Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:49

Jenevada Bayden va Putin uchrashuvi nihoyasiga yetdi (VIDEO)


Jo Bayden va Vladimir Putin-Jeneva, 16 - iyun, 2021
Jo Bayden va Vladimir Putin-Jeneva, 16 - iyun, 2021

Jenevada AQSh va Rossiya prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Putinning uchrashuvi boshlandi. Bu ikki davlat rahbarlarining ayni maqomdagi birinchi uchrashuvidir.

Sammit Jeneva shahridagi tarixiy La Granj villasida bo‘lib o‘tmoqda.

Женевада Байден ва Путин учрашуви бошланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:14 0:00

Mahalliy vaqt bilan 13.25 da boshlangan uchrashuv besh soatga yaqin davom etishi kutiladi.Shundan so‘ng prezidentlar alohida-alohida matbuot anjumanlari o‘tkazadi. Hech qanday hujjat imzolanishi e’lon qilinmagan.

Sammit arafasida Bayden Qo‘shma Shtatlar ziddiyat xohlamayotgani, balki Rossiyaning, Vashington nazarida "xalqaro normalarga javob bermaydigan" amallari tufayli yechim topishga urinayotganini aytdi.

Prezident Bayden Jenevaga 15 - iyun kuni etib borgan, prezident Putin esa 16 - iyun kunning ikinchi yarmida. Rossiya prezidenti xorijiy davlat rahbarlari va siyosatchilar bilan uchrashuvlarga kech qolishi bilan tanilgan, ammo bu safar u vaqtida yetib bordi.

Uchrashuv Vashington va Moskva munosabatlari sovuq urush tugaganidan buyon eng quyi darajaga tushib ketgan vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Bir necha oy oldin Bayden Putin qotil ekaniga ishonishini aytgandi.

Bayden Putin bilan uchrashayotgan to‘rtinchi AQSh prezidentidir. Baydenning matbuot kotibi Oq uy «Rossiya bilan munosabatlarni tiklashni ham, keskinlashtirishni ham xohlamaydi», deb aytgan. Ammo Bayden Rossiya borasida sobiq prezident Donald Trampga nisbatan keskin siyosat olib bormoqda.

АҚШ президенти Байден ва Россия президенти Путин Женевага келди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:39 0:00

Bayden Oq uyga kelganidan beri Rossiyaga qarshi ikki bor iqtisodiy sanksiyalar joriy qildi. Ayni damda AQSh prezidenti qurollarni nazorat qilish bo‘yicha imzolangan New START shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘ldi.

Bayden, shuningdek, «Shimoliy Oqim 2» gaz quvurining qurilishi yakunlanishiga to‘sqinlik qilishdan bosh tortdi. Rossiya gazini Germaniyaga eltishni ko‘zlayotgan quvur Ukrainani tranzit to‘lovlaridan mahrum qiladi.

Rossiyani 21 yildan beri boshqarib kelayotgan Putin uchun sammit «buyuk davlatlar» uchrashuvidir, chunki Rossiya rahbari Sovet Ittifoqi qudratini sog‘ingan va rossiyaliklarga Moskva global ahamiyatga ega bo‘lgan maysalar borasida AQShdek peshqadam ekanini ko‘rsatishni xohlaydi.

Kun tartibiga qurol nazorati, kiberjinoyatchilik va josuslik, iqlim o‘zgarishi hamda COVID-19 pandemiyasi kabi masalalar kiritilgan.

Putin sammit davomida Rossiyada inson huquqlari oyog‘osti qilinayotgani va fuqarolik jamiyatiga bosim o‘tkazilayotganini muhokama qilishni istamasligiga ishora qilgan.

Xususan, Putin o‘zining eng jiddiy siyosiy raqibiga aylangan Navalniyga qarshi suiqasd urinishi haqida gapirishni istamaydi.

