Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:39

JB: O‘zbekiston global shoklarga bardosh berish uchun islohotlarni davom ettirishi kerak


Toshkentning Oloy bozori, 31-may, 2022-yil.
Toshkentning Oloy bozori, 31-may, 2022-yil.

Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekiston global shoklarga bardosh berish uchun O‘zbekiston islohotlarni davom ettirishi hamda inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etishi kerak.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna B’erde Eurasient nashri uchun O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar haqida maqola yozdi. Ozodlik maqola tarjimasini juz’iy qisqartirishlar bilan chop etmoqda.


O‘tgan oy men Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekiston rahbariyati bilan samarali muzokaralar o‘tkazdim. Ayni damda mamlakatda keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar davom etmoqda. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston qashshoqlikka barham berish va fuqarolarning umumiy farovonligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘rar ekan, mamlakat va Jahon banki o‘rtasidagi strategik hamkorlikni kelgusi yillarda yanada mustahkamlashga kelishib oldik.

O‘zbekiston so‘nggi besh yil ichida bozor iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan islohotlar yo‘lidan borib, ulkan yutuqlarga erishdi. O‘zbekiston 2030-yilga borib yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kirish maqsadiga erishish uchun jadal o‘sish sur’atini saqlab qolishi kerak bo‘ladi. Afsuski, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy qiyinchiliklardan endi qutula boshlaganida Ukrainadagi urush bu maqsadga erishishni qiyinlashtirdi.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna B’erde Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan. Toshkent, 22-oktabr, 2022-yil. Prezident matbuot xizmati.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna B’erde Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan. Toshkent, 22-oktabr, 2022-yil. Prezident matbuot xizmati.


Xomashyo narxlarining oshishi inflyatsiya bosimini kuchaytirar ekan, Jahon banki endilikda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi rivojlanayotgan iqtisodiyotlar yalpi ichki mahsuloti 2022-yilda 0,2 foizga qisqarishini prognoz qilmoqda. Kelgusi yilda mintaqaning o‘sishi ijobiy bo‘lishi, ammo atigi 0,3 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, yaqin kelajakda bir nechta qiyinchilik tahdid soladi, xususan, yuqori tovar narxlari, Xitoy va Yevropa Ittifoqida iqtisodiy sekinlashuv ehtimoli, yuqori foiz stavkalari va global miqyosda moliyalashtirish shartlarining keskinlashishi. Kelajak hodisalar bo‘yicha ko‘plab noaniqliklar mavjud, bu esa prognoz qilishni mushkullashtiradi.

Quvonarlisi shuki, Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarida Jahon banki 2022-yil bahorida bashorat qilganidan yaxshiroq ko‘rsatkichlar kuzatilmoqda. Hozirda bank 2022-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida uchun o‘rtacha o‘sish sur’ati 3,7 foiz, 2023-yilda esa 3,9 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.

5 йилда 6 баробар: Мирзиёев орттирган ташқи қарз
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:53 0:00


2017-yildan beri davom etayotgan bozor islohotlarini amalga oshirishga qaratilgan uzluksiz sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston tashqi ta’sirlarga nisbatan ancha chidamli bo‘ldi. 2022-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulot 5,3 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston Armaniston, Xorvatiya, Gruziya va Chernogoriya qatorida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi 23 mamlakati ichida eng tez o‘sayotgan davlatlardan biri bo‘ladi. Kelgusi yilda esa o‘sish 4,9 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Ayni damda bu mintaqadagi eng yuqori o‘sish prognozidir.

O‘zbekiston bozorga yo‘naltirilgan islohotlar bo‘yicha qoyil qolishga arzigulik natijalarga erishdi. So‘nggi besh yil ichida mamlakatda valyuta va savdo cheklovlari yumshatildi, narxlar erkinlashtirdi, ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi. Soliq kodeksi tubdan o‘zgartirilib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ehtiyojlariga yo‘naltirildi va byudjet yanada shaffof qilindi. Inflyatsion targetlash rejimi va yangi fiskal qoidalar iste’mol narxlari va davlat qarzini nazorat qilib turishga yordam beradi.

Ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash borasidagi ishlar ham jadal sur’atlar bilan amalga oshirildi. Xususan, 2020-yil yanvar oyidan boshlab hukumat ijtimoiy yordam oladigan kam ta’minlangan oilalar sonini ikki baravarga oshirdi va ularga oyoqqa turishiga ko‘maklashmoqda (yordam olgan oilalar 2019-yilda 0,6 million, 2021-yilda 1,2 million va 2022-yil apreliga qadar 1,8 millionni tashkil qilgan). Jahon banki O‘zbekistonga ushbu islohotlarning ko‘pini amalga oshirishda ko‘maklashdi.


So‘nggi yillarda islohotlar kun tartibining yo‘nalishi kengaydi va chuqurlashdi hamda aniq tarmoqlarga e’tibor qaratila boshlandi. Hukumat moliyaviy jihatdan mushkul ahvolga tushib qolgan, ammo barkamol firmalarni restrukturizatsiya qilish, samarali biznes va munosib ish o‘rinlari uchun ajratilgan kapitalni himoya qilish hamda bozor tamoyillariga o‘tishni tezlashtirish uchun yangi to‘lovga layoqatsizlikni hal qilish tizimi joriy qilindi. 2022-yilning iyul oyida ijtimoiy himoya strategiyasi tasdiqlandi. Xususiylashtirish bo‘yicha yangi qonun esa davlat aktivlarini sotish bo‘yicha transformatsion dastur bo‘lishi kutilmoqda. Parlament ayni damda raqobat to‘g‘risidagi muhim qonunni ko‘rib chiqmoqda, bu esa barcha biznes uchun teng sharoitlarni ta’minlash sari tashlangan ulkan qadam bo‘ladi.

Hukumatning 2026-yilgacha qashshoqlikni ikki baravar kamaytirish va 2030-yilga borib yuqori-o‘rta daromadli mamlakat darajasiga erishish kabi katta maqsadlarga erishish uchun islohotlarni kelishilgan holda va barqaror sur’atda olib borish zarur. Bu maqsadlarga erishish uchun kishi boshiga daromad yiliga 9 foizga o‘sishi kerak. Xo‘sh, mamlakat nimalarga e’tibor qaratishi kerak?

Xususiy sektor uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, mahsuldorlik va o‘sishga to‘sqinlik qilayotgan shaxsiy manfaatlar xavfini bartaraf etish uchun hali ko‘p ish qilinishi kerak. O‘zbekiston xalqaro raqobatbardoshligini oshirish uchun faktor bozorlarini (yer, kapital, energiya va xom ashyo, ishchi kuchi kabi bozorlarni) yanada erkinlashtirishi hamda savdo xarajatlarini qisqartirishi kerak. Resurslarning noto‘g‘ri taqsimlanishini bartaraf etish va mehnat unumdorligini oshirish uchun esa narxlarni liberallashtirish, davlat korxonalarini isloh qilish, moliyaviy tizimlarni takomillashtirish va biznes muhitni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash ham juda muhim. Shuningdek, kambag‘al va zaif qatlamlarni o‘tish davridagi xarajatlardan himoya qilish uchun yaxshi rejalashtirilgan ijtimoiy xavfsizlik dasturlariga qo‘shimcha sarmoya yotqizish muhim ahamiyatga ega. Bu o‘zgarishlarning aksariyati murakkab va ayrim fuqarolarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ularni ehtiyotkorlik bilan rejalashtirish va ketma-ket amalga oshirish lozim bo‘ladi.

Maqola muallifining fikri tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi. Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG