil ilk bor janubiy Livan aholisini o‘z uylarini va “qurol saqlanayotgan” boshqa binolarni tark etishga chaqirdi va harbiylar radikal guruhga qarata “keng ko‘lamli zarbalar” yo‘llashi haqida ogohlantirdi.
Ammo odamlar ko‘chib ketishni boshlagani belgilari ko‘rinmadi, deb yozadi Associated Press. Agentlik taxminicha, livanliklar o‘z uylarida, Isroil ma’lumotiga ko‘ra “Hizbulloh” qurollari saqlanayotganini bilmasliklari ham mumkin.
Isroil Livan janubiga zarba berayotgan paytda Isroil shimolida Livan tarafdan raketalar yaqinlashayotganidan ogohlantirib trevoga yangradi. Isroil shimolida ushbu hujum natijasida bir kishi temir parchalaridan yaralangani aytilmoqda.
Livan janubiga zarbalardan so‘ng Eron Isroilni “xavfli oqibatlar” haqida ogohlantirdi. Eron TIV vakili Nosir Kanaani Isroilning aviazarbalarini “telbalik” deb atab, ularni “qat’iyan qoraladi”.
Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kas esa “Hizbulloh”ni tinch livanliklarning uylariga raketalar joylashtirib “fuqaroviy aholidan jonli qalqon o‘rnida foydalanish”da aybladi.