Germaniyadagi va xalqaro laboratoriyalar Navalniy Sovet Ittifoqi davrida ishlab chiqilgan va xalqaro shartnoma bilan taqiqlangan kuchli asab agenti bilan zaharlanganini xulosa qilgani, shuningdek, muxolifatchi uydirma ayblovlar bilan qamoqqa uloqtirilgani G‘arbda ko‘pchilikni lol qoldirdi.

Bayden 14 - iyun kuni Bryusselda NATO shtab-kvartirasiga qilgan tashrifi chog‘ida undan bo‘lajak sammit, xususan, Navalniy haqida so‘rashdi.

«Navalniyning o‘limi Rossiyaning asosiy inson huquqlariga rioya qilish niyati oz yoki umuman yo‘qligini yana bir bor tasdiqlagan bo‘lardi», - dedi u.

Bayden uchrashuv chog‘ida Navalniy ishi haqida gap ocha olish-olmasligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

«Siz bizning siyosiy tizimimizni turli yo‘l bilan baholashingiz mumkin», - dedi Putin 4 - iyun kuni bir nechta xalqaro axborot agentligi muharrirlariga.

«Faqat, iltimos, hayotimizning ushbu jabhasini qanday tashkil qilishni o‘zimizga qoldiringlar».

14 - iyun kuni Kremlning tashqi siyosat bo‘yicha yetakchi maslahatchisi Yuriy Ushakov Moskvada jurnalistlarga bergan intervyusida muzokaralar kun tartibida yadroviy barqarorlik, iqlim o‘zgarishi va kiberxavfsizlik kabi masalalar borligini aytdi.

Ammo u sammitdan umidi katta emasligini qo‘shimcha qildi. Ikki taraf odatdagidek qo‘shma matbuot anjumani o‘rniga jurnalistlar bilan alohida-alohida suhbatlashgani Ushakovning so‘zlarini tasdiqlaydi.

«Men biron bir kelishuvga erishilishiga amin emasman», - dedi Ushakov.

«Ko‘ramiz, bilmayman. Men bu uchrashuvga amaliy optimizm bilan qarayman, lekin oshiqcha optimizm bilan emas».

AQSh razvedkasi Rossiyaning Tashqi razvedka xizmati AQShning o‘nlab davlat kompьyuter tizimlariga hujum qilganini da’vo qilgandan keyin, Oq uy uchun kiberxavfsizlik dolzarb masalaga aylangan.

AQShda «tovlamachi dasturlar» yordamida amalga oshirilgan qator kiberhujumlar ham katta xavotir tug‘dirdi. Ushbu hujumlar ortida Rossiyada joylashgan jinoiy guruhlar turgani va Rossiya rasmiylari ularga to‘sqinlik qilmayotgani aytilmoqda.

Putin kiberjinoyatchilarni AQSh topshirishni o‘ylab ko‘rishini, ammo buning uchun Vashington ham shunday qilishi kerakligini aytgan.

Ushakov ikki mamlakatning bir-biri qamoqxonalarida saqlanayotgan fuqarolari taqdiri ham kun tartibiga kiritilganini aytdi. AQSh bir necha oydan beri Rossiyani ikki Amerika fuqarosi – sobiq harbiylar Pol Vilan va Trevor Ridni ozod qilishga chorlab keladi.

Rossiya esa uzoq yillardan beri ko‘plab fuqarosi AQShda qamoqqa olinayotganidan shikoyat qilib keladi.Moskva shikoyatlariga sabab bo‘lganlar orasida qurolfurush Viktor But hamda sobiq uchuvchi Konstantin Yaroshenkolar bor.

Mutaxassislarning aytishicha, ikki rahbar badarg‘a qilingan elchilarni qaytarishga kelishib olishi ehtimoldan xoli emas.

«O‘ylaymanki, ikkala tomon ham to‘planib qolgan chiqindilarni tozalay boshlash vaqti kelganini tushunib turibdi», - deb aytgan Ushakov.

XS
SM
MD
LG