Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:06

Jadidlar va Islom. Tadqiqotchi Adib Xolid "jadidlarni jadid qilgan narsa" haqida


 Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa jadidlar nazarida ularning jamiyatlari haqiqiy e’tiqoddan yiroq edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa jadidlar nazarida ularning jamiyatlari haqiqiy e’tiqoddan yiroq edi.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda sovetlar ittifoqi qulashi ortidan boshlangan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy model izlanishlari mintaqaning turli davlatlarida turlicha ko‘rinish olgan va olmoqda. Bu jarayonlarda, xususan, O‘zbekistonda jadidchilik harakati va jadidlarning qarashlariga bot-bot murojaat qilinadi.

O‘tgan asr boshlarida Turkistonda keng quloch yoygan bu harakat jamiyatning barcha sohalarini tubdan isloh qilish, Turkistonning "taraqqiyga yuz burishi"ni maqsad qilgan edi.

AQShning Minnesota shtatidagi Carleton College professori¸ tarixchi olim va antropolog Adib Xolid Ozodlikka taqdim etgan maqola jadidlar va ularning islohotchilik harakatida markaziy o‘rin tutgan Islom haqida.

Adib Xolid “O‘zbekiston: Millatning tug‘ilishi”¸ “Kommunizmdan keyingi islom”, "Musulmon madaniy inqilob siyosati: Markaziy Osiyoda jadidchilik" kabi kitoblar muallifi.

Jadidchilik islomiy islohotlar harakati o‘laroq boshlandi, Islom harakat uchun markaziy masala bo‘lib qoldi. Dastlabki jadidlarning aksariyati an’anaviy islomiy ta’lim olgan ulamolar edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy muftiy edi, Sadriddin Ayniy mudarris edi, Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li, Abdurauf Fitrat, Abdulqodir Shakuriy (va ko‘plab boshqalar) esa Buxoro va boshqa joylardagi madrasalarda tahsil olgan edi.

Ammo jadidlarni jadid qilgan narsa shuki, ular markaziy osiyoliklar haqiqiy Islomdan yiroqlashib, o‘z e’tiqodlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan, deb hisoblar edilar. Darhaqiqat, ular o‘z jamoalarining «tanazzuli» va «degeneratsiyasini» hamda mustamlakaga aylantirilganini haqiqiy Islom yo‘lidan chiqish bilan izohladilar. Haqiqiy Islom taraqqiyotga to‘sqinlik qilmasdi. Aksincha, musulmonlarga dunyoviy bilimlarni egallashni va taraqqiyotga erishishni buyurgandi. Jadidlarga ko‘ra, musulmonlar haqiqiy Islomga amalga qilgan davrda ular ilm sohasida dunyoda yetakchi edilar, musulmon imperiyalar esa qudratli edi. Imonning buzilishi ularni jaholatga hamda siyosiy va harbiy zaiflikka yo‘liqtirgan edi. Ushbu muammoga yechim «haqiqiy Islomga» qaytish edi.

Jadidlarning fikriga ko‘ra, ularning jamiyatlari haqiqiy e’tiqoddan yiroq edi. Ajdodlardan meros bo‘lib qolgan ko‘plab urf-odatlar va an’analar buzuq edi, ularning Islomga zid jihatlari bor edi. Islohotga muhtoj ko‘plab masala bor edi.

Professor Adib Xolid
Professor Adib Xolid

Mozorlarni ziyorat qilish va u yerda ko‘milgan avliyolardan shafoat so‘rash eng keskin tanqidga uchragan odat bo‘ldi, deyish mumkin. Jadidlar avliyolarga sig‘inishni shirk va butparastlikning bir turi deb hisoblar edilar. Fitratning taniqli «Bayonoti sayyohi hindi» («Hind sayyohi qissasi») asarida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilgani kelgan hindistonlik musulmon sayyoh u yerda ko‘rganlaridan hayratga tushadi. Ziyoratchilar qo‘chqor shoxlari va mozor bayrog‘i ilingan bayroq ustuni kabi muqaddas hisoblangan yodgorliklarni o‘pib, dafn etilgan avliyoga ibodat qilayotgan edi. Sayohatchi bu holatdan lol qoladi: «Chi qadar shoyoni hairat ast, ki shumo digaronro ba illati butparastӣ va saҷdai salib kofir medoned va xudaton am ba chӯbi alami mazorho saҷda ovarda, hoҷati xudatonro az Bahouddin mexohed va bozxudatonro musulmon medoned». (« Hayratlanarli joyi shundaki, sizlar boshqalarni butparastlik va salibga sig‘inish jihatidan kofir deb ataysiz, shu qatori o‘zingiz ham mozor cho‘plari va yalovlariga sajda qilib, hojatingiz ravo bo‘lishini Bahovuddindan tilaysiz va yana o‘zingizni musulmon deb ataysiz»)

Darhaqiqat, so‘fiylik udumlarining aksariyati keskin tanqidga uchradi. Mahmudxo‘ja Behbudiy uchun so‘fiylik, xonaqohdorlik, muridgarlik kabi so‘fiylik bilan bog‘liq amallar Islomning asl ta’limotini chalkashtiradigan va musulmonlarni jaholat zulmatida saqlaydigan safsata va xurofot shakllari edi. Bachchabozlik tanqidga uchragan yana bir masala bo‘ldi. Nihoyat, jadidlar tug‘ilish va sunnat to‘ylarini, oila qurish to‘ylarini va motam marosimlari isrofgarchilik o‘laroq tanqid qildilar

