Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2021, Тошкент вақти: 21:01

J&J shirkati o‘z vaksinasida kuzatilayotgan nojo‘ya ta’sirni tadqiq etishga rozilik berdi


Seshanba kuni taniqli olmon olimi Andreas Greynaxer Johnson & Johnson (J&J) kompaniyasi hamkorlikda tadqiqot o‘tkazishni taklif qilganini bildirdi.

Greynaxer AstraZeneca shirkati ishlab chiqqan COVID-19 vaksinasi bilan bog‘liq va juda kam uchraydigan qon ivish holatlarini o‘rganib kelmoqda.

Avvalroq Yevropa tibbiyot agentligi J&J shirkati ishlab chiqqan vaksinaga g‘ayrioddiy qon ivish holatlari haqida ogohlantirish yorlig‘i yopishtirilishini ma’lum qilgan edi. “Reyter” agentligi xabariga ko‘ra, AstraZeneca vaksinasiga ham shunday yorliq yopishtirilmoqda.

Yevropa tibbiyot agentligi har ikki vaksina bilan emlanish foydasi qon ivish xavfidan ustun ekanini bildirdi. Grayfsvald universitetida quyish tibbiyoti bo‘yicha mutaxassis o‘laroq faoliyat yuritadigan Andreas Greynaxer ham shunday fikrda.

Greynaxer seshanba kuni qon ivishini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabablar haqida yangi ilmiy maqola e’lon qildi. Olim mart oyining o‘rtalaridan beri AstraZeneca vaksinasi bilan emlanganidan so‘ng qon ivishiga chalingan bemorlardan olingan namunalarini o‘rganib keladi.

“Biz (J&J) bilan birgalikda ishlashga kelishib oldik. Kompaniyadan asosiy so‘rovim – vaksina yetkazib berilishi, chunki J&J vaksinasi Germaniyaga keltirilmagan”, – deydi Andreas Graynaxer.

“Reyter” agentligi J&J shirkatiga izoh so‘rab yozgan maktubiga javob ololmagan.

Yevropa tibbiyot agentligi vaksina immun reaksiyasini keltirib chiqarishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ammo idoraning xavfsizlik qo‘mitasi raisi Sabin Shtraus hozircha aniq xavf-xatar omillari qayd etilmaganini aytdi.

“Bu irsiy kasallik yoki qon tomirlari bilan bog‘liq muammo ekanini oldindan bilsak, juda foydali bo‘lar edi”, – deydi S.Shtraus.

Greynaxer ilmiy prognoz va aniq to‘xtamlarga kelish oson emasligini ta’kidladi.

“Biz 3 ming bemorning DNKsini tahlil qildik va genetik moyillikni topa olmadik”, – deydi olim.

Greynaxer hali ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilmagan yangi maqolasida AstraZeneca vaksinasi, uning ayrim ingredientlari hamda u keltirib chiqaradigan kuchli immun reaksiyasi odatda inson immunitetini boshqarib turuvchi turli mexanizmlarni sarosima holatiga solishi mumkin, degan qarashni ilgari surdi.

Sog‘liqni saqlash idoralari va olimlar qon ivishi muammosi barcha virus-vektorli vaksinalarga xos ekani yoki yo‘qligini aniqlash ustida ish olib bormoqda. Shtraus bu ehtimoldan xoli emasligini, chunki bir-biridan farq qiluvchi ikki vaksina ortidan ayni muammo kuzatilayotganini aytadi.

Har ikki vaksina oddiy shamollash virusi asosida yaratilgan bo‘lib, hujayralarga immun reaksiyasini keltirib chiqarish ko‘rsatmasini beradi. J&J vaksinasi inson, AstraZeneca vaksinasi esa shimpanze adenovirusi asosida yaratilgan.

“Odamlar bir-biridan farq qiladi va faqat tasodif tufayli to‘qqiz-o‘n zaif jihat birlashsa, [muammo] yuzaga keladi. Boshqa holatlarda esa bizning ichki xavfsizlik tizimlarimiz buning oldini oladi va bizni himoya qiladi”, – deydi Andreas Greynaxer.

XS
SM
MD
LG