Ushbu buzuqliklar maktablar va madrasalar ham buzuq bo‘lgani uchun mavjud edi. Maktablar nafaqat samarasiz edi, balki ularda bolalar anglay olmaydigan so‘fiy she’riyatdan foydalanilar edi (jadidlar bunday she’rlar kattalar uchun ham foydasiz deb hisoblardi). «Madrasalarda biz dunyoviy ilm nari tursun lo-aql diniy ilmlarning asli bo‘lgan tafsir va hadis ham o‘qitilmaydi», [deb yozgan edi jadid muallif].

Islomning bu yo‘sin buzilishi Markaziy Osiyo tanazzulga yuz tutishi va ruslar tomonidan zabt etilishiga sababchi bo‘lgan edi. Munavvar qori yozgan edi: «Bo‘zaxo‘rlik, qimorbozlik, bachchabozlik, bazm qilmoq, … zino qilmoq, shikoyat qilmoq va bir-birlarini haqorat qilmoq … bu af’oli qabihalarimizni sababidan mulk-mamlakatimiz tag‘ayyur va tabaddul bo‘lub, asir-u, xor-u zalil bo‘lduk».

To‘g‘ri javoblarni Qur’on va hadislarda topish mumkin edi – agar ular faqat qonuniy matnlarga sharhlar (hoshiya) bilan cheklanuvchi madrasalar yo‘lida emas, balki to‘g‘ri o‘rganiladigan bo‘lsa. Jadidlar uchun hidoyat yo‘lida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qur’on va hadisga qaytish juda zarur edi. Fitrat uchun Qur’on «rohbari najot» edi. Fitrat shunday nomlanuvchi kitobida to‘g‘ri hayot kechirish to‘g‘risida Qur’ondan iqtibos (arab tilida) keltirgan holda ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, u «Oila» deb nomlanuvchi kitobni ham nashr etdi. Unda oilaviy hayot haqidagi o‘z tasavvurlarini bayon qildi. Uning tasavvurlari Qur’ondan olingan iqtiboslarga tayangan bo‘lib, madrasalarda o‘qitiladigan kitoblar ta’limotidan farq qilardi.

Chor hukmronligi davrida shar’iy mahkamalar o‘z faoliyatini davom ettirdi. Qozilar shariat haqidagi tushunchalariga tayangan holda hukm chiqarardilar. Jadidlar ushbu sudlarni isloh qilmoqchi edilar, chunki shariat zamonadan xabardor bo‘lganlar tomonidan va zamona «iqtizosicha» / talabicha talqin qilinishi lozim edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy 1906 - yilda ilgari surgan bu fikr 1917 - yilgi jadidlar dasturida muhim o‘rin tutdi.

Ushbu masalalarda jadid ziyolilar mustamlakachilik tug‘dirgan savollarga javob izlar ekan, musulmon dunyosida boshlangan keng islohotlar oqimi bilan hamnafas edilar. Hamma joyda ular islohotga ehtiyoj sezmagan yoki islohotchilarning an’anaviy udumlarga qaratilgan tanqidini ma’qullamagan boshqa musulmonlar qarshiligiga duchor bo‘ldilar. Ko‘p holatlarda bahslar keskin tus oldi va islohotchilar hamda ularga qarshi bo‘lgan bir-birlarini qattiq tanqid qildilar. Ammo bu «dunyoviylar» va «islomchilar» o‘rtasidagi bahs emas edi. Ikkala tomon ham islomiy argumentlarni keltirdi. Aksincha, bahs-munozaralar Islomning turli talqini atrofida edi – Islom nimani anglatishi, kim uni ta’riflash vakolatiga ega ekani va, pirovardida, musulmonlik nimani anglatishi [asosiy bahs mavzulari edi].

Bugungi kunda sharoit umuman boshqacha bo‘lsa-da, bunday bahslar hali ham bor. Jadidlar uchun agar Islom to‘g‘ri talqin qilinadigan bo‘lsa, zamonaviy dunyo fuqarosi, millat a’zosi va musulmon bo‘lish o‘rtasida hech qanday ziddiyat yo‘q edi. Ularning an’anaviy odatlarni xurofot va safsata deb tanqid qilish, Qur’on va hadisdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishga chorlash, turli marosimlardagi isrofgarchilikni qoralash va mozorlarga borishga keskin qarshi chiqish kabi qarashlari musulmon dunyosidagi turli xil islomiy islohot harakatlarining bir qismidir. Bugungi kunda ushbu qarashlarning ayrimlari «vahhobiylar» qarashlariga o‘xshaydi. Ammo jadidlar nazarida isloh qilingan Islom zamonaviy dunyoda taraqqiyotga, xususan, millat taraqqiyotiga erishishga sog‘lom zamin yarata olar edi. Markaziy Osiyoning mustaqil davlatlari va ularning fuqarolari dunyoda o‘z o‘rinlarini belgilash uchun kurashar ekan, jadidlarning din va millatni murosaga keltirish haqidagi qarashlari hali-hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG